Karimov Xusniddin Nagimovichning

doktorlik dissertatsiyasihimoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Antropogen o‘zgarishlarga uchragan sug‘oriladigan tuproqlarning agroekologik holati va ularning unumdorligini oshirish», 06.01.04–Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /LA № 0002255/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 18.11.2015/B2015/3-4.Qx214.

Ilmiy maslahatchi: Riskieva Xurshida Tursunovna,qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Andijon qishloq xo‘jalik instituti va Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, 14.07.2016.Qx/V.24.01.

Rasmiy opponentlar: Xoshimov Farxod Hakimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tursunov Xamza Xamdamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Murodov Shuhrat Odilovich, texnika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan tuproqlarda toksik moddalarning miqdori, ularning tuproq muhitiga, ekologik va agrokimyoviy holatiga ta’sirini aniqlash hamda tuproqning o‘z-o‘zini tiklash qobiliyatini oshirish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor tuproq tarkibidagi harakatchan shakldagi zaharli toksik moddalar miqdorining vegetatsiya davrida o‘zgarish qobiliyatiga ega ekanligi va biologik aylanish tizimiga o‘tishi aniqlangan;

tuproqning mexanik tarkibiga bog‘liq holda toksik elementlar tuproq qatlamlarida to‘planishi isbotlangan;

qoldiq xlororganik pestisidlar sizot suv bilan chegaradosh tuproq kesmalarida sizot, sug‘orish, artezian, ichimlik suvlarida, qishloq xo‘jalik ekinlaridan – g‘o‘za va g‘o‘za majmuidagi ekinlarda chegaraviy ruxsat etilgan miqdorlardan oshganligi aniqlangan;

og‘ir metallar va pestisidlarning zaharli ta’sir ko‘rsatadigan miqdori tuproqdagi gumus holatiga bog‘liqligi aniqlangan;

tuproq tarkibidagi qoldiq zaharli og‘ir metallarning ta’sir darajasini kamaytirish uchun mikroorganizmlar, zoofauna va organik moddalarni innokulyasiya qilish orqali tuproqlarning o‘z-o‘zini himoya qilish hamda tozalash qobiliyatini oshirish uslublari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Zarafshon daryosining o‘rta oqimi tuproqlari misolida tuproqning agroekologik holatini yaxshilash borasida olib borilgan tadqiqotlar asosida:

Qashqadaryo viloyatida «Sho‘rtanneftgaz» unitar sho‘’ba korxonasi atrofida (zavoddan 15 km uzoqlikda) joylashgan 20 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 07.10.2016 y., 02/20-3247-son ma’lumotnomasi). Dastlabki tahlil natijalarida tuproq tarkibida toksik moddalardan – xrom, kadmiy, nikel` va qo‘rg‘oshin ruxsat etilgan miqdordan ortib borganligi kuzatilgan. Fitoremidiatsiya tadbirini qo‘llash orqali agrotexnologik formula asosida og‘ir metallarning harakatchan shakllari miqdorining kamayishiga va tuproqning agrokimyoviy holati yaxshilanib, gektaridan 5–6 sentnerdan qo‘shimcha paxta hosili olingan;

Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani «Tursunmurod Abduhalil» fermer xo‘jaligining 5 gektar maydonida maqbul agrotadbirlar olib borilishi natijasida tuproq tarkibidan nikel`, xrom elementlarining ifloslanish darajasi ruxsat etilgan miqdordan kamayishiga erishilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasining 04.11.2016 y. 06-484-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish