Xamraqulova Shoxista Shamshidinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qozog‘istondagi o‘zbeklarning respublika fan va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi (1925-2015 yy)», 07.00.03 – Jahon tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Tar556.
Ilmiy rahbar: Axmedov Ashraf, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Farmonov Raxmon, tarix fanlari doktori, professor; Shadmanova Sanobar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qozog‘istondagi o‘zbeklarning respublika fan va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qozog‘iston Respublikasida yashovchi o‘zbeklarning “diaspora” emas, balki irredentlar bo‘lib, ularning tarixiy ildizlari uzoq asrlarga borib taqaluvchi mahalliy aholi ekanligi ilmiy asoslangan;
tibbiyot sohasida o‘zbek olimlari tomonidan Qozog‘istonda yurak plastik operatsiyasiga asos solingani hamda tug‘ma yurak xastaligi (porok)ni poliklinika sharoitida davolash usuli ishlab chiqilganligi va bu usul Qozog‘istonda keng tatbiq etilgani ochib berilgan;
nerv tolalari, bosh va orqa miyada muvaffaqiyatli mikroxirurgik operatsiyalar o‘tkazib, respublikada mikroxirurgik neyroxirurgiyaga asos solingani aniqlangan;
oshqozon-ichak trakti, ko‘krak osti organlari va kichik toz kasallanish hollarida davolash operatsiyalarining yangicha usullari joriy etilgani, Qozog‘istonda birinchilardan bo‘lib, peshob yo‘li, yo‘g‘on ichak, qizilo‘ngach raki, qovuq shishida soniyali – tezkor operatsiyalarni samarali yo‘lga qo‘yilganligi ko‘rsatib berilgan;
aniq va tabiiy fanlar sohasida etnik o‘zbek olimlari Qozog‘istonda shirinmiya o‘simligi ildizi asosida yallig‘lanishga qarshi yuksak samarali «Gliderinin» fitopreparatini, gepatit xastaligida immun tizimini yaxshilash va boshqa kasalliklarda ishlatiladigan «Ruvimin» dorisini ishlab chiqarganlari; qishloq xo‘jaligida «Turkiston-2» urug‘ navi va «Nur-1» yangi g‘o‘za navlarini; chorvachilikda qorako‘lcha ishlab chiqarishda 5 ta kashfiyotni amalga oshirganliklari ilmiy dalillanib, ular Qozog‘istonda farmatsevtika, paxtachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirishga xizmat qilgani ochib berilgan;
o‘zbek olimlari Qozog‘iston (Boyqo‘ng‘ir)dagi kosmik kemalar parvozi uchun dosh bera oladigan maydon qoplamasini hamda silikatlar texnologiyasi bo‘yicha tog‘ jinslari va sanoat chiqindilaridan shisha kristallarini ishlab chiqarish uchun nazariy asos yaratganlari aniqlangan;
o‘zbek milliy madaniyat markazining va ikkita milliy teatrning faoliyati, 12 nomdagi gazeta-jurnallar, 10 ga yaqin ijodiy uyushmalarning adabiy muhit rivojiga hamda shoir, yozuvchi, tarjimonlarning o‘z ijod namunalari bilan o‘zbek-qozoq do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qozog‘istondagi o‘zbeklarning respublika fan va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Qozog‘istonda fanning turli sohalari taraqqiyotida respublikadagi etnik o‘zbek olimlarining ilmiy izlanishlari natijalari va ilmiy tadqiqotlarining ahamiyati to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan Samarqand muzey-qo‘riqxonasi tizimidagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan «Qozog‘iston manzaralari» mavzuidagi ekspozisiyada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 3 avgustdagi 01-12-10-3290-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qozog‘istondagi ilm-fan taraqqiyotida etnik o‘zbek olimlarining tutgan o‘rnini ishtirokchilarga tushuntirishda yangi bilimlar manbai shakllanishiga xizmat qilgan;
Qozog‘istondagi etnik o‘zbeklarning hayotida milliy madaniyat markazlarining, ayniqsa, o‘zbek milliy teatrining tutgan o‘rni va uning ahamiyati to‘g‘risidagi ilmiy ma’lumotlardan Samarqand viloyat musiqali drama teatrida Chimkent shahar o‘zbek drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan «Qashqir uligan tun» spektaklida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 8 sentyabrdagi 01-12-06-3391-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlarda Qozog‘istondagi o‘zbeklar va o‘zbek milliy teatrining faoliyati to‘g‘risida yangi bilimlar manbai shakllanishi barobarida, 2017-2021 yillarda «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilgan;
o‘zbek-qozoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamashda Qozog‘istondagi o‘zbek adiblari, tarjimonlari va ijodkorlarining o‘rni muhimligi bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining «Samarqand sadosi» dasturidagi «Do‘st bilan obod uying» eshittirishida foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 20 apreldagi 09-02/172-son ma’lumotnomasi). Natijada, ikki qardosh xalq o‘rasidagi madaniy aloqalarning kuchayishi, do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga, tinch-totuv qo‘shnichilik aloqalariga xizmat qilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aholi keng qatlamiga etkazishda qo‘shimcha ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qilgan.