Doniyorov Toshmamat Omonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Taqirsimon tuproqlar suv-tuz rejimiga kimyoviy meliorantning ta’siri va g‘o‘zani sug‘orish texnikasini takomillashtirish”, 06.01.02 – «Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik» (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Qx495.
Ilmiy rahbar: Avlakulov Meyli, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05.30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Norqulov Usmonqul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Shadmanov Jamoliddin Kazakdjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qarshi cho‘lining o‘rtacha darajada sho‘rlangan, og‘ir mexanik tarkibli o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida g‘o‘zaning sug‘orish texnikasini takomillashtirish, tuproqning suv-tuz tartibiga SPERSAL kimyoviy meliorantining ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
SPERSAL kimyoviy meliorantini qo‘llashning tuproqning suv-fizik xossalariga ta’siri aniqlangan;
turli sug‘orish me’yorlari va SPERSAL kimyoviy meliorantini qo‘llashning tuproq suv-tuz rejimiga ta’siri aniqlangan;
taqirsimon tuproqlar sharoitida g‘o‘za etishtirishda kimyoviy meliorantlarni qo‘llashning suvdan foydalanish samaradorligiga ta’siri aniqlangan;
sug‘orish texnikasi va SPERSAL kimyoviy meliorantini qo‘llashda g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri aniqlangan;
g‘o‘zaning maqbul sug‘orish texnologiyalari va tuproq suv-tuz tartibini rostlash bo‘yicha amalga oshirilgan usullarning iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rtacha sho‘rlangan, og‘ir mexanik tarkibli taqirsimon tuproqlar sharoitida tuproq suv-tuz tartibini rostlash maqsadida qo‘llanilgan SPERSAL kimyoviy meliorantining samaradorligi hamda unga mos keluvchi g‘o‘zaning maqbul sug‘orish me’yorlarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
tadqiqot natijalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha “Qashqadaryo viloyatida yangi kimyoviy preparatlarni qo‘llash orqali tuproq unumdorligini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish bo‘yicha tavsiyanoma” tasdiqlangan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3-dekabrdagi 02/25-4662-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma Qashqadaryo viloyatining qishloq xo‘jalik boshqarmalari va fermer xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
SPERSAL kimyoviy melioranti Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani “Chillabuloq” SIU ga qarashli “Mahmudov Alpomish” fermer xo‘jaligining 5 ga maydonida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3-dekabrdagi 02/25-4662-son ma’lumotnomasi). Natijada SPERSAL preparati qo‘llanilganda tuprok tarkibidagi tuzlarning umumiy miqdori 2,47 martaga, g‘o‘zaning o‘sishi uchun o‘ta zararli hisoblangan tuproq tarkibidagi tuzlardan MgSO4 miqdori 4,0 barobar, NaSO4 miqdori 1,23 barobar va NaCl miqdori 2,61 barobarga kamayganligi laboratoriya tahlili asosida aniqlangan. Hosildorlik nazorat variantiga nisbatan gektariga 6,1 s/ga ortgan, suv sarfi 26,6 m3/s ga kamayib, rentabellik darajasi esa 22,3% ni tashkil etgan;
SPERSAL preparati Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining og‘ir mexanik tarkibli, o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida 2019 yilda “Mirishkor chashmasi” nomli SIU ga qarashli “Umidullaev Shamshodbek” fermer xo‘jaligining “Buxoro-6” g‘o‘za navi ekilgan 6 (olti) gektar maydonida joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3-dekabrdagi 02/25-4662-sonli ma’lumotnomasi). SPERSAL preparati birinchi sug‘orish oldidan gektariga 5 kilogram me’yorda tuproqqa qo‘llanilganda g‘o‘za 4 marta namlik ChDNS ga nisbatan 70-70-60% tartibda 50 foizga oshirilgan me’yorlarda sug‘orish natijada, tuproq tarkibidagi umumiy tuzlar miqdori 2,36 martaga, o‘ta zararli hisoblangan MgSO4 miqdori 3,35 barobar, NaSO4 miqdori,12 barobar va NaCl miqdori 2,45 barobar kamaygani aniqlangan. Hosildorlik nazorat variantiga nisbatan 5,8 s/ga ortdi, suv sarfi 28,5 m3/s ga kamaydi va rentabellik darajasi 23,3% ga etgan. Kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan taqirsimon tuproqlar sharoitida erga 5 kg/ga SPERSAL qo‘llanilib, namlik ChDNSga nisbatan 70-70-60% tartibda 25-50% ga oshirilgan sug‘orish me’yori bilan sug‘orilganda nazorat variantiga nisbatan bitta sug‘orishni tejashga va tuproqdagi tuzlar miqdorini kamaytirishga erishilgan.