Ibrohimov Jamshid Abdug‘ofur o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu264.
Ilmiy rahbar: Zakirova Adina Gulyamnovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Taxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Turg‘unboev Elbek Odiljonovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni differensiatsiya qilish, shu jumladan, terrorizmni moliyalashtirish jinoyatining xususiyatlarini hisobga olgan holda ushbu qilmish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash zarurati asoslantirib berilgan;
biriktirilgan hududda faoliyatini amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bir martalik pul mukofoti tarzidagi iqtisodiy ta’sir choralarini qo‘llashda tegishli hududdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasida (terrorizm) nazarda tutilgan jinoyatlarning sodir etilish holatini faoliyatni baholash mezonlari sifatida belgilash zarurati asoslangan;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha taqdimnoma kiritish orqali ularni mazkur jarayonga keng jalb etish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkinligi isbotlangan;
terrorchilik harakati to‘g‘risida qasddan yolg‘on xabar berish, terrorchilik tashkilotini tashkil etish yoki unga a’zo bo‘lish, terrorizmni oqlash yoki terroristik harakatlar sodir etishga da’vat qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilash zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasida terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni differensiatsiya qilish, shu jumladan, terrorizmni moliyalashtirish jinoyatining xususiyatlarini hisobga olgan holda, ushbu qilmish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilashga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 25 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-405-son Qonunining uchinchi moddasi ettinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 18 fevraldagi 3-son ma’lumotnomasi). Terrorizmni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlikning alohida moddada belgilanishi O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligi normalarining xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishiga xizmat qilgan;
biriktirilgan hududda faoliyatini amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bir martalik pul mukofoti tarzidagi iqtisodiy ta’sir choralarini qo‘llashda tegishli hududdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasida (terrorizm) nazarda tutilgan jinoyatlarning sodir etilish holatini faoliyatni baholash mezonlari sifatida belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 fevraldagi 137-son qarori bilan tasdiqlangan Biriktirilgan hududda faoliyatini amalga oshiruvchi profilaktika inspektorlari va tezkor xodimlarga nisbatan bir martalik pul mukofoti tarzidagi iqtisodiy ta’sir choralarini qo‘llash mezonlarining oltinchi va o‘n uchinchi bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 fevraldagi 12/18-6-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi ichki ishlar organlarining terrorizmga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha taqdimnoma kiritish tartibini joriy etishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 yanvardagi 15-son qarori bilan tasdiqlangan «Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning to‘rtinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 fevraldagi 12/18-6-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi huquqbuzarliklarni, jumladan, terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish amaliyoti samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
terrorchilik harakati to‘g‘risida qasddan yolg‘on xabar berish, terrorchilik tashkilotini tashkil etish yoki unga a’zo bo‘lish, terrorizmni oqlash yoki terroristik harakatlar sodir etishga da’vat qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3723-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida tayyorlangan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasining 192, 193 va 194-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasining 2020 yil 10 sentyabrdagi 27/19-2-20-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni differensiatsiya qilishga, terrorchilik harakati to‘g‘risida qasddan yolg‘on xabar berish, terrorchilik tashkilotini tashkil etish yoki unga a’zo bo‘lish, terrorizmni oqlash yoki terroristik harakatlar sodir etishga da’vat qilishni jinoiy javobgarlik doirasiga kiritish orqali ularga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy vositalarini takomillashtirishga xizmat qilgan.