Saparov Aktam Jo‘raevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek fol`klori asarlarini res tiliga tarjima qilishda milliy koloritni tiklash tamoyillari”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Fil139.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Mamatqul, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Rahmonov Nasimxon Askarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qulmamatov Do‘stmamat Sattorovich, filologiya fanlari doktori, professor; O‘raeva Darmonoy Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek fol`klori asarlari badiiy tarjimalarining manbalari, rivojlanish tarixi, milliy koloritni tiklash tamoyillari, tarjima jarayoni bilan bog‘liq metabolik tizimning o‘ziga xos xususiyatlari, poliritmiya va ekvipoliritmiya hodisalarini qiyosiy-chog‘ishtirma o‘rganish, shuningdek, ularning muhim, ammo kam o‘rganilgan jihatlarini tarixiy-fol`kloristik, poetologik yondashuv asosida keng tadqiq etishdan  iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
fol`klorshunoslik tarixida ilk bor o‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlari tarjimalarining tadrijiy rivoji bosqichlari aniqlangan hamda fol`klor asarlarini tarjima qilish amaliyotida diaxroniya va sinxroniyaning o‘zaro bog‘liqligi dalillangan; 
o‘zbek fol`klori asarlaridagi atoqli otlarni rus tiliga tarjima qilishda onimlarning asliyatdagi shaklida berilishi, apellyativ so‘zlarning atoqli otlarga aylantirilishi, personajlar nomlarining tarjima matnida tushirib qoldirilishi va bunday leksik birliklar o‘rnida etnonimlar qo‘llanilishi kabi holatlar mavjudligi aniqlangan. 
xalq dostonlari badiiy strukturasidagi paremiologik birliklarni tarjima qilishda ularning stilistik funksiyasini belgilovchi propozisiya denotatlarining semantik xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyat kasb etishi aniqlangan hamda tarjimada bunga amal qilmaslik asliyatdagi an’anaviy formula va epik klishelarning poetik tabiati buzilishiga sabab bo‘lishi isbotlangan;
personajlar nutqining asliyat va tarjimadagi badiiy talqinini qiyosiy tahlil qilish asosida ko‘p maromlilikni shakllantirishda tarjima tilining ritmik va melodik imkoniyatlari, poetik vositalar tizimi, nutqiy muloqot mazmuni va funksional-semantik xususiyatlarini aks ettirish muhim ahamiyat kasb etishi asoslangan;
o‘zbek xalq nasri va qo‘shiqlari tarjimasida asliyat mohiyati ritmik parallelizm, intonatsion marom, predikativ pauza, polifonik talqin va milliy kolorit ifodasi vositasida tiklanishi, tarjima jarayonida syujet elementlarining tushirib qoldirilishi asarning badiiy mazmuni va ritmik yaxlitligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlarining rus tilidagi tarjimalarini, jumladan asliyat va tarjima asarlardagi badiiy unsur va milliy kolorit xususiyatlarini tarjima tilida tiklash tamoyillarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:  
dissertatsiyaning xalq dostonlari badiiy strukturasidagi magik sonlarning poetik talqini, zamon va makon  bilan bog‘liq poetik formulalarni rus tiliga o‘girish tamoyillari, shuningdek, o‘zbek xalq nasri va og‘zaki poeziyasiga xos ko‘p maromlilik xususiyati va uni tarjima tilida tiklash masalalariga doir ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Davlat fundamental-tadqiqot dasturlari doirasida 2017–2018 yillarda bajarilgan OT-A1-118 “O‘zbekiston Respublikasida ko‘p qirrali madaniy ta’lim muhitida o‘qitishning samarali usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 iyuldagi 89-03-2578-son ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor asarlarining turli tillarga qilingan tarjimalaridan foydalanish orqali o‘qitishning samarali usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish mumkinligini dalillashga erishilgan; 
tadqiqotning o‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlarining rus tilidagi tarjimalari, jumladan, asliyat va tarjima matnlaridagi badiiy vositalarning muqobilligi, milliy koloritning xususiyatlarini tarjima matnida ifodalash tamoyillarini aniqlash asosida olingan natijalaridan Buxoro davlat universitetida Davlat fundamental-tadqiqot dasturlari doirasida 2012–2016 yillarda bajarilgan  F-1-06 “Istiqlol  davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta mahsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 iyuldagi 89-03-2652-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Sharqu G‘arb adabiy aloqalari tizimida badiiy tarjimaning muhim ahamiyat kasb etishi dalillangan; 
dissertatsiya ishi natijalaridan amaliyotda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O’zbekiston” telekanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshitirishlar” tahririyati tomonidan tayyorlangan “Bedorlik”, “Adabiy jarayon” nomli radioeshitirishlarning 2020 yil yanvar`-mart oylari sonlarida tadqiqotga tortilgan mavzu yuzasidan suhbat bo‘lib o‘tdi va ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 26 martdagi 0030638-sonli ma’lumotnomasi). Natijada radio eshituvchilarga o‘zbek fol`klor asarlarining boshqa tillarga qilingan tarjimalari to‘g‘risida keng ko‘lamli ma’lumot berilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish