Toshpo‘latov Azamat Mehmonalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Morfologik vositalarning pragmatik aspekti», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B 2020.2. PhD/Fil 1204.
Ilmiy rahbar: Shahobiddinova Shohida Hoshimovna filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Mirzohidova Muyassar Inamjanovna, filologiya fanlari doktori, professor; Nurmonova Dilfuza Abdulhamidovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: tilning morfologik strukturasida pragmatik jarayonning o‘ziga xos o‘rnini belgilash, fe’l turkumi doirasida va uning turli kategoriyalari misolida uning amal qilish tabiatini ochish, shu asosda morfopragmatikaning nutqiy universal – geterogen hodisa ekanligini ko‘rsatish, pragmastilistik sath doirasida morfologik belgili birliklarning imkoniyat darajasini belgilash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
olamning lisoniy manzarasi va til qurilishi tilning morfologik tipi bilan bog‘liqligi ochib berilgan, o‘zbek tilining sintetik tabiati uning pragmatik tavsifida aynan morfologik shakllar yetakchiligini shartlashi fe’l so‘z turkumi misolida isbotlangan;
fe’llar pragmastilistik talqin asosida tadqiq qilinishi asnosida fe’l so‘z turkumidan anglashiladigan pragmatik xususiyatlar misollar yordamida oydinlashtirilgan, fe’l so‘z turkumi doirasida presuppozisiyaning vujudga kelishi aniqlashtirilgan, fe’l shakllari transpozisiyasining pragmatik va stilistik imkoniyatlari tahlil qilingan;
fe’lning grammatik kategoriyalari doirasida pragmatik ma’nolar tahlil qilingan: harakat tarzi fe’llarining pragmastilistik imkoniyatlari misollar asosida dalillangan va shaxs-son kategoriyasi doirasida ilk bor morfonologik hodisalar kuzatilgan;
XXI asrga kelib, so‘zlashuv uslubining ham yozma shakli paydo bo‘lganligi, fe’llarda slenglashuv hodisasi ilk bor tadqiq qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Morfologik vositalarning pragmatik aspekti tadqiqoti bo‘yicha ilmiy natijalari asosida:
o‘zbek tilida pragmatik tus beruvchi morfologik vositalarning o‘ziga xosliklarini aniqlash, nutqning turli ko‘rinishlarida tusni yuzaga chiqaruvchi vositalarning o‘ziga xos jihatlari, nutqni tashkillashtirish hamda tushunishda pragmatikaning o‘rnini aniqlash va baholash, muloqotning kommunikativ samaradorligini ta’minlash borasidagi qarashlarni shakllantirishga oid ilmiy xulosalardan Andijon davlat universitetida 2012-2014 yillarda bajarilgan ITD-1-57 raqamli “O‘zbek tilining tatbiqiy yo‘nalishlarini amalga oshirishning dasturini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 avgustdagi 89-03-2748-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida ko‘rsatilgan amaliy loyiha o‘zbek tili morfologik vositalarining pragmatik jihatlariga oid xulosalar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilida pragmatika ifodalovchi morfologik vositalar orqali nutq psixolingvistik tusining o‘zgarishidagi o‘ziga xosliklarni aniqlash, tilning morfologik sathiga mansub gap vositalarning o‘ziga xos pragmatik jihatlarining nutqni yaratish va qabul qilishga ta’sirini baholash, turli tabaqa vakillarining nutqning psixologik tusini shakllantirishdagi morfologik vositalardan foydalanishdagi o‘ziga xos jihatlarini aniqlashga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Andijon davlat universitetida 2015-2017 yillarda bajarilgan A-1-39 raqamli “O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 avgustdagi 89-03-2748-son ma’lumotnomasi). Natijada oliy ta’lim tizimida pragmalingvistik va psixolingvistik tahlildan foydalanish borasidagi tavsiyalar yuzaga kelgan;
ommaviy axborot vositalarida morfologik vositalarning pragmalingvistik jihatlari haqidagi xulosalardan Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi “Farg‘ona MTRK”sining “Online leksiya” teledasturida 2020 yil 18 may va 21 may kunlari efirga uzatilgan ko‘rsatuvni tayyorlashda (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 18 iyundagi 143-son ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Natijada ushbu teleko‘rsatuv materiallari mazmunan boyitilgan.