Musaev Otabek Qudratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kompetensiyaviy yondashuv asosida pedagogik qobiliyatlar kompleksini takomillashtirish (oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari misolida)», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Ped714.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Ibraimov Xolboy Ibragimovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.01.2020 Ped.02.06.
Rasmiy opponentlar: Olimov Shirinboy Sharopovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Shodiev Rizamat Davronovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining pedagogik qobiliyatlari kompleksini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarida pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirish omillari (shart-sharoit, doimiy muloqot va munosabatlar, hamkorlikdagi faoliyat, o‘z-o‘zini rivojlantirish va baholash) ijtimoiy va kasbiy-pedagogik mezonlarning o‘zaro bog‘liqligini ochib berish asosida aniqlashtirilgan;
interfaol metodlarning pedagogik ta’sirchanlik imkoniyatlari o‘qituvchining pozision harakatlari (boshqaruvchi, ekspert, yo‘naltiruvchi, maslahatchi, tashkilotchi, kuzatuvchi) mazmuni kompetensiyaviy bosqichlashtirish asosida kengaytirilgan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning integrallashgan metodik ta’minoti (reproduktiv, ijodiy-izlanish va novatorlik bosqichlari mazmuni) kompetentlik darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan kvalimetrik parametrlarning prognostik (konstruktiv) xususiyatlariga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning tashkiliy-pedagogik jarayonlari ijodiy faoliyatga yo‘naltirilgan kompetensiyaviy elementlar (integrativ yondashuv, loyihalashtirish, texnologiyalashtirish) uchun topshiriqlar va vaziyatli mashqlar majmuini ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari misolida kompetensiyaviy yondashuv asosida pedagogik qobiliyatlar kompleksini takomillashtirishga doir tadqiqot natijalari asosida:
oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarida pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirish omillari (shart-sharoit, doimiy muloqot va munosabatlar, hamkorlikdagi faoliyat, o‘z-o‘zini rivojlantirish va baholash), ijtimoiy va kasbiy-pedagogik mezonlarning o‘zaro bog‘liqligini ochib berishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan malaka talablari” mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3307-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini rivojlantirish mazmun-mohiyati takomillashtirilib, interfaol ta’lim metodlari va texnologiyalari vositasida ularda pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning integrallashgan metodik ta’minoti, kompetentlik darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan kvalimetrik parametrlarning prognostik (konstruktiv) xususiyatlari, interfaol metodlarning pedagogik ta’sirchanlik imkoniyatlarini kengaytirish, o‘qituvchining pozision harakatlari mazmunini kompetensiyaviy bosqichlashtirishga oid takliflardan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ta’lim muassasalari uchun yaratilgan o‘quv-metodik adabiyotlarni muvofiqlashtirish Kengashi”ning 2016 yil 19 maydagi 5-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “O‘qituvchilarning pedagogik qobiliyatlarini tashhislash va rivojlantirish metodikasi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3307-son ma’lumotnomasi). Metodikaning joriy etilishi o‘qituvchilardagi pedagogik sifatlar va pedagogik qobiliyat, o‘z faoliyatiga nisbatan refleksiv yondashuv ko‘nikmalarini shakllanishiga, pedagog kadrlarda interfaol ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiluvchi zamonaviy kompetensiyalarning o‘zlashtirilishiga xizmat qilgan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning tashkiliy-pedagogik jarayonlarini takomillashtirish, ijodiy faoliyatga yo‘naltirilgan kompetensiyaviy elementlar (integrativ yondashuv, loyihalashtirish, texnologiyalashtirish) uchun topshiriqlar va vaziyatli mashqlar majmuini ishlab chiqishga oid takliflardan 2009-2011 yillarda bajarilgan ITD-1-1-17 raqamli “Uzluksiz ta’lim jarayonida o‘quvchilarda qat’iy tolerantlik dunyoqarashini shakllantirishning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlari” mavzusidagi loyiha doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3307-son ma’lumotnomasi). Mazkur loyiha o‘qituvchilarning o‘quvchilardagi tolerantlik dunyoqarashini shakllantirish, ularda o‘zaro hurmat va do‘stlikka bo‘lgan motivatsiyani oshirishga yo‘naltirilgan pedagogik qobiliyatlarini rivojlantirish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.