Turdimambetov Izimbet Raxmetovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qoraqalpog‘iston Respublikasi nozogeografik vaziyatini yaxshilashning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari», 11.00.02–Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /geografiya fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.G30.

Ilmiy maslahatchi: Soliev Abdusami Solievich, geografiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.G.32.01.

Rasmiy opponentlar: Qayumov Abduxakim Abduxamidovich, geografiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Qahramon Xoldarovich, tibbiyot fanlari doktori; Baxritdinov Baxodir Arifovich, geografiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholi salomatligini yaxshilash va mintaqani barqaror rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholi kasallanishining hududiy tafovutlari va geografik xususiyatlari aniqlangan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiy-geografik rayonlari miqyosida aholi kasalliklari va atrof-muhit zararli omillarining o‘zaro korrelyasion aloqadorligi aniqlangan;

muayyan tabiiy va ekologik omillarning aholi kasallanish darajasiga ta’sir etishining zonal qonuniyatlari va mahalliy xususiyatlari ochib berilgan;

mintaqaning tibbiy-geografik holatini aks ettiruvchi turkum nozogeografik kartalar ishlab chiqilgan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholi salomatligini yaxshilash hamda mintaqaning barqaror ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Aholi salomatligini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

atrof-muhitning salbiy omillari bilan kasalliklar o‘rtasidagi aniqlangan korrelyasion aloqalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholi kasallanishining hududiy tafovutlari muayyan hududlarda kasallanishni nazorat qilishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 4 oktyabrdagi 1/2072-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasi o‘rta va uzoq muddatli hududiy dasturlar rejasiga o‘zgartirishlar kiritishga asos bo‘lib xizmat qilgan;

aholi kasalliklarining tarqalishi asosida tibbiy-geografik rayonlar bo‘yicha ishlab chiqilgan nozogeografik kartalar mintaqa aholisining salomatligini yaxshilash va kasalliklarni aniqlash bo‘yicha davlat dasturlari rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 4 oktyabrdagi 1/2072-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasida mintaqaning nozogeografik holati Shimoliy va Markaziy tibbiy-geografik rayonlarda yetakchi kasalliklarning darajasini retrospektiv o‘rganish imkonini bergan;

atrof-muhit bilan aholi salomatligi holati o‘rtasidagi aloqadorlik va yaxlitlik e’tiborga olingan nozoekologik monitoring modeli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy dasturlar rejasiga o‘zgartirishlar kiritishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yil 3 oktyabrdagi MA-01/12-1625-son ma’lumotnomasi). Bular mintaqada ekologik vaziyatning o‘zgarishlari yuzasidan rejali, muntazam kuzatishlarni o‘tkazish rejasini ishlab chiqish va nozogeografik prognozlarni tuzish uchun asos bo‘lgan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida o‘rmon o‘tqazishni faollashtirish va Orolbo‘yining shimoliy to‘qay tizimlarini davriy suv bostirish bo‘yicha berilgan takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan foydalanildi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yil 3 oktyabrdagi MA-01/12-1625-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatilgan taklif va tavsiyalar Orolbo‘yi ekologik holatini yaxshilash va atrof-muhitni samarali nazorat qilish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish