Eshmatova Yulduz Boymaxmatovnaning fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Istiqlol davri o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyatining badiiy talqini», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2. PhD/Fil138.
Ilmiy rahbar: Mirqosimova Marg‘uba Mirqobilovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Jumanazarov Umrzoq Abdurazzoqovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: istiqlol davri o‘zbek qissachiligida ayol psixologiyasining xilma-xil badiiy talqinlari, yozuvchi badiiy mahorati, yangicha ruhiy tahlil vositalarini tashkil qilgan xususiyatlar tizimini ilmiy jihatdan asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
istiqlol davri qissachiligida yangi tipdagi ayol obrazini sistemali klassifikatsiyalash, yangicha ifoda va bayon uslubini yaratish kabi masalalar misollar asosida dalillangan;
qissanavis yaratgan ayol obrazi tabiati, prototipi masalasi, portret yaratish mahorati, nutqidagi individuallik hamda noan’anaviy tasvirdagi o‘zbek ayolini gavdalantirgani badiiy vositalar orqali aniqlangan;
istiqlol davridagi qissalarda kayvoni o‘zbek onaxoni, qasoskor ayol timsolini mifologik ramziylik konseptida ifodalash, botiniy iztirob va mag‘lubiyatda ayolning ma’naviy yuksalish hamda g‘alabasini badiiy aks ettirgani asoslab berilgan;
jinoyatchi, qotilga aylangan xilqat psixologiyasida tasodifiylik tufayli yuzaga kelgan ayollar ruhiy tebranishlari poetik jihatdan ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Istiqlol davri o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyati tadqiqi bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
rus-evropa va o‘zbek adabiyotshunosligida psixologik tasvirning adabiyotshunoslar tomonidan o‘rganilishi tarixi, hozirgi o‘zbek qissachiligida faol qalam tebratayotgan X.Do‘stmuhammad, Sh.Bo‘taev, A.Yo‘ldosh, S.O‘nar singari nosirlar ijodidagi ayol obrazi talqiniga oid ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-GO40 raqamli “O‘zbek adabiyotshunosligi qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir” (2012-2016 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1316-son ma’lumotnomasi). Natijada yozuvchilar tomonidan ruhiyat talqinining teran va ishonarli tasvirlanishida qo‘llanilayotgan ichki monolog, tush, xotira-xayol, ramziy obrazli tasvir elementlarining keng istifoda etilayotgani asoslab berilgan;
mustaqillik davrida tobora keng shakllangan o‘zbek qissachiligi, qissa janrining genezisi “Qur’oni karim”dagi qator qissalar “Yusuf va Zulayho qissasi”, “Zayd va Zaynab hikoyati”, “Sulaymon payg‘ambar va Bilqis hikoyati” va “Namil hikoyati” tahliliga oid ilmiy xulosalardan A-1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2015-2017 yy.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 18 iyundagi 49-03-2123-son ma’lumotnomasi). Natijada sharq mumtoz adabiyotdagi qissa va hikoyatlarning ko‘rinishlari doston janri, xususan, Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi epik janrlarning badiiy - g‘oyaviy xususiyatlarining tadqiq etilishiga asos bo‘lgan;
O‘zbek adabiyotshunosligida ruhiyat tasviri muammosining o‘rganilish tarixini yoritishda, hozirgi o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyatini teran aks ettirgan qissanavislarning badiiy ijodiy uslubiy izlanishlarini tahlil etgan ma’ruza matnlarida foydalanilgan. (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 11 noyabrdagi №01-03-06/1285-son ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyatini aks ettirishda ichki monolog, dialog, muallif bayoni, peyzaj va tush kabi badiiy tasviriy vositalardan keng istifoda etilishiga xizmat qilgan;
mustaqillik davri o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyatining badiiy talqini singari ilmiy xulosalardan O‘zbekiston teleradiokanali “Adabiy jarayon” ko‘rsatuvining Ahmad A’zam, Shukur Xolmirzaev, Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Shoyim Bo‘taev, Qo‘chqor Norqobil asarlarining tahliliga bag‘ishlangan sonlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokanalining 2019 yil 25 oktyabrdagi 01-14/437-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.