Tursunov Lochin Erkinovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yoshlarda huquqiy va siyosiy madaniyatini shakllantirishning ijtimoiy-falsafiy muammolari», 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (Madaniyat nazariyasi) (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fal300.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: G‘aybullaev Otabek Muhammadievich falsafa fanlari doktori, professor. 
Rasmiy opponentlar: Saidqosimov Akbar Isaxonovich, falsafa fanlari doktori, dotsent, Qoraboev Usmon Hosilovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini barpo etish sharoitida yoshlar huquqiy va siyosiy madaniyatining rivojlanish tendensiyalarini ochib berish, muammolarini aniqlash va istiqboldagi mexanizmlarini ko‘rsatib berishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
huquqiy-siyosiy madaniyat tushunchasining ijtimoiy-kommunikativ xarakteri (vaziyatni etarli darajada tahlil va talqin qilish, bilim resurslarini baholash, huquqiy-siyosiy muloqot) jamiyat taraqqiyot darajasini belgilovchi muhim omillar ekanligi mantiqiy jihatdan asoslangan;
yoshlarning huquqiy-siyosiy madaniyati darajasiga ta’sir qiluvchi salbiy omillar (mentalitetimizdagi qusurlar, siyosiy befarqlik, aqidaparastlik, korrupsiya, urug‘-aymoqchilik va mahalliychilik, globallashuvning salbiy oqibatlari) va ijobiy omillar (ta’lim tizimi, ijtimoiy tarmoqlar, axloqiy normalar)ning klassifikatsiyasi axloqiy kategoriyalar kontekstida aniqlashtirilgan;
yoshlar huquqiy-siyosiy madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari (huquqiy-siyosiy daxldorlik, faollik) shakllanishi va rivojlanishida transformatsion jarayonlar (media tizim, huquqiy-siyosiy targ‘ibot)ni uyg‘unligini ta’minlash zarurligi birlamchi omil ekanligi sotsiometrik usuli vositasida dalillangan;
O‘zbekiston yoshlarida huquqiy-siyosiy madaniyatni shakllantirishning ijtimoiy boshqaruv mexanizmlari (ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, huquqiy va siyosiy ta’limga kreativ yondashuv)ni takomillashtirish zaruriyati falsafaning sabab va oqibat, mohiyat va hodisa kategoriyalari vositasida ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Tadqiqot natijasida yoshlarda huquqiy va siyosiy madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar va takliflar asosida:
huquqiy-siyosiy madaniyat tushunchasining zamonaviy mazmuni ochib berilib, mualliflik ta’rifi, hamda huquqiy-siyosiy madaniyatning ijtimoiy kommunikativ xarakteri asoslanganligiga doir taklif va tavsiyalardan “Milliy g‘oya va millatlararo munosabatlar” nomli o‘quv qo‘llanmaning “Milliy o‘zlikni anglash va milliy g‘ururni o‘sishi demokratik o‘zgarishlarning qonuniy oqibati” deb nomlanuvchi bobining “Milliy madaniyat va milliy o‘zlikni anglashning o‘zaro aloqadorligi” deb nomlanuvchi hamda “Millatni globallashuv tajovuzidan himoya qilishning nazariy-g‘oyaviy asoslari” nomli bobining “Globallashuvning milliy rivojlanishiga o‘tkazayotgan ta’siri va uning oqibatlari” nomli mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 yanvardagi 89-04-209-son ma’lumotnomasi). Bu esa yoshlarda huquqiy va siyosiy madaniyatni yanada rivojlantirishga xizmat qilgan.
yoshlarning huquqiy madaniyati darajasiga ta’sir qiluvchi salbiy omillar (mentalitetimizdagi qusurlar, aqidaparastlik, korrupsiya, urug‘-aymoqchilik va mahalliychilik, globallashuvning salbiy oqibatlari) va ijobiy omillari (ta’lim tizimi, ijtimoiy tarmoqlar, axloqiy normalar)ga oid taklif va tavsiyalardan “Milliy g‘oya tarixi va nazariyasi” nomli darsligining “Inson erkinligi, huquq va manfatlarining milliy g‘oyada aks etishi” nomli 9-bobining “Inson erkinligi, huquq va manfaatlari tushunchasi, uning ma’no-mazmuni” mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2019 yil 11 dekabrdagi 89-06-89-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarda huquqiy va siyosiy madaniyatni rivojlantirishga xizmat kilgan;
yoshlar huquqiy-siyosiy madaniyati o‘ziga xos spesifikasi va uning shakllanishida transformatsion jarayonlarning ta’siriga oid taklif va tavsiyalardan “Milliy g‘oya tarixi va nazariyasi” nomli darsligining “Milliy g‘oyada siyosiy institutlar va mafkuralar xilma xilligi tamoyili” nomli 10-bobining “Siyosiy institutlarda va siyosiy jarayonlarda turli xil fikrlarning erkin ifoda qilinishi” mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2019 yil 11 dekabrdagi 89-06-89-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarni qonunlarga hurmat va yuksak siyosiy madaniyat sohibi sifatida tarbiyalashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston yoshlarida huquqiy va siyosiy madaniyatni shakllantirish mexanizmlari (fuqarolar o‘z o‘zini boshqarish organlarining o‘rni va roli, huquqiy va siyosiy ta’limga kreativ yondashuv)ga oid ilmiy yangiligidan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi tomonidan mahallalarda o‘tkazilgan “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘ulotlar”i dasturi ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02-02/736-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahallalarda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarda huquqiy va siyosiy madaniyatni rivojlantirish, ularni mutasaddi jamoat uyushmalari atrofida birlashtirish, yoshlarni vatanparvarlik va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish