Axmedova Sayyora Muxamadovnaning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kalamush yuragi devorining makro-mikroskopik tuzilishining postnatal ontogenezda hamda pestisid ta’sirida o‘zgarishi», 14.00.02–Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: Guvohnoma LA № 0000699.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Tib99.
Ilmiy maslahatchi: Mirsharapov O‘tkir Mirsharapovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, 14.07.2016.Tib.17.03.
Rasmiy opponentlar: Jee - Young Han (Koreya), tibbiyot fanlari doktori, professor; Tursunov Erkin Atabaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Teshaev Shuxrat Jumaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Vitebsk davlat tibbiyot universiteti (Belarus` Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ilk postnatal davrda ona suti orqali o‘tgan pestisidlar ta’sirida yurak bo‘lmacha va qorinchalari devori qavatlarining anatomik, mikroskopik, submikroskopik va morfometrik o‘zgarishlarini baholashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor postnatal ontogenez davrida kalamush bolalari yuragining anatomik ko‘rsatkichlari, ko‘krak qafasining shakli va o‘lchamlari, kalamush bolalarining jismoniy rivojlanishi orasida bog‘liqlik va nazorat guruhidagi kalamush bolalari yuragining bo‘lmacha va qorinchalar devorlari qatlamlaridagi struktur tuzilmalarning mikroskopik tuzilishida o‘ziga xos rivojlanish aniqlangan;
pestisidlarning zaharli ta’siri natijasida kalamush yuragining arteriola va kapillyarlar devorida tolali tuzilmalarning dezorganizatsiyasi, biriktiruvchi to‘qima hujayralarining proliferatsiyasi, miokard mushak hujayralarida oqsilli distrofiyasi, miofibrillalarning titilishi va ularning yadro-sitoplazmatik munosabati buzilishi isbotlangan;
yurak bo‘lmacha va qorinchalar devori qatlamlari qalinligining morfometrik tavsifi asosida tajribaviy hayvonlar yuragining bo‘lmacha va qorinchalari devori barcha qatlamlarining morfometrik ko‘rsatkichlari, nazorat guruhiga nisbatan sezilarli darajada me’yoriy darajaga nisbatan kamaygani asoslangan;
kotoran va kinmiks ta’sirida kalamush yuragi kardiomiotsitlari miofibrillarida submikroskopik o‘zgarishlar, kardiomiotsitlarning qisqaruvchanligi, mitoxondriylar energetik va metabolik jarayonlarining buzilishi, nekrobioz, mayda tomirlar endoteliy va boshqa qatlamlarning transport faoliyatining o‘zgarishi, hujayra ichi hamda interstisiyda shish rivojlanishi asoslangan;
kotaran va kinmiks ta’sirida ilk postnatal ontogenez davrida kalamushlar yuragining avtomatizmi va o‘tkazuvchanligining buzilishiga olib kelganligi EKG ma’lumotlari asosida isbotlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Postnatal ontogenez davrida yurakning makro va mikroskopik tuzilishiga pestisidlar ta’sirida yuzaga kelgan toksik miokarditni erta tashxislash va prognozlash mezonlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimi amaliyotiga, jumladan Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari filiallarining toksikologiya va reanimatsiya bo‘limlari va sanitariya gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 13 yanvardagi 8N-3/36-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar ikkita uslubiy qo‘llanma asosida tatbiq etilib, bemorlarning shifoxonadagi o‘rin kunini 20 foizga kamaytirish imkoniyatini yaratgan («Toksik mokarditni matematik moddelashtirish va prognozlash» va «Pestisidlar ta’sirida ilk posnatal ontogenez davrida kalamush yuragining o‘sish va rivojlanishining o‘zgarishi»).