Saidov Bahrom Anvarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishni sudga qadar yuritishda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishini takomillashtirish», 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.DSc/Yu63.
Ilmiy maslahatchi: Muxamedov O‘tkirbek Xazratqulovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Po‘latov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor; To‘xtasheva Umida Abdilovna, yuridik fanlar doktori, professor; Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ishni sudga qadar yuritishda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladigan aniq taklif, ilmiy xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gumon qilinuvchi va ayblanuvchining mol-mulkini xatlashda hamda jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilishda shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish tartibini yanada soddalashtirish, jabrlanuvchiga etkazilgan zararni tez va to‘liq qoplash mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi nizoli vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan to‘liq yoki qisman ozod qilish imkonini beradigan «Aybga iqror bo‘lish» va «Hamkorlik qilish to‘g‘risida»gi yangi protsessual kelishuv bitimlari (institutlari)ni milliy qonunchilikka joriy etish zarurligi asoslantirilgan;
«Xabeas korpus» institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirish, ishni sudga qadar yuritish bosqichida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, mazkur jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, shaxsni ushlab turishda qonuniylikka qat’iy rioya etishga erishish uchun jinoyat-protsessual munosabatlarda tergov sud`yasi lavozimini joriy etish lozimligi asoslantirilgan;
xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan ilg‘or tajribalar asosida sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, ayrim tergov va protsessual harakatlarni videotasvirga tushirish orqali ularda xolislar ishtirokining majburiyligidan voz kechish zarurligi asoslantirilgan;
gumonlanuvchi va ayblanuvchiga davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlab beruvchi elektron dasturni joriy etish, shuningdek, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslar ishtirokisiz uchrashuvini ta’minlash lozimligi asoslantirilgan;
«Xabeas korpus» institutini yanada kengroq qo‘llash maqsadida jinoyat-protsessual munosabatlarda protsess ishtirokchilari tomonidan tergovga qadar tekshiruv organining mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni to‘xtatish, jinoyat ishini tugatish hamda boshqa tergov va protsessual harakatlarni o‘tkazishda qonunni har qanday tarzda buzish, shuningdek, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi holatlar ustidan bevosita sudga shikoyat qilish imkoniyatini kafolatlovchi normalarni jinoyat-protsessual qonunchilikda aks ettirish zarurligi asoslab berilgan;
jismoniy va yuridik shaxslarning jinoyatlarga doir murojaatlarini o‘z vaqtida ro‘yxatga olish va qonunda belgilangan tartibda hal qilish, ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish amaliyotiga barham berish hamda sud-tergov faoliyatining shaffof va oshkora bo‘lishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishini elektron tartibda yuritish amaliyotini joriy etish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishni sudga qadar yuritishda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish tartibini yanada soddalashtirish, jabrlanuvchiga etkazilgan zararni tez va to‘liq qoplash, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi nizoli vaziyatlarni bartaraf etish, shuningdek, jinoyat-protsessual qonun normalarida insonning shaxsiy, turar joy va mol-mulk daxlsizligiga doir huquqlarini yanada kengroq kafolatlashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda, jumladan, uning 290, 333 va 345-moddalarini amaldagi tahrirda shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 20 dekabrdagi 06/1-05/1191-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning inobatga olinishi protsess ishtirokchilarining shaxsiy daxlsizligi, turar joy va mol-mulki bilan bog‘liq huquqlarining to‘liq ta’minlanishiga xizmat qilgan;
jinoyat-protsessual munosabatlarda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrdagi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi O‘RQ-407-son Qonunning 5, 6, 8, 9 va 18-moddalarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 21 fevraldagi 06-D/08-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ichki ishlar organlari xodimlarining tergovga qadar tekshiruv organining mansabdor shaxsi, surishtiruvchi va tergovchi sifatidagi faoliyatida ochiqlik va shaffoflik prinsipiga, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga, shuningdek, shaxsni ushlab turishda qonuniylikka qat’iy rioya etishlariga xizmat qilgan;
ayrim tergov va protsessual harakatlarni videotasvirga olish orqali qayd etib, ularda xolislarning majburiy tartibda ishtirok etishidan voz kechish hamda jinoyat-protsessual munosabatlarda tergov sud`yasi lavozimini joriy etishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining II bo‘limini ishlab chiqishda foydalanilgan («Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2020 yil 6 maydagi 1029/20-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan ilg‘or tajribalar asosida sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq etilishiga va jinoyat-protsessual munosabatlarda «Xabeas korpus» institutini qo‘llash sohasi yanada kengaytirilishiga, shuningdek, ishni sudga qadar yuritish bosqichida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash yanada kuchaytirilishiga xizmat qilgan;
tergovga qadar tekshiruv organining mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni to‘xtatish, jinoyat ishini tugatish hamda boshqa tergov va protsessual harakatlar ustidan bevosita sudga shikoyat qilishi mumkinligini belgilash haqidagi taklif va tavsiyalardan «Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi»ning loyihasini tayyorlashda, O‘zbekiston Respublikasining «Advokatura to‘g‘risida»gi hamda «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunlari normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining 2020 yil 19 avgustdagi 03-13-916/599-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi ishni sudga qadar yuritishning barcha bosqichlarida gumon qilinuvchi va ayblanuvchining himoya huquqi ta’minlanishiga, shu bilan birga ularga tegishli himoya huquqidan amalda foydalanishi uchun real sharoitlar yaratib berilishiga xizmat qilgan;
sud-tergov faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida jinoyat ishini elektron tartibda yuritish amaliyotini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2898-son Qarorining 1 bandini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi PQ-2898-son Qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti to‘g‘risida»gi nizomning 9 bandini, O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 12 iyundagi 100-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ning 60 va 61-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamentining 2020 yil 12 iyundagi 18/3183-son ma’lumotnomasi). Takliflarning inobatga olinishi jismoniy va yuridik shaxslarning jinoyatlarga doir murojaatlari o‘z vaqtida ro‘yxatga olinishi, qonunda belgilangan tartibda hal etilishi, shuningdek, ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish amaliyotiga chek qo‘yilishiga xizmat qilgan;
surishtiruv bo‘linmalarining faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruvni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazish, qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining 2019 yil 15 maydagi 90-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surishtiruvni muvofiqlashtirish boshqarmasi to‘g‘risida»gi nizomni ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2020 yil 13 iyundagi 4593-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi surishtiruv bo‘linmalari faoliyatida jinoyatlarni hisobga olish, qayd etish intizomiga rioya etilishi ustidan protsessual va idoraviy nazoratni amalga oshirishda, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruvni tashkil etishda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga, jinoyatlar haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi bo‘yicha hududiy boshqarmalar surishtiruv bo‘limlarining faoliyati yanada takomillashtirilishiga xizmat qilgan.