Xamraeva Dilovar Tolibdjonovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘rta Osiyo Ziradoshlar (Apiaceae Lindl.) oilasiga mansub ayrim endem turkumlarning biomorfologiyasi va strukturasining xususiyatlari», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/V111.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.V.39.01. 
Rasmiy opponentlar: Duschanova Guljan Madrimbaevna, biologiya fanlari doktori; Yuldashev Akramjon Sultanmuradovich, biologiya fanlari doktori, professor; Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Osiyoning Apiaceae oilasiga mansub noyob va endem turlarning vegetativ va generativ organlarining tuzilishini ekologiyasi va hayotiy shakliga bog‘liq holda aniqlash hamda tabiatda saqlash yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Apiaceae oilasining o‘rtaosiyo turkumlariga mansub Komarovia (K. anisosperma), Sphaerosciadium (S. denaense), Kamelinia (K. tianschanica), Korshinskya (K. olgae) va Autumnalia (A. innopinata) turlarining vegetativ va generativ organlarining strukturaviy tavsifi tuzilgan va sistematika hamda oilaning filogeniyasida qo‘llaniladigan qator taksonomik belgilar ajratilgan;
o‘simliklarning vegetativ va generativ organlarida ajratma kanallarning lokalizatsiyasi va tuzilishi, shuningdek, adaptiv jarayonda va turlarning taksonomiyasida tutgan o‘rni aniqlangan;
Komarovia anisosperma turining er usti va er osti organlarida turli biologik faol moddalarining tarkibi aniqlangan;
ilk bor Kamelinia tianschanica turining ontogenezi davr va bosqichlari aniqlangan hamda senopopulyasiyalarining ontogenetik strukturasiga baho berilgan;
Kamelinia tianschanica ning vegetativ va generativ organlarining sistematik ahamiyatli morfologik va anatomik belgilari hamda monotipik turkum Kamelinia turining Pleurospermeae qabilasidagi o‘rni yarDNK ning ITS lokusi nukleotidlar ketma-ketliklari asosida aniqlangan;
vegetativ va generativ organlarining ma’lum yashash sharoitiga xos bo‘lgan adaptiv-evolyusion morfo-anatomik belgilari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘rta Osiyoning kamyob va endem Apiaceae oilasi turlarining strukturaviy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Sphaerosciadium denaense turining morfologik ta’rifi, populyasiyalarining holati va soni bo‘yicha olingan ma’lumotlar, shuningdek, turni muhofaza qilish uchun ishlab chiqilgan chora-tadbirlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 13 maydagi 02-02/8-463-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi ma’lumotlar asosida tuzilgan turning tavsifidan O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashrida (I-jild. O‘simliklar, 2019) foydalanish imkonini bergan;
Komarovia anisosperma, Sphaerosciadium denaense, Kamelinia tianschanica, Korshinskya olgae turlarining yarDNK ning ITS nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi Genbanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, www.blast.ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, Komarovia anisosperma – MN832991, Sphaerosciadium denaense – MN833318, Kamelinia tianschanica – MF593483, Korshinskya olgae – MN832934 turlariga identifikatsiya raqamlarini olish va Kamelinia turkumining Apiaceae oilasi tizimidagi molekulyar-filogenetik o‘rnini aniqlash imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kirgan istiqbolli Komarovia anisosperma o‘simligining vegetativ va generativ organlarida ajratma kanallarning tuzilishi, joylashishi va zichligi haqidagi ma’lumotlar TA-FA-F7-008-son «Tabiiy terpenoid va fenol birikmalarni ularning asosida tibbiyot veterinariyasi va qishloq xo‘jaligi preparatlarini yaratish uchun o‘rganish» fundamental loyihasida o‘simlik er usti va er osti organlaridan turli biologik faol moddalar ajratib olishda va ularning kimyoviy tarkibini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 20 maydagi 4/1255-1062-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘simliklarning turli organlaridagi ajratma kanallarning topografiyasidan dorivor xom-ashyoni tanlash va turli biologik faol moddalarni ajratishda diagnostik belgi sifatida foydalanish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish