Fazilov Ikram Yusupovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Odam savdosiga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08–Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /LA № 0000068/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Yu14.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 14.07.2016.Yu.30.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Ilmiy maslahatchi: Ismailov Isamiddin, yuridik fanlar doktori, professor.

Rasmiy opponentlar: Rustamboev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor; Berdiev Shonazar, yuridik fanlar doktori; Sattarov Abdug‘afur Hamidovich, yuridik fanlar doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: odam savdosiga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy vositalarini takomillashtirish, jinoyat profilaktikasining samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

odamga nisbatan qonunga xilof bitimni amalga oshirish, odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida ushlab turish, majburiy nikoh, majburiy surrogat onalik, inson ustida g‘ayriqonuniy tajribalar o‘tkazish, g‘ayriqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishga majburlash, g‘ayriqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun javobgarlik belgilash taklif etilgan;

odam savdosining javobgarlikni og‘irlashtiradigan yangi holatlarini qonunda belgilab, javobgarlikni differensiatsiya qilish taklif etilgan;

odam o‘g‘irlash va transplantat maqsadida sodir etilgan odam savdosi uchun javobgarlik belgilangan normalardagi kolliziyalarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;

jinoyat qonuniga bola savdosi yoki bolani ekspluatatsiya qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida moddani kiritish asoslangan;

jismoniy yoki ruhiy majburlash ostida jinoyat sodir etgan jabrlanuvchilar, odam savdosini fosh etishga faol yordam bergan shaxslarning javobgarlikka tortilmasligi haqidagi maxsus rag‘batlantiruvchi normalarni jinoyat qonunida belgilash asoslangan;

odam savdosining umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining o‘ziga xos xususiyatlari (tushunchasi, chora-tadbirlari, prinsiplari, sub’ektlari tavsifi) aniqlashtirilgan;

ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilgan va yordam bergan fuqarolarning taqdirlanishini qonunda belgilab, jinoyatlar (xususan, odam savdosi)ning oldini olish va ularni fosh etishda aholining faol ishtirok etishini ta’minlash taklif etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:

odam savdosi uchun javobgarlik belgilangan normalarni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 6 yanvardagi 06/1-02/1705 vx-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish odam savdosining yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash, javobgarlikni differensiatsiya qilishni kengaytirish, qonun normalaridagi kolliziyalarni hal qilish, jinoyatga imkon berayotgan omillarni bartaraf etishga imkon yaratadi;

odam savdosi umumiy profilaktikasining o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha ishlab chiqilgan xulosalar O‘zbekiston Respublikasining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunining 22–23-moddalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2014 yil 24 iyundagi 06/1-06-son va 2016 yil 10 oktyabrdagi 06/1-05/1410-son ma’lumotnomalari). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi huquqbuzarliklar (xususan, odam savdosi) umumiy profilaktikasining tushunchasi va chora-tadbirlari tizimini belgilashga hamda ularni to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qilgan;

ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilgan va yordam bergan fuqarolarni taqdirlashga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunining 17-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2016 yil 4 yanvardagi 2016 y. 33/4-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning joriy etilishi jinoyatlar (xususan, odam savdosi)ning oldini olish va ularni fosh etishda aholining faol ishtirok etishini ta’minlashga hissa qo‘shgan;

ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, umumlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tadbiq etish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xalqaro hamkorlikni tashkil etish tartibi haqida»gi nizomining 2-, 13-boblarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2015 yil 3 apreldagi 6/580-son va 2016 yil 10 oktyabrdagi 6/1616-son ma’lumotnomalari). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi jinoyatlar (xususan, odam savdosi) umumiy profilaktikasi chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga hissa qo‘shgan;

odam savdosining umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining o‘ziga xos xususiyatlariga oid xulosa, takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha» yo‘riqnomasining 1-, 2-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-boblarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2015 yil 29 iyundagi 26/1448-son va 2016 yil 10 oktyabrdagi 6/1616-son ma’lumotnomalari). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi odam savdosining umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining samaradorligini oshirishga hissa qo‘shgan;

odam savdosiga qarshi kurashda, xususan, uning profilaktikasida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosining imkoniyatlaridan samarali foydalanishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining Interpol yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi yo‘riqnomasi loyihasining 13-bobida o‘z aksini topgan (Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosining 2015 yil 25 martdagi 32/908-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi ichki ishlar organlarining odam savdosi va g‘ayriqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Interpol bilan hamkorlikdagi faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi;

odam savdosi profilaktikasining samaradorligini oshirishga oid xulosa va takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Doimiy yashash manzilidan uzoq muddatga xorijiy davlatlarga chiqib ketgan shaxslarni hisobini yuritishni tartibga solish, bu borada tadbirlarni amalga oshirish va idoralararo hamkorlikni tashkil etish to‘g‘risida»gi yo‘riqnomasi loyihasining 2-bobida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2015 yil 7 noyabrdagi 16/7-5372-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanilishi chet elga ketayotgan fuqarolar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlarni hamda ularning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash, odam savdosidan jabrlanishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini oshiradi;

odam savdosining kriminologik va profilaktik jihatlariga oid xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Vazirlik oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiya qilingan quyidagi darsliklarning tegishli boblarida o‘z ifodasini topgan: «Kriminologiya. Umumiy qism», «Kriminologiya. Maxsus qism», «Ichki ishlar organlarining profilaktika xizmati faoliyati», «Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati psixologiyasi» darsliklari. Bulardan «Ichki ishlar organlarining profilaktika xizmati faoliyati», «Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati psixologiyasi» darsliklari mamlakatimizda ushbu fanlar bo‘yicha nashr etilgan ilk darsliklar hisoblanadi. Ilmiy natijalarni inobatga olgan holda tayyorlangan darsliklar odam savdosining kriminologik va profilaktik tavsifiga oid ilmiy nuqtai nazarlar va metodologik-uslubiy yondashuvlarni mukammallashtirgan;

odam savdosining jinoyat-huquqiy tavsifiga oid xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2015 yil 6 yanvardagi 3-son farmoyishi asosida tayyorlanib, barcha hududiy, mahalliy va tarmoq ichki ishlar organlariga xizmat faoliyatida foydalanish uchun yuborilgan «Odam savdosi va axloqqa qarshi huquqbuzarliklarning huquqiy tavsifi» nomli uslubiy qo‘llanmaning I bobida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2016 yil 25 yanvardagi 16/7-321-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishiga hissa qo‘shgan, shuningdek odam savdosining jinoyat-huquqiy tavsifiga oid ilmiy nuqtai nazarlar va metodologik-uslubiy yondashuvlarni mukammallashtirgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish