Saitqulov Qodirali Abdisalimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar viktimologik profilaktikasi bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi; 12.00.14. – Huquqbuzarliklar profilaktikasi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash. Probatsiya faoliyati (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu158.
Ilmiy raxbarlar: Muxtorov Jo‘rabek Sayidqulovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent; Yuldashev Djaxongir Xayitovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: O‘razaliev Murod Qoraevich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Karimov Xurshid Akramovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar viktimologik profilaktikasi bo‘yicha faoliyatini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
amaldagi qonunchilikda huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalarning maqomi va maqsadini, shuningdek ularni tuzish huquqiga ega sub’ektlar doirasini belgilashning zarurati hamda afzalliklari asoslangan;
huquqbuzarlikdan jabrlangan yoki jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarning ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishini tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi shaxsning huquqlari qatoriga kiritish, shuningdek bunday toifadagi shaxslarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash asoslarini belgilashga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi isbotlangan;
qonun hujjatlarida fuqarolarni tahdid va tajovuzlardan himoya qilish, jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlikdan jabrlangan shaxslarga zarur yordam ko‘rsatish choralarini amalga oshirishni ichki ishlar organlarining majburiyati sifatida belgilash zarurati asoslangan;
ichki ishlar organlarida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning hisobini yuritish maqsadida ularning shaxsiga doir ma’lumotlarni huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan hisob kartochkalari orqali avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasiga kiritish tartibini joriy etish zarurati va afzalliklari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar viktimologik profilaktikasi bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
amaldagi qonunchilikda huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalarning maqomi va maqsadini, shuningdek ularni tuzish tartibi va bunday huquqqa ega sub’ektlar doirasini belgilashga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 maydagi «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi O‘RQ-371-son qonunining 45-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 19 sentyabrdagi 06/1-05/3291 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi huquqbuzarliklar viktimologik profilaktikasi chora-tadbirlari tizimining takomillashuviga xizmat qilgan;
huquqbuzarlikdan jabrlangan yoki jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarning ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishini tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi shaxsning huquqlari qatoriga kiritish, bunday toifadagi shaxslarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash asoslarini belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘RQ-561-son qonunining 4 va 19-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2020 yil 27 fevraldagi 05/1-471 vx-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi ichki ishlar organlari tomonidan oiladagi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilgan;
fuqarolarni tahdid va tajovuzlardan himoya qilish, jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlikdan jabrlangan shaxslarga zarur yordam ko‘rsatish choralarini amalga oshirishni ichki ishlar organlarining majburiyati sifatida belgilashga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrdagi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi O‘RQ-407-son qonunining 16 va 28-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 19 sentyabrdagi 06/1-05/3291 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning ichki ishlar organlari tomonidan aholini tahdid va tajovuzlardan himoya qilish, huquqbuzarlikdan jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatishga doir chora-tadbirlarni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning hisobini yuritish maqsadida ularning shaxsiga doir ma’lumotlarni huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan hisob kartochkalari orqali avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasiga kiritish tartibini joriy etishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 25 avgustdagi 191-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 94 va 95-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2020 yil 25 martdagi 26/766-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar viktimologik profilaktikasi samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish