Murodov Muzaffar Murodovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Sellyuloza saqlovchi xomashyolar asosida kompozision polimer materiallar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /texnika fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 31.03.2016/B2016.1.T105.
Ilmiy maslahatchi: Rahmonberdiev G‘affor Rahmonberdievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, 14.07.2016.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Magrupov Farxod Asadullaevich, texnika fanlari doktori, professor; Sayfutdinov Ramziddin Sayfutdinovich, texnika fanlari doktori, professor; Mirkomilov Shavkat Miromilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida sellyuloza saqlovchi xomashyolar asosida kimyoviy qayta ishlashga yaroqli bo‘lgan kompozision polimer materiallar olish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
terak daraxtidan kimyoviy qayta ishlashga yaroqli bo‘lgan sellyuloza va uning asosida nitrotsellyuloza (kolloksilin) yaratilgan;
topinambur o‘simligining poya qismidan reaksion faol bo‘lgan sellyuloza olish imkoniyatlari ko‘rsatilib, uning asosida karboksimetilsellyuloza hamda atsetatsellyuloza olingan;
to‘qimachilik korxonalarining tolali chiqindilari asosida kimyoviy qayta ishlashga yaroqli bo‘lgan sellyuloza ishlab chiqilgan;
terak daraxti, topinambur o‘simligi poyasi hamda to‘qimachilik korxonalarining tolali chiqindilaridan olingan sellyulozalari asosida texnik karboksimetilsellyulozaning har xil sohalar uchun ishlatiladigan bir nechta markalari yaratilgan;
topinambur o‘simligi sellyulozasi asosida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun yuqori tozalikka ega bo‘lgan KMS olish texnologiyasi yaratilgan;
sanoat miqyosida Na-KMSning bir nechta markalarini «Monoapparat» usulida ishlab chiqarish texnologiyasi yaratilgan;
topinambur o‘simligining poyasi asosida olingan sellyulozalardan sifatli yozuv qog‘ozlari olish texnologiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy xomashyolar asosida kompozision polimer materiallar olish va ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
olingan sellyulozadan karboksimetilsellyuloza (Na-KMS) olishning «Monoapparat» usulida olish texnologiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan
(IAP 04359, 2011). Mazkur ixtiroga patent bir nechta bosqichlarni o‘zida jamlagan yagona jihoz orqali barcha sifat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan Na-KMS olish imkonini beradi;
mahalliy xomashyolardan yuqori molekulyar massaga ega bo‘lgan Na-KMS olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 04989, 2014). Mazkur ixtiroga patent almashinish darajasi asosiy modda miqdori, polimerlanish darajasining yuqoriligi va preparatning ishlatilish sohasini kengaytirish imkonini beradi;
terak yog‘ochi sellyulozasi hamda paxta linti asosida termik destruksiyaga chidamli bo‘lgan Na-KMS olish texnologiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan
(IAP 04359, 2009). Mazkur ixtiroga patent burg‘ilash eritmalarini stabillovchi stabilizator sifatida ishlatilishi turli destruktiv omillarni bartaraf etish imkonini beradi;
topinambur poyasidan olingan sellyuloza asosida «O‘zkimyosanoat» AJ korxonalarida karboksimetilsellyuloza, qog‘oz va qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish joriy etilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2016 yil 10 noyabrdagi 01/3-24/D-son ma’lumotnomasi). Sellyuloza asosida karboksimetilsellyulozani ishlab chiqarish samaradorligi mavjud texnologiyaga nisbatan 18–22% ga ortishiga imkon beradi.