Pulatova Nilufar Ubaydullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Piperidin asosida biologik faol birikmalarni sintez qilish», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/K248.
Ilmiy rahbar: Maksumova Oytura Sitdikovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.04.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mirxamitova Dilorom Xudayberdievna, kimyo fanlari doktori, dotsent; Karimov Mas’ud Ubaydulla o‘g‘li, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: piperidin fragmentli polifunksional birikmalar sintez qilish usullarini ishlab chiqish va fizik-kimyoviy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
past haroratda (-5 S) piperidin va xlorgidrin asosida to‘yinmagan va tarmoqlangan strukturali polifunksional geterotsiklik aminospirt - 1-xlor-3-piperidin-2-propanol olingan;
1-xlor-3-piperidin-2-propanolni akril va metakril kislotasi bilan eterifikatsiya reaksiyasining optimal sharoitlari aniqlanib, reaksiya mexanizmlari asoslangan;
1-xlor-3-piperidin-2-propilakrilat va 1-xlor-3-piperidin-2-propil-metakrilatning radikal polimerlanishida monomer (1,0 va 1,5) va inisiator (0,53 va 0,54) bo‘yicha reaksiya tartibi, faollanish energiyasi (56,7 va 59,8 kJ/mol`) va boshqa kinetik qonuniyatlari aniqlangan;
1-xlor-3-piperidin-2-propilakrilatning choklovchi agentlarsiz radikal polimerlanishidan uchlamchi strukturaga ega gidrogel hosil bo‘lishi asoslangan;
RM-3 dasturida yarim empirik usulda kvant-kimyoviy hisoblashlar orqali sintez qilingan geterotsiklik molekulalarning reaksion markazlari, elektron tuzilishi va energetik xossalari aniqlangan;
poli-1-xlor-3-piperidin-2-propilakrilatning natriy diklofenakga nisbatan biologik faolligi taqqoslanib, nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositalari tarkibiga qo‘shiluvchi samarali analgetik substansiya ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xlorgidrin, to‘yinmagan murakkab efirlar, ularni polimerlanishi bilan chiziqsimon va tarmoqlangan strukturali birikmalar ishlab chiqarish va qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
piperidin fragmentli chiziqsimon tuzilishga ega polimerlar ishlab chiqarishga tashkilot standarti «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (Ts14825224-0015:2019). Natijada, termoplastik polimer mahsulotlari olish imkonini bergan;
poli-1-xlor-3-piperidin-2-propilakrilat olish Farmatsevtika ishlab chiqarish klasteri loyihasining istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2020 yil 13 iyuldagi 14-3060-son ma’lumotnomasi). Natijada, nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositalarini tarkibiga qo‘shiluvchi analgetik ishlab chiqarish imkonini bergan.