Kurbanov Ibragimning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorazm viloyati sharoitida tut qalamchasidan navdor tut ko‘chatlarini etishtirish va buta tutzorlar yaratishning ilmiy asoslari», 06.02.04- Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx593.
Ilmiy rahbar: Bekkamov Chorshanbi Ismailovich, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaeva Dilorom Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jumaniyozov Mansur Shomurodovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xo‘jalik qimmatli belgilari yuqori bo‘lgan sovuqqa chidamli tut navlaridan foydalangan holda Xorazm viloyati sharoitiga mos navlarni tanlash, ularni qalamchasidan ko‘paytirish orqali navdor ko‘chatlarni etishtirish va buta tutzorlar tashkil etishning samarali usullarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tutning “O‘zbekiston” va “Pioner” navlarini respublikamizning shimoliy viloyatlarida qalamchadan ko‘paytirishning barg hosildorligiga ta’siri aniqlangan;
ekstremal sharoitda navdor tut navlarining qalamchalarini biologik xususiyatlarining ildiz olishiga ta’siri aniqlangan;
yangi yaratilgan navdor tutlarning ildiz olishiga ekish usuli va tuproq unumdorligining ta’siri aniqlangan;
onalik tutzor novdasining turli joylaridan halqalangan novdalarini ildiz o‘sishiga moyil qismini olish samarali ekanligi isbotlangan;
ekstremal sharoitda qalamchadan ko‘chat etishtirishda tuproq tarkibi va havo haroratining me’yoriy ko‘rsatkichi aniqlangan;
respublikamizning Xorazm viloyati sharoitida navdor onalik tutzorlardan qalamcha tayyorlash usuli va muddatlarini belgilash asosida navdor tut ko‘chatlari va intensiv tipdagi buta tutzorlar yaratishning iqtisodiy samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm viloyati sharoitida tut qalamchasidan navdor tut ko‘chatlari etishtirish va buta tutzorlar yaratishning ilmiy asoslari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
tut daraxtlarining “Pioner” va “O‘zbekiston” navlarini halqalangan qalamchasidan ko‘paytirish natijasida Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi “Rahmon-Beshikchi” fermer xo‘jaligidagi jami 0,20 gektar maydonda halqalangan qalamchalar orqali 1000 dona sifatli navdor tut ko‘chatlari etishtirish joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyundagi 02/028-1683-son ma’lumotnomasi). Natijada 0,20 gektar tutzordan qo‘shimcha 600 kg ozuqabop tut bargi etishtirilganda, qo‘shimcha daromad 1500000 so‘m bo‘lib, iqtisodiy samaradorlikni 18 foizga oshirishga erishilgan;
tut daraxtining “Pioner” va “O‘zbekiston” navlarini halqalangan qalamchalari orqali ko‘paytirish asosida Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi “Javohirbek-Umrbek” fermer xo‘jaligida navdor tut ko‘chatidan jami 0,30 gektar maydonda maxsus buta tutzorlar barpo etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyundagi 02/028-1683-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 0,30 gektar tutzordan 2400 kg qo‘shimcha to‘yimli tut bargi hosili olishga erishilib, qo‘shiimcha daromad 1200000 so‘mni tashkil qilgan va iqtisodiy samaradorlik 22 foizga oshgan;
Xorazm viloyati Bog‘ot “Agro-Pilla” ma’suliyati cheklangan jamiyati balansida bo‘lgan 0,50 gektar maydonida tutning serhosil “Pioner” va “O‘zbekiston” tut navlarining halqalangan qalamchalaridan maxsus ozuqa beruvchi buta tutzor barpo etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyundagi 02/028-1683-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi tashkil etilgan buta tutzordan qiyoslovchi navga nisbatan 5500 kg yoki 20 foiz ko‘p tut bargi hosili olingan bo‘lib, unda iqtisodiy samaradorlik 2750000 so‘mni tashkil etgan.