Murtazoev Azizbek Nusrat o‘g‘lining
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmani takomillashtirish va parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1469.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-qurilish instituti, PhD.03/30.12.2019.T.90.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Normirzaev Abduqayum Raximberdievich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmaning texnologik ish jarayonini takomillashtirish va parametrlarini asoslash orqali pol hosil qilishda ish unumini oshirish va mehnat sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmaning takomillashtirilgan konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma ag‘dargich sirtli ish organining parametrlari g‘o‘za nihollarining tanasi va ildiz tizimiga shikast etkazmasligi, energiya sarfi hamda ish organining tortishga qarshiligi minimal bo‘lishini hisobga olgan holda asoslangan va ularning o‘zgarish chegaralari aniqlangan;
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma ish organi (ag‘dargichli ish organi lemexining egat devori va tubiga nisbatan o‘rnatilish burchaklari) parametrlarining maqbul qiymatlari uning agrotexnik va energetik ish (bo‘ylama polning balandligi, g‘o‘za nihollarining shikastlanishi va tortishga qarshiligi) ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalari olingan;
qurilmaning ko‘rsatkichlari uning harakat tezligiga bog‘liq ravishda o‘zgarish konuniyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmani takomillashtirish va parametrlarini asoslash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiluvchi va zichlovchi qurilmaning texnik echimiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patent olingan («G‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiluvchi va zichlovchi qurilma», № FAP 01436 - 2019 y.). Natijada, g‘o‘za qator oralarida pol hosil qilishda ish sifati va unumini oshirish hamda energiya-material hajmdorlikni kamaytirish imkonitiga ega bo‘lgan ag‘dargich ish organli takomillashtirilgan qurilmaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan.
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari va hisoblash usullari «VMKV-Agromash» AJga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 29 iyundagi 02/023-1917-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za qator oralarida pol hosil qiladigan takomillashtirilgan qurilmaning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan pol hosil qilish qurilmasi Buxoro viloyati Jondor, Vobkent va Buxoro tumanlaridagi «XO’JAYEV SHARIF CHORVADOR», «UMEDOV SAVRIDDIN», «NILUFAR NAFISA NIGORA» fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 29 iyundagi 02/023-1917-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za qatorlari orasida pol hosil qilishda mehnat sarfi 70 martaga hamda ekspluatatsion xarajatlarni 14,6 foizga kamaytirishga erishilgan.