Kazakova Nozima Nodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Revmatizm bilan kasallangan bolalarning stomatologik holati va ularda karies profilaktikasini takomillashtirish», 14.00.21 – Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2. PhD/Tib1235.
Ilmiy rahbar: Daminova Shaxnoza Badriddinovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc/PhD.04/30.12.2019.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Abakarov Tagir Abakarovich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent; Murtazaev Saidmurodxon Saidaloevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Tojikiston davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Revmatizm bilan kasallangan bolalarning stomatologik holatini o‘rganish, baholash va ularda karies profilaktikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
revmatizm kasalligi bo‘lgan bolalarda organizmdagi klinik-funsional, biokimyoviy va sitologik ko‘rsatqichlar va og‘iz bo‘shlig‘ida asosiy stomatologik kasalliklarning klinik alomatlari o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
revmatizm tashhislangan bolalarda og‘iz suyuqligi ko‘rsatkichlarida biofizik o‘zgarishlar, og‘iz bo‘shlig‘ida gigiena darajasi va parodont yumshoq to‘qimalarida yallig‘lanish reaksiyasi tishlar kariesi rivojlanishining asosiy xavf omili ekanligi aniqlangan;
ilk bor chuqur ftorlash bilan birga reminerallashtiruvchi terapiya qo‘llanilgandagi yuqori profilaktik axamiyati asoslangan;
revmatizm bilan og‘rigan bemor bolalarda stomatologik kasalliklarni davolash va profilaktika qilish kompleksi tarkibiga kirgan nazoratli tish yuvish, og‘iz bo‘shlig‘i gigienasiga rioya qilish, gigiena vositalarini tanlab berish, stomatolog qabuliga har chorakda bir marta tashrif buyurish tadbirlarining ijobiy samarasi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Revmatizm bilan kasallangan bolalarda stomatologik kasalliklarni davolash va profilaktika samaradorligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Revmatizm bilan og‘rigan bolalarda stomatologik kasalliklarni davolash va ularning profilaktikasi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 18 iyundagi 8n-r/157-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyanoma revmatizm kasalligi bo‘lgan bolalarda stomatologik kasalliklar asoratlanishlarini oldini olgan holda davolash va profilaktika qilish uchun mukammallashgan kompleks yondashuv qo‘llash imkonini bergan;
«Revmatizm bilan og‘rigan bolalarda kariesning klinik kechishi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 18 iyundagi 8n-r/157-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyanoma kariesning erta tashhisi, uning o‘ziga xosliklarini e’tiborga olgan holda, davolashning muqobil variantlarini aniqlash imkonini bergan;
Revmatizm bilan kasallangan bolalarda stomatologik kasalliklarni davolash va profilaktika samaradorligini baholash bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Romitan, G‘ijduvon, Kogon va Vobkent tumanlarining stomatologik poliklinikalari amaliyotiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 8n-d/76-son ma’lumotnomasi). Natijada revmatizm bilan kasallangan bolalarda stomatologik kasalliklar klinik ko‘rinishlarini klinik-funksional, biokimyoviy va sitologik tadqiqotlar yordamida aniqlash orqali erta davolash va profilaktika qilish imkonini yaratgan.