Isakdjanov Ramzjon Raximdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ibn Sino teologik ta’limotida gnoseologik tamoyillar”, 07.00.04 – Dinshunoslik
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/ Tar233
Ilmiy rahbar: Madaeva Shahnoza Omonullaevna,falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc 35/30.12.2019. Isl/Tar 57.01
Rasmiy opponentlar: Qodirqul Ro‘zmat o‘g‘li Ro‘zmatzoda, falsafa fanlari doktori. Bekmirzaev Ilhom Isroiljonovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ibn Sino teologik ta’limoti misolida ratsional gnoseologik tamoyillarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Arastu talqinidagi olamlarni yaratuvchi – “Birinchi harakatlantiruvchi kuch” (Birinchi dvigatel) faqat yaratish bilan cheklanib, borliqning harakatiga aralashmasligi va Ibn Sino talqinidagi Vojib al vujud (mavjudligi zarur bo‘lgan) bo‘lgan Zot olamni doimo harakatga keltiruvchi ekanligi haqidagi qarashlar ochib berilgan;
ilohiyot bo‘yicha xristianlik falsafiy qarashlari shakllanishida evropalik ilohiyotchi va faylasuflarning yunonlar talqinidagi emas, balki Ibn Sino tomonidan ilgari surilib, yakkaxudolik ta’limotlariga mos bo‘lgan “Xudo”ni qabul qilganliklari hamda Ibn Sino falsafasida Iloh haqidagi tasavvurlar Evropa xristianligiga yaqinroq ekanligi isbotlab berilgan;
Ibn Sino “Ixlos” surasiga yozgan tafsiri panteizmga oid tafsir sifatida e’tirof etilishi aniqlangan hamda “Huviyyat” tushunchasi negizida Allohning barcha kuch-qudrati yashiringan ekanligi ochib berilgan;
Ibn Sinoning teologik qarashlarida din bilan falsafa haqiqatni topishga intilishi jihatidan bir-biriga zid emasligi, aksincha, bir-birini to‘ldirishi, diniy ta’limotlardagi Iloh haqiqatini aql va mantiq asosida ham bilish mumkinligi, shu jihatdan din va falsafa bir-biri bilan uyg‘unlashishi mumkinligi isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ibn Sino falsafiy ta’limoti misolida ratsional gnoseologik masalalarni har tomonlama falsafiy-ilmiy tahlil etish, xususan, alloma talqinidagi yakkaxudolik ta’limotlariga moslashtirilgan Vojib al vujud ta’limotini yoritishdagi tadqiqot natijalaridan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy-madaniy jamoatchilikni keng xabardor etish uchun “Islom falsafasi” qo‘llanmasi tayyorlangan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2019 yil 25 oktyabrdagi 02-401-son dalolatnomasi). Natijada, markazda tashkil etilgan metodik o‘qishlarda Ibn Sino teologik ta’limoti haqida imomlarda ma’lumot shakllantirilgan;
Ibn Sino ilohiyotining Evropa olimlari qarashlariga ta’siri “X-XI asr Markaziy Osiyo falsafasida Ibn Sino ta’limotining tutgan o‘rni va uning tarixiy, falsafiy ildizlari” deb nomlangan bobidagi ma’lumotlari asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutaxassislari bilan hamkorligida buyurtma asosida tayyorlangan “Sharq va G‘arb ilmiy-falsafiy tafakkurining o‘zaro ta’siri tarixiga nazar”, “Sharq renessansi davri allomalari va mutafakkirlari asarlarining ilmiy-falsafiy va badiiy-lingvistik tadqiqi” nomli kitob chop etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2019 yil 12 oktyabrdagi 5640-son ma’lumotnomasi). Natijada, nazariy fikr va xulosalarning qo‘llanilishi o‘sib kelayotgan yosh avlodda toqatlilik va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan ta’lim va tarbiya texnologiyalarini takomillashtirishga ko‘maklashgan;
Ibn Sino panteizmiga oid “Huviyyat” tushunchasi haqidagi ma’lumotlardan buyurtma asosida “O‘zbekiston falsafasi tarixi” kitobini nashrga tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 15 oktyabrdagi 02/09-1408-son ma’lumotnomasi). Natijada, kitob tayyorlanib, unda mazkur ilmiy-nazariy g‘oyalarning joriy etilishi talaba yoshlarda ezgu va buzg‘unchi g‘oyalarni farqlash malakasini oshirishga ta’sir etgan;
Din va falsafa sintezi muammosiga echim topishda Ibn Sino ta’limotlari asosida tadqiq qilinishi va diniy haqiqatlarni ratsional tafakkur orqali anglashda Ibn Sino yondashuvlariga doir nazariy-metodologik tavsiyalaridan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyurtma asosida “Buyuk Termiziylar” kitoblar to‘plamini tayyorlashda foydalanilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 26 sentyabrdagi 152-son ma’lumotnomasi). Natijda, mazkur nazariy fikr va xulosalar ajdodlarimiz falsafiy merosini o‘rganish va yoshlar ongida din va falsafa uyg‘unligi tushunchasini shakllantirishda xizmat qilgan.