Babajanov Davlatyar Egamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini jarroxlik usulida davolash», 14.00.22 – Travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Tib1048.
Ilmiy rahbar: tibbiyot fanlari doktori, professor Djuraev Axrorbek Maxmutovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Xamraev Alisher Shaxobovich, tibbiyot fanlari doktori; Karimov Xotam Maxkamovich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: davolash usullarini takomillashtirish orqali oyoqlar o‘qi deformatsiyalari bo‘lgan bolalarda jarrohlik yo‘li bilan davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
raxit va jarohatdan keyingi deformatsiyalari bor 7 yoshgacha bo‘lgan xamda tizimli kasalliklariga chalingan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yopiq apparat-jarrohlik texnikasiga differensial yondashuvni o‘z ichiga olgan, kasallik etiologiyasi va o‘sish zonasining holatiga nisbatan oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini davolashning apparat-jarrohlik usuli taktikasi taklif qilingan;
son yoki katta boldir suyaklari deformatsiyalangan qismidan spisa bilan bir necha marta osteoperforatsiyani amalga oshirilib, so‘ngra Ilizarov apparati yordamida oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini davolashning kam jaroxatli apparat-jarrohlik usuli ishlab chiqilgan;
bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini to‘g‘rilashda vaqtinchalik gemiepifizeodez jarroxlik amaliyotidan keyingi davrda bemorning yoshi va deformatsiya burchagini hisobga olgan holda plastinaning turish muddati aniqlangan va 7-11 yoshdagi bolalarda val`gusli deformatsiyani korreksiyasining eng yuqori darajadagi tempi kuzatilishi isbotlangan;
15 yoshdan keyin bolaning oyoq suyaklari o‘sish suratlarining pasayishi tufayli 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalari korreksiyasi uchun vaqtincha gemiepifizeodezdan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini jarroxlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar ilmiy natijalari asosida:
«Bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini kompleks davolash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 30-dekabrdagi 8n-r/612-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini konservativ va jarroxlik yo‘li bilan davolash natijalarning yaxshilanishi imkonini bergan;
ishlab chiqilgan «Bolalarda raxitdan keyingi tizza bo‘g‘imi deformatsiyalarini davolash usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 04656, 11.02.2013). Olingan natijalar oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini 10 yoshgacha bo‘lgan davrda kam jaroxatli usul yordamida to‘g‘rilashga imkon bergan;
Bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini diagnostikasi va davolash taktikasini joriy qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasida, Respublika bolalar ortopediyasi markazida, Qoraqalpoqiston Respublikasi va Xorazm viloyati bolalar kup tarmoqli tibbiyot markazi klinikalarida amaliy faoliyatga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 yanvardagi 8n-d/6-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan diagnostika va davolash usullarining tadbiq qilinishi bolalarda oyoqlar o‘qi deformatsiyalarini davolash natijalari yaxshilanishiga, jumladan yopiq usulda davolash 88,1% gacha asoratlar sonini kamaytirishga va davo natijalarini yaxshilash imkonini bergan.