Mamadiev Bahromjon Bahodirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Musulmon mamlakatlaridagi fatvo markazlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari”, 24.00.03 – Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar446.
Ilmiy rahbar: Islomov Zohid Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, DSc.18.11.2019.I/Tar.94.01.
Rasmiy opponentlar: Munavvarov Zohillo Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor, Yo‘ldoshxo‘jaev Xaydarxon, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: musulmon mamlakatlaridagi fatvo markazlari fatvolarining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bugungi tez o‘zgaruvchan dunyoda fatvo markazlari islom dini bilan bog‘liq masalalar echimida eng ta’sirchan va faol muassasaga aylanganligi ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lib, buning asosiy omillari – islom me’yorlariga mos ravishda muqaddas diniy manbalar, mazhab asoslari, zamon va makon, jamiyatning umumiy manfaatlarini inobatga olgan fatvo chiqarishlari aniqlangan;
jahondagi yirik – Xalqaro islom olami robitasi, Oliy ulamolar kengashi (Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi), Dar al-Ifta (Misr), Deoband (Janubiy Osiyo), Evropa fatvo hay’atlari tomonidan jamoaviy tarzda ishlab chiqilayotgan fatvolar o‘zining kengqamrovligi, ilmiy va amaliy ahamiyatga egaligi, yetakchi olimlarning kelishuvi asosida ishlab chiqilgani bilan yakka tartibdagi ijtihoddan ko‘ra samaraliroq hamda ko‘pchilik musulmonlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilinishiga sabab bo‘layotgani dalillangan;
Saudiya Arabistoni Oliy ulamolar kengashi oila, gender tengligi, xorijlik sayyohlarni mamlakatga keng jalb etish bilan bog‘liq mahalliy urf-odat va an’analarni engillashtiruvchi maxsus fatvolarni ishlab chiqishi bois mamlakatning dunyoga yanada keng integratsiyalashuvi hamda jahon hamjamiyatining Podshohlikka nisbatan ijobiy fikrini oshishiga ta’sir etayotganligi ochib berilgan;
so‘nggi yillarda Misr Fatvo uyining diniy bag‘rikenglik tamoyiliga alohida urg‘u berib, mamlakatning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligiga doir maxsus fatvolar chiqarishi misrlik xristian-qibtiylar va ularning cherkovlariga nisbatan xayrixohlik ortib borishida muhim omil bo‘layotganligi nazariy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Musulmon mamlakatlaridagi fatvo markazlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bugungi tez o‘zgaruvchan dunyoda fatvo markazlari islom dini bilan bog‘liq masalalar echimida eng ta’sirchan va faol muassasaga aylanganligi ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lib, buning asosiy omillari – islom me’yorlariga mos ravishda muqaddas diniy manbalar, mazhab asoslari, zamon va makon, jamiyatning umumiy manfaatlarini inobatga olgan fatvo chiqarishlari bo‘yicha berilgan ilmiy xulosalardan 2019 yil 11 dekabrdan faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-portalidagi “Diniy savollarga javob beruvchi Koll-markaz”ini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 26 oktyabrdagi 1878-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy xarakter berilishning oldini olish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
jahondagi yirik – Xalqaro islom olami robitasi, Oliy ulamolar kengashi (Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi), Dar al-Ifta (Misr), Deoband (Janubiy Osiyo), Evropa fatvo hay’atlari tomonidan jamoaviy tarzda ishlab chiqilayotgan fatvolar o‘zining kengqamrovligi, ilmiy va amaliy ahamiyatga egaligi, yetakchi olimlarning kelishuvi asosida ishlab chiqilgani bilan yakka tartibdagi ijtihoddan ko‘ra samaraliroq hamda ko‘pchilik musulmonlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilinishiga sabab bo‘layotgaligi bo‘yicha berilgan ilmiy xulosalarga asoslanib, buyurtmaga muvofiq diniy ulamolarga ijtimoiy, tibbiy, bank-moliya, ekologiya va oilaviy masalalar bilan bog‘liq muammolar yuzasidan zamonaviy fatvolar berish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilgan. (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 9 apreldagi 02/104-son ma’lumotnomasi). Ushbu qo‘llanma fatvolarning hozirgi kun talablariga mosligini tadqiq etishga doir ilmiy ishlarning dolzarbligini ko‘rsatgan;
Saudiya Arabistoni Oliy ulamolar kengashi oila, gender tengligi, xorijlik sayyohlarni mamlakatga keng jalb etish bilan bog‘liq mahalliy urf-odat va an’analarni engillashtiruvchi maxsus fatvolarni ishlab chiqishi bois mamlakatning dunyoga yanada keng integratsiyalashuvi hamda jahon hamjamiyatining Podshohlikka nisbatan ijobiy fikrini oshishiga ta’sir etayotganligi bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar, oliy diniy ta’lim muassasalar uchun tayyorlangan “Fatvo berish asoslari va fiqhiy qoidalar”, “Zamonaviy masalalarning fiqhiy asoslari” kabi fanlar mazmuniga singdirilgan va ular bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv adabiyotlariga kiritilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020 yil 1 apreldagi 2330-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosalar diniy soha xodimlarining ilmiy salohiyati va malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan;
so‘nggi yillarda Misr Fatvo uyining diniy bag‘rikenglik tamoyiliga alohida urg‘u berib, mamlakatning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligiga doir maxsus fatvolar chiqarishi misrlik xristian-qibtiylar va ularning cherkovlariga nisbatan xayrixohlik ortib borishida muhim omil bo‘layotganligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan “Ramazon tuhfasi” va “Hidoyat sari” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 iyundagi 02-13-668-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ijtimoiy-diniy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi islomdagi olijanoblik, tinchlikparvarlik va insonparvarlik kabi ulug‘ fazilatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashgan.