Halimova Gulshan Subhonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Past tog‘lar suv resurslari shakllanishining tabiiy geografik omillari va ulardan samarali foydalanish masalalari (Quljuqtov tizmasi misolida)», 11.00.01 – Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Gr14.
Ilmiy rahbar: Hikmatov Fazliddin Hikmatovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti,
DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: Rahmatullaev Arzimurad, geografiya fanlari doktori;  Ibragimova Ra’no Alimboevna, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Seysmologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: past tog‘lar yuza suvlarining shakllanishiga tabiiy geografik omillar ta’sirini va havza geosistemalarida shakllanadigan suv resurslarini Quljuqtov tizmasi misolida baholash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
past tog‘lar yonbag‘irlarida vaqtinchalik yuza oqim shakllanishiga ta’sir etadigan asosiy tabiiy geografik omillar (er yuzasi litologiyasi, yog‘inlarning yog‘ish mavsumi, turi, jadalligi, davomiyligi) Quljuqtov misolida aniqlangan; 
Quljuqtov tizmasi yonbag‘irlari havza geosistemalarining suv resurslari hosil bo‘lishini belgilovchi asosiy omil - atmosfera yog‘inlari gradientining (mm/100m) balandlik zonalari bo‘yicha o‘zgarishi aniqlangan;
Quljuqtov tizmasi janubiy yonbag‘irlaridagi vaqtinchalik oqimga ega bo‘lgan soylar havzalarining elektron kartasi GAT texnologiyasining SWAT modeli ArcGIS dasturining ArcSWAT instrumentini qo‘llash asosida yaratilgan;
Quljuqtov tizmasi havza geosistemalarining suv resurslari, jumladan, suv sarfi (m3/s), oqim hajmi (m3) va oqim qatlami (mm) miqdoriy baholangan va ularning yil davomida oylar, fasllar bo‘yicha taqsimlanishi mutlaq (m3) va nisbiy qiymatlarda aniqlangan;
hududda suv resurslaridan ichimlik suv ta’minoti, chorvachilik, yaylovlarni suvlantirish, fitomelioratsiya va rekreatsiya maqsadlarida foydalanish uchun kichik suv omborlarini qurish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Past tog‘lar suv resurslari shakllanishining tabiiy geografik omillarini aniqlash va ularni Quljuqtov tizmasi misolida miqdoriy baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
past tog‘lar yonbag‘irlarida yuza oqim shakllanishini belgilovchi asosiy tabiiy geografik omillarni aniqlash natijalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida cho‘l zonalarida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 7 iyuldagi 01-02/8-1067-son ma’lumotnomasi). Natijada, suv ta’minoti o‘ta tig‘iz bo‘lgan cho‘l zonalarida ekologik vaziyatni yumshatishning qo‘shimcha imkoniyatlari yaratilgan;
atmosfera yog‘inlarining balandlik bo‘yicha ortib borishi xususiyatlarini aniqlash natijalari asosida yaratilgan “Quljuqtov tizmasi janubiy yonbag‘irlarida atmosfera yog‘inlarining balandlik zonalari bo‘yicha taqsimlanishi” kartasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 16 martdagi 02-02-1825-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu kartadan foydalanib, O‘zbekistonning cho‘l hududlarida joylashgan Quljuqtov kabi past tog‘lar yonbag‘irlariga yog‘adigan atmosfera yog‘inlari miqdorini aniqlash imkoniyati yaratilgan; 
past tog‘larda atmosfera yog‘inlarining balandlik zonalari bo‘yicha miqdoriy taqsimlanishini aniqlash natijalari Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida O‘zbekiston Milliy atlasining “Er usti suvlari” bo‘limiga kiritilgan va “Daryolarning to‘yinish manbalari” kartasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 16 martdagi 02-02-1825-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur kartadan foydalanib, O‘zbekistonning past tog‘lari yonbag‘irlarida hosil bo‘ladigan vaqtinchalik suv oqimlarini miqdoriy baholash, to‘plash va ulardan inson hayot faoliyatining turli sohalarida samarali foydalanishning qo‘shimcha imkoniyatlari yaratilgan;
Quljuqtov tizmasi janubiy yonbag‘irlarida vaqtinchalik oqimga ega bo‘lgan soylar havzalarining GATning SWAT modeli yordamida, ArcGIS dasturining ArcSWAT instrumentini qo‘llash asosida yaratilgan elektron kartasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 16 martdagi 02-02-1825-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur innovatsion yondashuvni qo‘llash tufayli past tog‘lar gidrografik tarmoqlarining morfometrik ko‘rsatkichlarini GAT texnologiyalarini qo‘llash asosida aniqlash imkoniyatlari orttirilgan;
Quljuqtov tizmasi kabi past tog‘lar suv resurslarini, jumladan, suv sarfi, oqim hajmini miqdoriy baholash natijalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida fitomeliorativ tadbirlarni qo‘llab ekologik vaziyatni yaxshilashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 7 iyuldagi 01-02/8-1067-son ma’lumotnomasi). Natijada hududdagi tizma landshaftlarining, havza geosistemalarining mahalliy suv resurslaridan ichimlik suv ta’minoti, chorvachilik, fitomelioratsiya va rekreatsiya maqsadlarida foydalanishning qo‘shimcha imkoniyatlari yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish