Yunusov Haydar Ergashovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Sellyuloza va uning hosilasi asosida nanotuzulishli kumush tutgan bakterisid preparatlarning olinishi, xossalari va ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish», 02.00.05–Sellyuloza va sellyuloza-qog‘oz ishlab chiqarish kimyosi va texnologiyasi; 02.00.12–Nanokimyo, nanofizika va nanotexnologiya (texnika fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /Guvohnoma, LA № 0002378/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.T279.
Ilmiy maslahatchi: Sarimsakov Abdushkur Abduxalilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, 14.07.2016.K/T.14.01.
Rasmiy opponentlar: Negmatov Sayibjon Sodiqovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik;Raxmonberdiev Gappar, kimyo fanlari doktori, professor; Karimov Aminjon, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: polimer tarkibli kumush tutgan bakterisid preparatlar va tibbiy materiallarning olinishi, tuzilishi, fizik-kimyoviy, tibbiy-biologik xossalarini aniqlash va ularni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ultrabinafsha nurlar ta’sirida natriy-karboksimetilsellyuloza eritmasida kumush ionlarining qaytarilish sharoitlari va polimer matrisasida kumush nanozarralarining shakllanish mexanizmi aniqlangan;
kumush kationlarining fotokimyoviy qaytarilishi tufayli turli shakl va o‘lchamga ega bo‘lgan kumush nanozarralari shakllanishida karboksimetilsellyuloza polianionlarining barqarorlashtirish samaradorligi aniqlangan;
ilk bor natriy-karboksimetilsellyulozadagi karboksilat anionlari kumush kationlari uchun qopqon vazifasini o‘tab, kumush ionlari fotokimyoviy qaytarilganda Mott-Gerni nazariyasiga binoan, «nanoreaktor» vazifasini bajarishi ko‘rsatilgan;
ilk bor barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari tutgan karboksimetilsellyuloza eritmalari, gidrogellari, plyonkalari va paxta tolasi asosidagi materiallar olingan va ularning tarkibi, tuzilishi, fizik-kimyoviy hamda tibbiy-biologik xossalari aniqlangan;
ilk bor kumush nanozarralari tutgan karboksimetilsellyuloza eritmalari, gidrogellari, plyonkalari va paxta tolasi asosidagi materiallar bakterisid faolligi bilan turli shakl va o‘lchamdagi kumush nanozarralari orasidagi korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan;
ilk bor barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari tutgan karboksimetilsellyuloza eritmalari, gidrogellari, plyonkalari va paxta tolasi asosidagi materiallarining dezinfeksiyalovchi, bakterisid, zamburug‘ga qarshi faolligi tibbiy-biologik sinovlar orqali aniqlangan;
barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari tutgan, bakterisid xossali karboksimetilsellyuloza eritmalari, gidrogellari, plyonkalari va paxta tolasi asosidagi pereparatlar va materiallarni olish texnologiyalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Polimer tarkibli original bakterisid preparatlar va materiallarning yangi shakllarini hamda ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Bioparchalanuvchan kumush nanozarralari tutgan bakterisid preparatlar va materiallar olish usullariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti (18.07.2016 y. №IAP 05250) olingan. Natijada mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi eksportga mo‘ljallangan yara va kuygan yaralarni davolovchi bakterisid xossaga ega bioparchalanuvchan polimer tarkibli preparatlar va materiallarning yangi avlodlarini olish imkoniyatlari yaratildi;
tarkibida barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari tutgan polimer eritmasi asosida bakterisid xossali ich kiyimlar yaratildi, ularning texnik shartlari «O‘zstandart» agentligida (Ts05957837-24:2014, №112-001255/18.04.2014 va Ts05957837-25:2014, №01-008603/27.05.2014) ro‘yxatga olindi;
kumush nanozarralari asosida polimer tarkibli «Poliardez» dezinfeksiyalovchi eritmasi, tashkilot standarti «O‘zstandart» agentligida (Ts05957837-27:2015, №112-002792/20.02.2015) ro‘yxatga olindi va kumush nanozarralari asosida polimer tarkibli «Poliardez» dezinfeksiyalovchi eritmasini olish bo‘yicha texnologiya reglament va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqildi;
«Silver technology» MChJ korxonasida lisenzion shartnoma asosida er osti va usti jamoat transportlari, mehmonxonalar va jamoat inshootlarini dezinfeksiyalash uchun mo‘ljallangan, quvvati oyiga 2,0–3,0 tonna bo‘lgan polimer tarkibli «Poliardez» dezinfeksiyalovchi eritmasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi («O‘zfarmsanoat» DAKning 2016 yil 11 avgustdagi MD-06/1465-son ma’lumotnomasi). Yiliga 36 tonna polimer tarkibli «Poliardez» dezinfeksiyalovchi eritmasini ishlab chiqarishdan hisoblangan iqtisodiy samara 684 million so‘mni tashkil etdi.