Xoliqov Yunus Ortiqovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishning axloqiy masalalari», 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (Etika) (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fal378.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: G‘aybullaev Otabek Muhammadievich, falsafa fanlari doktori, professor. 
Rasmiy opponentlar: Negmatova Shaxzoda Shuhratovna, falsafa fanlari doktori, professor, Isroilov Bektosh Erkinovich, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishning axloqiy masalalariga yangicha yondashuv asosida unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarini aniqlash va uni yuksaltirish yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishning axloqiy asoslariga ta’sir ko‘rsatuvchi milliy madaniyat va milliy mentalitetning sotsiostrukturaviy determinantlari (ijtimoiy muhit, oila, mahalla, jamiyat)ning o‘zgaruvchanligi nazariy jihatdan asoslangan; 
yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatining shakllanishiga ta’sir qiluvchi salbiy (intolerantlik, ommaviy madaniyat, ijtimoiy tarmoqlar, aqidaparastlik) va ijobiy (demokratiya, milliy qadriyatlar, axloqiy normalar) omillar bag‘rikenglikning barqarorlashtiruvchi (ijtimoiy rivojlanish, o‘zaro ta’sir, insonparvarlik)  hamda beqarorlashtiruvchi (zo‘ravonlik, murosasizlik, tajovuz) funksiyalari bilan bog‘liqligi kreativlik tamoyili asosida aniqlangan;
bag‘rikenglik madaniyatining axloqiy xarakteri muloqotga asoslangan bag‘rikenglik madaniyatining zamonaviy modeli (dialog, hamkorlik, murosa) bilan dialektik aloqadorlikda rivojlanishi qiyosiy tahlil vositasida dalillangan;
globallashuv jarayonida ijtimoiy munosabatlar barqarorlashuviga va  yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatini yuksalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi insonparvarlik, adolat, hamkorlik singari ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning o‘ziga xos xususiyati mantiqiy jihatdan asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Tadqiqot natijasida O‘zbekiston yoshlarida bag‘rikenglik madaniyatining rivojlanish jarayonlariga oid ishlab chiqilgan ilmiy natijalar asosida:
yoshlarda bag‘rikenglik madaniyati shakllanishining axloqiy asoslari nazariy jihatdan asoslanganligiga doir taklif va tavsiyalaridan “Milliy g‘oya tarixi va nazariyasi” nomli darslikning “Milliy g‘oyada milliy va diniy bag‘rikenglik tamoyillari” deb nomlanuvchi bobi hamda “Ommaviy madaniyat”ning milliy g‘oyaga zidligi, uning oldini olish shart-sharoitlari, omillari” deb nomlanuvchi boblarini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi №89-03-823-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Milliy g‘oya tarixi va nazariyasi” fani mazmunini takomillashtirish va o‘qitish sifatini oshirishga xizmat qilgan;
yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatining shakllanishiga ta’sir qiluvchi salbiy omillar (ommaviy madaniyat, ijtimoiy tarmoqlar, aqidaparastlik va globallashuvning salbiy oqibatlari) va ijobiy omillar (ta’lim tizimi, milliy qadriyatlar, axloqiy normalar) aniqlanganligiga doir taklif va xulosalaridan Jizzax viloyati “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining “Joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish” mavzusidagi 46-11/50 raqamli amaliy grant loyihasining “Ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni tizimli tahlil etish maqsadida tadqiqotlar o‘tkazish” deb nomlangan 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Jizzax viloyat “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining 2020 yil 7 fevraldagi 6-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarning bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirishda ustuvor ahamiyat berish kerak bo‘lgan vazifalarni aniqlashtirib olishga xizmat qilgan;
yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatining axloqiy xarakteri ochib berilganligiga oid taklif – tavsiyalardan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tomonidan shahar va tumanlarda 2020 yilda o‘tkazilgan “Vatanni asrab-avaylash” va “Buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish” oyligi deb nomlangan tadbirlar ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Kengashining 2020 yil 21 fevraldagi 14-13/735-son ma’lumotnomasi). Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, bag‘rikenglikka bo‘lgan innovatsion tafakkur va axloqiy ongni oshirishga xizmat qilgan;
yoshlar bag‘rikenglik madaniyatining o‘ziga xos spesifikasi va uning shakllanishida globallashuv jarayonlarining ta’siri bo‘yicha nazariy-amaliy taklif va tavsiyalaridan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan “Mahallada tadbirkorlik kuni”, “Yoshlar o‘rtasidagi tarbiyaning muammo va echimlari” deb nomlangan tadbirlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2020 yil 21 fevraldagi 02-03/112-son ma’lumotnomasi). Bu esa, jamiyatda yoshlarda bag‘rikenglik, undagi sog‘lom ma’naviy olam yuksak axloqiy madaniyatni shakllantirish va rivojlantirishdagi taklif va tavsiyalari mahallalar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish