Bozorov Zavqiddin Ravshanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Giperbolik tipdagi integro-differensial tenglamalar uchun kuchsiz gorizontal muhitlarda teskari masalalar», 01.01.02 – Differensial tenglamalar va matematik fizika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/FM459. 
Ilmiy rahbar: Durdiev Durdimurod Qalandarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM.02.01.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Aqnazar Bekturdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Karchevskiy Andrey Leonidovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi giperbolik tipdagi integro-differensial tenglamaning gorizontal o‘zgaruvchidan kuchsiz bog‘liq bo‘lgan ikki o‘lchovli yadrosini aniqlash usullarini qurish, echimning yagonaligini va bu teskari masalalar echimlari mavjudligini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
asosiy qismida to‘lqin operatori bo‘lgan giperbolik tipdagi integro-differensial tenglama uchun qo‘yilgan boshlang‘ich-chegaraviy masalaning bir qiymatli echilishi, echimning mavjudligi va yagonaligi isbotlangan;
to‘g‘ri masala echimi z=0 da berilgan holda Fur`e almashtirishi va momentlar usullaridan foydalanib, gorizontal o‘zgaruvchi x dan kuchsiz bog‘liq bo‘lgan integral hadning ikki o‘lchovli yadrosini aniqlash masalasining global bir qiymatli echiluvchanligi isbotlangan;
fazoviy o‘zgaruvchilari bo‘yicha analitik va vaqt o‘zgaruvchisi bo‘yicha silliq funksiyalar sinfida integral hadning ikki o‘lchovli yadrosini topish masalasining lokal bir qiymatli echiluvchanligi isbotlangan;
gorizontal qatlamlangan ta’sirdan keyingi elastik-qovushqoq muhitning xotira funksiyasini aniqlashning sonli usuli qurilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Giperbolik tipdagi integro-differensial tenglamalar uchun kuchsiz gorizontal muhitlarda teskari masalalarga oid ilmiy natijalar asosida:
gorizontal o‘zgaruvchidan kuchsiz bog‘liq bo‘lgan ikkinchi tartibli giperbolik tipdagi integro-differensial tenglamalarda ikki o‘lchovli yadroni topishning taklif etilgan usulidan OT-Atex-2018-340 raqamli «Ikki tezlikli muhit dinamikasining amaliy geofizik masalalarini nazariy va sonli tadqiq etish» mavzusidagi loyihada elastik–qovushqoqlik tenglamasidan yadroni aniqlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 8 iyuldagi 89-03-2472-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi kuchsiz gorizontal muhitlarda xotirali tenglama yadrosini aniqlash masalasining mavjudligi va yagonaligini isbotlash imkoniyatini bergan;
gorizontal qatlamlangan sohalarda xotira funksiyasi parametrlarini sonli aniqlash usullaridan RNF 18-19-00538 raqamli  «Mikro va nanoqoplamali sirtlardagi suyuqlik tomchilarining dinamikasi va bug‘lanishi» nomli xorijiy  loyihada o‘rama tipidagi giperbolik integro-differensial tenglamaning yadrosini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya fanlar akademiyasi, Sibir bo‘limi, S.L. Sobolev nomidagi Matematika  instituti, 2020 yil 7 iyuldagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qatlamli qoplamalarning xotira funksiyasini aniqlashning sonli usulini qurish imkoniyatini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish