Dadasheva Aqida Abdujabbarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy ijroiya organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini shakllantirish”, 12.00.01 – Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Yu72. 
Ilmiy maslahatchi: Hayitov Xushvaqt Saparbaevich, yuridik fanlar doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.32/30.12.2019.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Muxitdinova Feruyuza Abdurashidovna, yuridik fanlar doktori, professor;  Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Axmedova Muqaddasxon Tursunovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida mahalliy ijroiya organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini shakllantirishning ijtimoiy mohiyati va yuridik tabiatini, ularning echimiga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
mualliflik yondashuvi asosida «davlat shakli» tushunchasi «bu o‘z ichiga davlat boshqaruvi, davlat tuzilishi va siyosiy (davlat) rejimni qamrab oluvchi siyosiy hokimiyatni tashkil etish usullari yig‘indisi» sifatida,   «davlat boshqaruv shakli» tushunchasi esa «bu davlat hokimiyatining oliy organlarini tashkil etilishi va tuzilishini, shuningdek, ushbu organlarning o‘zaro va aholi bilan bo‘lgan munosabatlarini belgilovchi davlat shaklining elementi» sifatida taklif etilgan;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish yuzasidan fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yig‘inlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini; ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining, joylardagi ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini; tegishincha oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotini; tegishli hududda joylashgan tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalariga doir hisobotlarini eshitishni belgilash asoslab berilgan; 
davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini jamoatchilik manfaatiga daxldor axborotni yig‘ish, umumlashtirish va tahlil etish orqali kuzatish jamoatchilik monitoringi ekanligi, jamoatchilik monitoringini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik nazoratining boshqa sub’ektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda o‘tkazishi mumkinligi, jamoatchilik monitoringi ommaviy va ochiq o‘tkazilishi, jamoatchilik monitoringi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham o‘tkazilishi mumkinligi, jamoatchilik monitoringining tashkilotchisi jamoatchilik monitoringining ob’ekti, uni o‘tkazish muddati va tartibi to‘g‘risidagi axborotni oldindan e’lon qilishi kabi qoidalarni belgilash asoslab berilgan; 
jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma shaklida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda yakuniy hujjat tayyorlanishi mumkinligi, yakuniy hujjat axborot va tavsiya xususiyatiga ega bo‘lishi, yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi asoslantirilgan;
mahalliy davlat hokimiyati ijroiya organlari faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ahamiyati ilmiy-nazariy jihatlari davlatda inson, jamiyat, shaxs va jamoa o‘zaro aloqadorligi sifatida nazariyalar ishlab chiqilib, qonunchilikda jamoatchilik nazoratining turli shakllarini qo‘llash va amaliyotda ularning natijalarni tahlil qilish mexanizmlari asoslantirilgan;
davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish kabi jamoatchilik nazorati sub’ektlarining huquqini belgilash asoslab berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik mexanizmini shakllantirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
davlat boshqaruv shakllari tushunchasi va turlarining mazmun mohiyatiga oid takliflar “Davlat va huquq nazariyasi” darsligida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 274-son buyrug‘i, 274-107 raqamli guvohnoma). Ushbu taklifning joriy etilishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlari uchun huquqshunos kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda manba bo‘lib xizmat qilgan; 
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi O‘RQ-474-son «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunining 14-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-06-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar jamoatchilik nazorati natijalarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda hamda O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini kuchaytirishga hissa qo‘shgan;
davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda jamoatchilik monitoringiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi O‘RQ-474-son «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunining 11-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-06-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi jamoatchilik monitoringining asosiy qoidalarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
o‘tkazilgan har qanday jamoatchilik nazorati muayyan natija bilan tugashi bu uning samaradorligini belgilovchi asosiy omil ekanligi to‘g‘risdagi g‘oyalari, shuningdek o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma ko‘rinishidagi yakuniy hujjat tayyorlashning muhimligi asoslangan, ushbu hujjat tegishli organlar kelgusida qaror qabul qilishi uchun asos bo‘lishi va yuridik maqom tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi O‘RQ-474-son «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunining 17-moddasini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 15 noyabrdagi 06/2-06-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi davlat organlari faoliyatining xolisligini va jamoatchilik nazorati sub’ektlari manfaatlari bilan muvozanatini ta’minlashning mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan; 
mahalliy davlat hokimiyati organlarining er uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan er uchastkalarini xususiylashtirish  to‘g‘risida»gi Qonunining 16-moddasini ishlab chiqishda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 14 noyabrdagi 06/2-05-141-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mahalliy davlat hokimiyati organlarining er uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi, keyinchalik elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish maqsadida bo‘sh turgan er uchastkalarini aniqlashi, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga beriladigan er uchastkalarini aniqlash kabi vakolatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shgan;
jamoatchilik nazorati sub’ektlarining huquq va majburiyatlarini belgilashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi O‘RQ-474-son «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunining 15-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, 2020 yil 16 iyundagi 05/1-01-131-son ma’lumotnoma). Ushbu takliflar jamoatchilik nazorati sub’ektlari huquq va manfaatlarining qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish