Turaeva Dilnoza Rustamboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyat protsessida jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini muhofaza qilish mexanizmini takomillashtirish»,  12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.PhD/Yu 171.
Ilmiy rahbar: To‘laganova Gulchehra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Abduvali Axmedovich, yuridik fanlar doktori, professor; Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi  jinoyat protsessida jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini muhofaza qilish mexanizmini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan aniq taklif, ilmiy xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jabrlanuvchining hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud bo‘lganida qo‘llaniladigan, jinoyatlarning oldini olish yoki ularni fosh etishga ko‘maklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya choralarini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini qonunchilikda belgilash zarurati asoslangan;
o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish choralarini ko‘rishni ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining majburiyatlari sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilash zarurati asoslangan;
murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish amaliyotiga barham berish maqsadida jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni elektron ro‘yxatga olish va ularni ko‘rib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi dasturiy modulni yaratish afzalliklari isbotlangan;
jabrlanuvchilarning sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil` qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkonini yaratishga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Jinoyat protsessida jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini muhofaza qilish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
jabrlanuvchining hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud bo‘lganida qo‘llaniladigan, jinoyatlarning oldini olish yoki ularni fosh etishga ko‘maklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya choralarini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini qonunchilikda belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 14 yanvardagi «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘RQ-515-son qonunining 6, 7, 10, 11 va 15-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 22 noyabrdagi 06/1-05/3906 vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi jinoyat protsessida jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini muhofaza qilish mexanizmini takomillashtirishga va sud-tergov amaliyotida jabrlanuvchilarning buzilgan huquqlari qayta tiklanishiga xizmat qilgan;
o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish choralarini ko‘rishni ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining majburiyatlari sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2898-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan nizomning to‘qqizinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2020 yil 12 iyundagi 18/3185-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi jinoyat protsessida jabrlanuvchining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari samarali muhofaza etilishiga xizmat qilgan;
elektron jinoiy-huquqiy statistika yagona axborot tizimida yaratilgan jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni elektron ro‘yxatga olish va ularni ko‘rib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi dasturiy modulni yaratishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustda qabul qilingan «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6041-son farmonining 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2020 yil 15 sentyabrdagi 18/5101-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish amaliyotiga barham berilishiga, jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishi tizimi yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qilgan;
jabrlanuvchilarning sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratishga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrda qabul qilingan «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4818-son qarorining ikkinchi bandi to‘rtinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2020 yil 15 sentyabrdagi 18/5101-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi odil sudlovni amalga oshirishda jabrlanuvchilarga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarining kengayishiga va sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish