Rasuleva Taxmina Abdualievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ekzogen-konstitusional semizlikda fertil yoshdagi ayollarda reproduktiv tizimi buzilishlarining klinik-genetik jihatlari» 14.00.03 – Endokrinologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Tib331.
Ilmiy rahbar: Najmutdinova Dilorom Kamartdinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Xaydarova Feruza Alimovna, tibbiyot fanlari doktori; Eshimbetova Gul`sara Zakirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ekzogen-konstitusional semizlikda fertil yoshdagi ayollarda buzilgan reproduktiv tizimdagi o‘zgarishlarning klinik va genetik jihatlarini, prognostik ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda genetik polimorfizmga bog‘liq ravishda jinsiy kasalliklarni o‘z vaqtida tashxislash yondashuvlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marta ekzogen – konstitusional semizlik bilan kasallangan tug‘ish yoshidagi ayollarda LEPR leptin reseptori genining Gln223Arg polimorfizmi genotipida GA geterozigot turi reproduktiv buzilishlar bilan bog‘liqligi aniqlangan;
birinchi marta etnik kelib chiqishi o‘zbek ayollarida LEPR leptin reseptori genining Gln223Arg polimorfizmida mutant G-allelning ustunligi ekzogen semizlikning va tug‘ish yoshdagi ayollarda reproduktiv kasalliklar rivojlanishi bilan bog‘liqligi baholangan;
fertil yoshdagi ayollar orasida genetik profilning qiyosiy tahlili saqlanib qolgan fertillik va bepushtlik bilan semirib ketish negizida, mutant gomozigot GG -genotip bepushtlikning rivojlanishida prognostik omil ekanligi isbotlangan;
klinik va genetik o‘zgarishlar o‘rtasidagi korrelyativ bog‘liqlik asosida ekzogen – konstitusional semirish mavjud bo‘lgan fertil yoshdagi ayollarda reproduktiv kasalliklarni prognozlovchi va boshqaruvchi ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ekzogen-konstitusional semizlik bilan tug‘ish yoshidagi ayollar reproduktiv tizimining klinik va genetik jihatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
"Reproduktiv kasalliklarga chalingan tug‘ish yoshidagi ayollarda ekzogen – konstitusional semirishni davolashning zamonaviy yondashuvlari" mavzusida uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligini 2019 yil 8 noyabr` 8n-r/469-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma reproduktiv kasalliklar bilan ekzogen – konstitusional semirishni davolashni muqobillashtirish imkonini bergan.
Ekzogen-konstitusional semizlik negizida reproduktiv kasalliklarga chalingan tug‘ish yoshidagi ayollarni erta tashxislash va prognozlash uchun LEPR leptin reseptori genining Gln223Arg polimorfizm genotipi bilan bog‘liqligini o‘rganish asosida davolash tadbirlari samaradorligini optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent shahar Shayxontohur tuman 48-oilaviy poliklinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 5 noyabr` 8n-z/144-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga tadbiq etilishi, erta tashhislashni, kasallik kechishini bashorat qilish, o‘z vaqtida kelib chiqadigan asoratlarni profilaktikasini optimallashtirishga, hamda bemorlar hayot sifatini yaxshilab, davolash chora-tadbirlarining samarodorligini oshirish imkonini bergan.