Axmedova Dildora Bahodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Atov birliklarini o‘zbek tili korpuslari uchun leksik-semantik teglashning lingvistik asos va modellari», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil 777.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.72.09.
Rasmiy opponentlar: Raupova Laylo Raximovna, filologiya fanlari doktori, professor; Abjalova Manzura Abdurashetovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tili atov birliklari orasidagi leksik-semantik munosabatlarning korpus tuzishdagi ahamiyatini o‘rganish; atov birliklarini semantik teglashning modellari hamda o‘zbek tili birliklarini leksik-semantik teglashning korpus uchun lingvistik ta’minotini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lug‘aviy-ma’noviy maydon nazariyasining korpus tuzishdagi ahamiyati o‘rganilgan, o‘zbek tilidagi lug‘aviy-ma’noviy munosabatlarning o‘zbek tili atov birliklarini ma’noviy teglashdagi o‘rni asoslangan;
lug‘atshunoslik mahsulotlarining til korpusini semantik teglash uchun lingvistik ta’minot vazifasini bajarishi isbotlangan;
o‘zbek tili atov birliklari uchun ma’noviy teg kategoriyalari, konstanta va operator teg modellari tuzishning algoritmi ishlab chiqilgan;
o‘zbek tilidagi ko‘p ma’noli so‘zlarni teglashning nazariy asoslari, ularni teglash uchun semantik fil`tr tuzish yo‘llari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqotda ilmiy asoslangan o‘zbek tili atov birliklarini leksik-semantik teglash, leksik-semantik teg modellari tuzish algoritmi tavsifi asosida:
o‘zbek tilida leksik-semantik maydon nazariyasining korpus tuzishdagi ahamiyati hamda o‘zbek tilidagi leksik-semantik munosabatlarning atov birliklarini teglashdagi o‘rniga doir xulosalardan 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-XT-0-19919-raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 iyuldagi 89-03-2673-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek leksikografiyasi va korpus lingvistikasi munosabati ko‘rsatib berilgan, leksikografik mahsulotlarning til korpusini semantik teglash uchun lingvistik ta’minot vazifasini bajarishi isbotlangan, leksik-semantik teglash nazariyasidagi qarashlar o‘rganilgan va umumlashtirilgan;
o‘zbek tili atov birliklari uchun semantik teg kategoriyalari, konstanta va operator teg modellari tuzishning algoritmi, o‘zbek tilidagi omonim va ko‘p ma’noli so‘zlarni teglashning nazariy asoslari, ko‘p ma’noli so‘zlarni teglash uchun semantik fil`tr tuzish texnologiyasi ochib berilgan materiallardan 2012-2014 yillarda bajarilgan ITD-1-07 raqamli «Tilshunoslik asoslari fanidan darslik, o‘quv-uslubiy majmua va ularning elektron nusxalarini yaratish» mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 89-03-2152-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari o‘zbek tili korpuslari yaratishning nazariy asoslarini ishlab chiqishda xizmat qilgan;
semantik teg kategoriya hamda modellari tuzishning algoritmini ko‘rsatib beruvchi materiallardan 2018-2019 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» telekanalining «Ma’rifat yog‘dusi» va «Mashvarat» ko‘rsatuvlarida ssenariylar tuzishda foydalanilgan (O‘zMTRKning 2020 yil 10 fevraldagi 01-18-132-son ma’lumotnomasi). Natijada berilgan ma’lumotlar asosida tomoshabinlar dunyoqarashida o‘zbek tili semantik maydonlari asosida semantik teg modellari ishlab chiqish haqidagi tasavvurlarning paydo bo‘lishi, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi hamda internet orqali o‘zbek tiliga oid bilimlarining takomillashishiga ko‘maklashilgan.