Rizaeva Dilfuza Taxirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qora rangli qorako‘l qo‘ylari seleksion belgilarining qumli cho‘l sharoitida namoyon bo‘lish xususiyatlari», 06.02.01 – qishloq xo‘jalik hayvonlarini urchitish, ko‘paytirish seleksiyasi va genetikasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.RhD/Qx390.
Ilmiy rahbar: Boboqulov Nasillo Asadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/30.12.2019.Qx.75.01.
Rasmiy opponentlar: Soatov O‘tkir Rajabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Hakimov O‘ktam Normuxamedovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Janubiy-G‘arbiy Qizilqum sharoitida qora rangli qorako‘l qo‘ylarini turli seleksiyalash sharoitida (yoppasiga, maqsadli) muhim seleksion belgilarning namoyon bo‘lish xususiyatlari asosida ularning irsiyatini mustahkamlash, salohiyatidan unumli foydalanish yo‘llarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Janubiy-G‘arbiy Qizilqum sharoitida urchitiluvchi qora rangli qorako‘l qo‘ylarini yoppa seleksiyalashda avlodlarda seleksion belgilarning namoyon bo‘lish darajalari va chegaralari aniqlangan;
ilk bor qo‘ylarni maqsadli seleksiyalash sharoitida ularning irsiyatini takomillashtirish, seleksion belgilarning namoyon bo‘lishini kuchaytirish yo‘llari aniqlangan;
turli seleksiyalash sharoitida qorako‘l terilari ko‘rsatkichlarini baholash asosida ularning sifatini yaxshilash va eksportbopligini oshirishning seleksion yo‘nalishlari aniqlangan;
tadqiqot natijalari asosida qo‘ylar irsiyatini mustahkamlash bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Janubiy-G‘arbiy Qizilqum sharoitida qora rangli qorako‘l qo‘ylarini turli seleksiyalashda belgilarning namoyon bo‘lish xususiyatlarini o‘rganish yo‘nalishida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qorako‘l qo‘ylarining gul xususiyatlarini maqsadli seleksiyalash asosida yaxshilash usuli Buxoro viloyatining «Jongeldi qorako‘lchilik» MChJda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2020 yil 20 iyuldagi № 02/23-272-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 dona qorako‘l terisini sotish bahosi yoppa seleksiyalashdagiga nisbatan 11400 so‘mga yuqori bo‘lib, rentabellik darajasi 63,9 foizni tashkil etgan;
qorako‘l qo‘ylarining jun-tola sifatini maqsadli seleksiyalash asosida yaxshilash usuli Buxoro viloyatining «Qorovulbozor qorako‘lchilik» MChJda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2020 yil 20 iyuldagi № 02/23-272-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 dona qorako‘l terisini sotish bahosi yoppa seleksiyalashdagiga nisbatan 9700 so‘mga yuqori bo‘lib, rentabellik darajasi 62,1 foizni tashkil etgan;
qorako‘l qo‘ylarini seleksiyalashni belgilarning genetik parametrlari asosida olib borish usuli Buxoro viloyatining «Olot qorako‘lchilik» MChJda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2020 yil 20 iyuldagi № 02/23-272-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori sinfli avlodlar chiqimi 12-15 foizga, yuqori navli qorako‘l terilarining salmog‘i 8-13 foizga ko‘payib, 1 dona qorako‘l terisi sotish bahosining 8300 so‘mga ortishi hisobiga rentabellik darajasi 59,0 foizni tashkil etgan.