Maxkamov Baxtiyor Shuxratovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Globallashuv va iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida uyali aloqa xizmatlarini samarali rivojlantirish», 08.00.05–Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /LA №0000088/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.I113.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, birmartalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxammedov Murod Muxammedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Iminov Toxirjon Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ergashxodjaeva Shaxnoza Djasurovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: globallashuv va iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida milliy uyali aloqa xizmatlarini samarali rivojlantirishning metodologik asoslarini takomillashtirish va uyali aloqa operatorlari raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha taklif-tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keng polosali uyali aloqa tarmoqlarini samarali rivojlantirish, ularni kengaytirish va foydalanishda qulay sharoitlarni yaratish yuzasidan aholi zichligi past bo‘lgan uzoq masofadagi va borish qiyin bo‘lgan hududlarda sifatli va ishonchli uyali aloqa xizmatlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;
uyali aloqa bozorida xizmatlar sifati va raqobatdoshligini oshirish, xizmatlar turini kengaytirish yuzasidan uyali aloqa xizmatlari sohasida virtual operator xizmatlarini (Mobile Virtual Network Operator) tashkil qilish taklifi asoslangan;
uyali aloqa milliy operatori faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tarmoq qamrovini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish, qo‘shimcha xizmatlar va servisni rivojlantirishning samarali mexanizmi ishlab chiqilgan va ular asosida takomillashgan yaxlit tizimi taklif etilgan;
uyali aloqa milliy operatori xizmatlarini rivojlantirish holati va sifatini muntazam baholash maqsadida uyali aloqa operatorini uzoq muddatli (long-term) rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishning takomillashgan uslubiy yondashuvi asoslangan;
uyali aloqa kompaniyalari raqobatdoshligini ifodalovchi asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini umumlashtirgan holda baholash uslubiyati takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Milliy uyali aloqa xizmatlari bozorini samarali rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
keng polosali uyali aloqa tarmoqlarini samarali rivojlantirish, ularni kengaytirish va foydalanishda qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha olingan natijalar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga, xususan, Elektromagnit moslashuv markazi DUK faoliyatiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 17-8/5614-son va EMMM DUKning 2016 yil 27 sentyabrdagi 36-01-09/2181-son ma’lumotnomalari). Tadqiqotda olingan ilmiy natijalarning joriy qilinishi uzoq masofada joylashgan va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida uyali aloqa xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, aloqa operatorlariga aholi zichligi past bo‘lgan uzoq masofadagi va borish qiyin bo‘lgan hududlarni sifatli va ishonchli uyali tarmoq xizmatlari ko‘rsatish bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirish, tushumlarni qo‘shimcha ravishda ko‘paytirish, interaktiv xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi;
virtual operator xizmatlari bozorini tashkil etish yuzasidan olingan natijalar «O‘zbektelekom» AK tizimida virtual uyali aloqa operatori faoliyatini tashkil qilishda foydalanilmoqda (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 17-8/5614-son hamda «O‘zbektelekom» AKning 2016 yil 6 oktyabrdagi 27-01-09/4034-son ma’lumotnomalari). Yangi uyali aloqa operatori turining joriy qilinishi xizmatlar sifatini oshirish, aloqa jarayoniga jalb qilinmagan imkoniyatlardan samarali foydalanish va yangi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish kabilarga imkon yaratadi;
uyali aloqa milliy operatori faoliyatini rivojlantirishni tashkil qilishning samarali mexanizmini tatbiq etishdan olingan natijalar «O‘zbektelekom» AK faoliyatiga joriy qilingan («O‘zbektelekom» AKning 2016 yil 6 oktyabrdagi 27-01-09/4034-son hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 17-8/5614-son ma’lumotnomalari). Ilmiy natijaning joriy qilinishi, jumladan «Uzmobile» operatori uchun uyali aloqa milliy operatori xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, tarmoq qamrovi va sifatini rivojlantirish, mijozlar bilan munosabatlarni (CRM) boshqarish samaradorligini oshirish va abonentlar sonining oshishiga xizmat qiladi;
uyali aloqa operatorining uzoq muddatli (long-term) rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishning takomillashgan uslubiyoti «Uzmobile» uyali aloqa milliy operatori faoliyatiga joriy qilingan («Uzmobile» uyali aloqa milliy operatorining 2016 yil 4 yanvardagi 23-son shartnomasi hamda «O‘zbektelekom» AKning 2016 yil 6 oktyabrdagi 27-01-09/4034-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar milliy operator abonentlarini segmentlash va ularning ehtiyojlarini to‘liq o‘rganish va xizmatlarni takomillashtirishda foydalanilmoqda;
uyali aloqa kompaniyalari raqobatdoshligini ifodalovchi asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini umumlashtirgan holda baholash uslubiyati («O‘zbektelekom» AKning 2016 yil 6 oktyabrdagi 27-01-09/4034-son hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 17-8/5614-son ma’lumotnomalari) operatorlar va vazirlikning tahliliy materiallarini tayyorlashda foydalanilgan.