Otajonov Abrorjon Anvarovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirish», 12.00.08–«Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi» (yuridik fanlar).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /yuridik fanlar nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Yu12.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 14.07.2016.Yu.30.01.
Ilmiy maslahatchi: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Axrarov Baxram Jabborovich, yuridik fanlar doktori, professor; Toxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Mahkamov Otabek Muxtarovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan normalarni va ularni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash uchun javobgarlik belgilangan normasini «bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib» hamda «uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa» kabi og‘irlashtiruvchi va alohida og‘irlashtiruvchi belgilar bilan to‘ldirish lozimligi asoslangan;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlarini jinoyatda ishtirokchilik sifatida kvalifikatsiya qilish asoslangan;
tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan, deb topilganda, nafaqat tovarlarni bevosita bojxona chegarasidan o‘tkazgan, balki O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish maqsadida chet elda tovar xarid qilgan, bojxona nazorati punktida uni o‘tkazishga ko‘maklashgan yoki hujjatlarni qalbakilashtirgan, yukning qonunga xilofligini bila turib, ekspeditor sifatida qatnashgan uyushgan guruh a’zolarining harakatlarini «uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab» sodir etilgan, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish deb, kvalifikatsiya qilish asoslangan;
xizmat lavozimidan foydalanib, tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazgan mansabdor shaxsning harakatlarini jinoyatda ishtirok etganlik xususiyatidan kelib chiqib, jinoyatda ishtirokchilik turini ko‘rsatgan holda «xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etilgan», bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish deb, kvalifikatsiya qilish asoslangan;
jinoyatda ishtirokchilikning uyushgan guruh shakliga oid og‘irlashtiruvchi yoki alohida og‘irlashtiruvchi belgisini «uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan yoxud ularning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa» tarzida belgilash asoslangan;
ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarni hamda ishtirokchilikda jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish, maxsus sub’ektli jinoyatlarda ishtirok etish hamda ekssess ishtirokchilikni baholash qoidalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash)ni «bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib» hamda «uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa», degan kvalifikatsiya qiluvchi belgilar bilan to‘ldirish yuzasidan berilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 25 apreldagi O‘RQ-405-son «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasi, 3-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasining 2016 yil 4 oktyabrdagi 06/1-05/1411vx-sonli ma’lumotnomasi). Bu ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik belgilovchi jinoyat qonuni normalarini yanada takomillashtirish va ushbu moddani qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi;
«Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida Jinoyat kodeksi 28-modda hamda 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi», degan taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 13 noyabrdagi 18-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarorining 7-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 2 noyabrdagi 04/11-424-16-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif tergov va sud amaliyoti xodimlarining ishtirokchilikda sodir etilgan alohida turdagi jinoyatlarga to‘g‘ri huquqiy baho berish hamda qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llashiga xizmat qiladi;
«Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan hollarda, Jinoyat kodeksining 182-moddasi ikkinchi qismining «v» bandi bo‘yicha nafaqat tovarlarni bevosita bojxona chegarasidan o‘tkazgan, balki barcha uyushgan guruh a’zolarining (masalan, O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish maqsadida chet elda tovar xarid qilgan, bojxona nazorati punktida uni o‘tkazishga ko‘maklashgan yoki bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etilgan hujjatlarni qalbakilashtirgan, yukning qonunga xilofligini bila turib, transport ekspeditori sifatida qatnashgan uyushgan guruh a’zolari) harakatlari kvalifikatsiya qilinadi» tarzida ifodalangan taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013 yil 6 sentyabrdagi «Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 18-sonli qarorining 14-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 2 noyabrdagi 04/11-423-16-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif tergov va sud amaliyoti xodimlarining uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga to‘g‘ri huquqiy baho berish hamda qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qiladi;
«Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazishda o‘z xizmat lavozimidan foydalangan mansabdor shaxsning (jinoyat tashkilotchisi, dalolatchisi, yordamchisining) harakatlari Jinoyat kodeksi 28-moddasi va 182-moddasi ikkinchi qismining «g» bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi (uyushgan guruh a’zolarining harakatlari bundan mustasno)», degan taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013 yil 6 sentyabrdagi «Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 18-sonli qarorining 15-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 2 noyabrdagi 04/11-423-16-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif tergov va sud amaliyoti xodimlari tomonidan maxsus sub’ektlarning jinoyatlarda ishtirokiga to‘g‘ri huquqiy baho berilishiga xizmat qiladi;
yangi ta’lim standartlari asosida «Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish» dasrligining to‘rtinchi va beshinchi boblari tayyorlangan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2015 yil 27 iyuldagi 2/3664-son ma’lumotnomasi). Bu talaba, tinglovchi, kursant hamda amaliyot xodimlarining jinoyatda ishtirokchilik institutining mazmuniga oid nazariy bilimlarini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.