Fayzullaev Jovharbek Sulton o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlarini funksional diagnostika usullari va texnik vositalarini takomillashtirish”, 05.08.05 – Temir yo‘llarining harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/T1475.
Ilmiy rahbar: Xalikov Abdulxak Abdulxairovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, PhD.15/30.12.2019.T.73.01.
Rasmiy opponentlar: Pirmatov Nurali Berdiyarovich, texnika fanlari doktori, professor; Valiev Muhammad Sheralievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “O‘zbekenergo” AJ Ilmiy-texnika markazi.
II. Tadqiqotning maqsadi  elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlari funksional diagnostika usullari va texnik vositalarini takomillashtirish orqali ulardan foydalanish samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlarining diagnostik parametrlarini tanlash va o‘lchash ketma-ketligi ishlab chiqilgan;
elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlari funksional diagnostika tizimlari uchun sezgirligi va aniqligi yuqori hamda chiziqli statik xarakteristikaga ega bo‘lgan yangi o‘lchash texnik vositalari yaratilgan;
elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlarining matematik-diagnostik modellari stator va rotor chulg‘amlari hamda magnit o‘tkazgichning o‘zaro va atrof-muhit bilan ta’sirlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan;
tortuvchi asinxron motorlar funksional diagnostika tizimi yangi texnik vositalarining matematik modellari ulardagi parametrlar tarqoqligi va magnitlanish egri chizig‘ining nochiziqligini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektrovozlar tortuvchi asinxron motorlari funksional diagnostika usullari va texnik vositalarini takomillashtirish asosida:
magnitoelastik kuch datchigi qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 04866, 2014 y.). Natijada, sezgirligi, aniqligi va statik xarakteristikasining chiziqliligi nisbatan yuqori bo‘lgan tortuvchi asinxron motor vibratsiya parametrlarini elektr signalga o‘zgartirib beradigan qurilmani yaratish imkonini bergan;
ishlab chiqilgan funksional diagnostika qurilmasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» deposi elektrovozi tortuvchi asinxron motorlarining texnik holatini diagnostika va nazorat qilish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining 2020 yil 5 avgustdagi 01/2692-20-son ma’lumotnomasi). Natijada, kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik tortuvchi asinxron motor texnik holatini diagnostika va nazorat qilish aniqligini oshirish hisobiga 205,503 mln so‘mni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish