Xudayberdiev Zafar Raximovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Innovatsion iqtisodiyotning shakllanishi sharoitida mehnat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirish», 08.00.01 – Iqtisodiyot nazariyasi; 08.00.10 – Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Iqt266. 
Ilmiy maslahatchi: Vaxabov Abduraxim Vasikovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.01.11.
Rasmiy opponentlar: Nabiev El`shod Ganievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Zokirova Nodira Qalandarovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Rasulova Dilfuza Valievna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi innovatsion iqtisodiyotning shakllanishi sharoitida mehnat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli kadrlar tayyorlash uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ishlarini tizimli tashkil etish taklifi asoslangan;
mehnat bozorining amal qilish mexanizmi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida bo‘sh ish o‘rinlarining umummilliy axborot tizimini takomillashtirish, ushbu tizimga ish beruvchilar va yollanuvchilar tomonidan ma’lumot kiritish imkoniyatini yaratish taklif etilgan;
innovatsion vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan ta’minlash byurolari faoliyati davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish taklifi orqali takomillashtirilgan;
milliy malakali kadrlar tayyorlashning istiqbol rejasi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyoji o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmi mehnat bozoridagi ishchi kuchiga bo‘lgan ichki va tashqi talablarni hisobga olish va uyushgan mehnat migratsiyasi tizimining huquqiy-institutsional asosini yaratish orqali takomillashtirilgan;
mehnat bozorini innovatsion boshqarish modeli, integratsiyalashgan ijtimoiy-iqtisodiy klaster tuzilmasini qo‘llash, shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlayotgan mehnatga layoqatli aholi uchun mikroklasterlarni makroklaster tuzilmalariga bog‘lash mexanizmi taklif etilgan;
bo‘shagan o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarining bir qismida o‘zbekistonliklar ko‘p ishlaydigan mamlakatlardagi biznes kompaniyalarning ishchi kadrlar tayyorlaydigan markazlarini tashkil etish orqali hududiy infratuzilma, hududiy tuzilma va yollanuvchilar vakili o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlari takomillashtirilgan;
mehnat bozorining ierarxik modeli va oltita muqobil variantli ssenariylari asosida uning istiqbolini belgilash taklifi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Innovatsion iqtisodiyotning shakllanishi sharoitida mehnat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli kadrlar tayyorlash uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ishlarini tizimli tashkil etish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3856-sonli qarorining 9-bandi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1066-son qarorining 14-bandini tayyorlashda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019 yil 4 iyuldagi 09-14/1264-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yuqori sinf o‘quvchilari uchun o‘qitiladigan «Kasbga o‘qitish» fanining o‘quv dasturi «Mehnat bozorida raqobatbardoshlilikning shaxsiy ko‘nikmalarini rivojlantirish» mavzusi bilan boyitilgan;
mehnat bozorining amal qilish mexanizmi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida bo‘sh ish o‘rinlarining umummilliy axborot tizimini takomillashtirish, ushbu tizimga ish beruvchilar va yollanuvchilar tomonidan ma’lumot kiritish imkoniyatini yaratish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 dekabrdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga doir faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 964-son qarorining 4-bandini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019 yil 4 iyuldagi 09-14/1264-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi aholi bandligiga mutasaddi bo‘lgan davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlarini bo‘sh ish o‘rinlari milliy bazasidan foydalanish ko‘nikmalariga o‘qitishni ta’minlash va mehnatga muhtoj aholi qatlamining ishga joylashish davrini yigirma foizga qisqartirish imkonini yaratgan;
innovatsion vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan ta’minlash byurolari faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi 5-bandini amalga oshirish mexanizmiga kiritildi (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 2 martdagi 01/00-04/2395-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi aholi bandligi borasidagi chora-tadbirlarning samaradorligini hamda bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish imkonini bergan;
milliy malakali kadrlar tayyorlashning istiqbol rejasi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyoji o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmini mehnat bozoridagi ishchi kuchiga bo‘lgan ichki va tashqi talablarni hisobga olish va uyushgan mehnat migratsiyasi tizimining huquqiy-institutsional asosini yaratish orqali takomillashtirish borasidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 oktyabrdagi №O‘RQ-501-sonli «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10–14-moddalarini tayyorlashda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2019 yil 5 iyundagi 04/3-15-62-son ma’lumotnomasi), «2020 yil – Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturining to‘rtinchi yo‘nalishi 4-bandini amalga oshirish mexanizmiga kiritildi, shuningdek «2020-2024 yillarda O‘zbekistonda Inson kapitalini rivojlantirish konsepsiyasi»ni ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 2 martdagi 01/00-04/2395-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini amaliyotda qo‘llash xorijiy mamlakatlarning mehnat bozori kon’yunkturasini o‘rganish asosida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarga axborotlar taqdim etish, xorijda mehnat qilishni xohlayotgan shaxslar haqidagi axborotni ularning roziligi bilan xorijlik ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish va tashqi mehnat migratsiyasi jarayonida qatnashayotgan mehnat bozori sub’ektlarining ijtimoiy himoyalanishiga huquqiy asos yaratgan;
mehnat bozorini innovatsion boshqarish modeli, integratsiyalashgan ijtimoiy-iqtisodiy klaster tuzilmasini qo‘llash, shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlayotgan mehnatga layoqatli aholi uchun mikroklasterlarni makroklaster tuzilmalariga bog‘lash mexanizmini yaratish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2020 yilda «Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli Milliy strategiya»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 2 martdagi 01/00-04/2395-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini amaliyotda qo‘llash aholining o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashida mikroklasterlar faoliyati asosida aholi kambag‘alligini muayyan darajada qisqartirishga asos yaratgan;
bo‘shagan o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarining bir qismida o‘zbekistonliklar ko‘p ishlaydigan mamlakatlardagi biznes kompaniyalarning ishchi kadrlar tayyorlaydigan markazlarini tashkil etish orqali hududiy infratuzilma, hududiy tuzilma va yollanuvchilar vakili o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini takomillashtirish taklifidan bo‘shagan o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarining 30 tasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazishda, ular negizida markazlar faoliyatini tashkil etishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 33-bandini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 2 martdagi 01/00-04/2395-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mamlakat oldida turgan ijtimoiy vazifalarni hal etishda ijtimoiy sheriklik institutini keng joriy etish va uning sub’ektlari tarkibiga biznes tuzilmani kiritish uchun xizmat qilgan;
mehnat bozorining ierarxik modeli va oltita muqobil variantli ssenariylari asosida uning istiqbolini belgilash taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 220-bandini tayyorlashda, 2020 yilda «Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli Milliy strategiya»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 2 martdagi 01/00-04/2395-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari filiallari va qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, oliy ma’lumotlilar sonini ko‘paytirish asosida mehnat bozorida taklif etilayotgan ish o‘rinlari tarkibida oliy ma’lumotlilar salmog‘ini oshirish imkonini yaratgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish