Gulamov Azamat Eshankulovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Yangi mahalliy duragay pillalarni chuvish va yuqori sifatli xom ipak olish texnologiyasini takomillashtirish», 05.06.02–To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish (texnika fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /texnika fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.T341.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.FM/T.02.02 raqamli bir martalik ilmiy kengash.
Ilmiy maslahatchi: Alimova Xalimaxan, texnika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Mukimov Mirabzal Mirayupovich, texnika fanlari doktori, professor; Umarov Shavkat Ramazonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Murodov Rustam Murodovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:yangi mahalliy duragay pillalarining chuvish texnologiyalarini takomillashtirish asosida yuqori sifatli xom ipak olish va ipak mahsulotlarining turlarini kengaytirish usullarini yaratish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aralash tolalardan bikomponentli yigirilgan ip olish usuli ishlab chiqilgan;
trikotaj mahsulotlarini olish uchun chiyratma shoyi iplarni tayyorlash usuli yaratilgan;
kombinatsiyali «Ipaklaykra» iplarni olish usuli ishlab chiqilgan;
yuqori sifatli xom ipak ishlab chiqarish texnologiyasi, chuvilayotgan pilla qobig‘i xususiyatlari, shakli va charx parametrlarining ta’sir etish qonuniyatlari aniqlangan;
xalqaro davlat standarti talablariga javob beruvchi «A» sinfiga mansub yuqori sifatli xom ipak ishlab chiqarish imkonini beruvchi zamonaviy zot va duragay pillalarni chuvish parametrlari asoslangan va texnologiyasi takomillashtirilgan;
ipakdan sifati yaxshilangan ko‘z jarrohlik ipini olishda ikki o‘timga qisqartirilgan texnologik jarayon ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yangi mahalliy duragay pillalarni chuvish va yuqori sifatli xom ipak olish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy natijalar asosida:
sof paxta yigirilgan ipga nisbatan sifati yaxshilangan paxta-ipak yigirilgan ipini ishlab chiqarish yangi texnologiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan («Aralash tolalardan bikomponentli yigirilgan ip olish usuli», №IAP04347-2008 y.). Natijada nisbiy uzilish kuchi oshgan, sof paxtadan yigirilgan ipga nisbatan mahsulotning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilanishi imkoni yaratilgan;
«Ipaklaykra» ipini olish usulini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan («Kombinatsiyali iplarni olish usuli», №IAP04441-2011 y.). Natijada olingan mahsulotni elastiklik darajasini va mustahkamligini oshirishga imkoniyat yaratilgan;
xom ipakdan eshilgan trikotaj ipi olish usuli bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan («Trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun chiyratma shoyi iplarni tayyorlash usuli», №IAP04056-2009 y.). Ilmiy natijalar sifatli tirikotaj iplari olishning yangi texnologiyasini yaratish imkonini bergan;
yangi mahalliy duragay pillalarni chuvish va yuqori sifatli xom ipak olish texnologiyasi «Uzbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarida, jumladan Farg‘ona viloyatining «BESHARIQTEKSTIL» QK, «NURLI TONG SILK» MChJ, Namangan viloyatining «VERIGROW» MChJ korxonalarida joriy etilgan. («Uzbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2016 yil 24 oktyabrdagi BS-12-2922-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarining ishlab chiqarishga joriy etilishi mahalliy duragay pillalaridan xalqaro standart talablarining «A» sinfiga mos xom ipak olish imkononi bergan, hamda toza paxta ipi bilan solishtirilganda paxta ipak ipining sifatini 20–40% ga oshirishga erishilgan.