Egamnazarova Durdona Shuhratillaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turli tizimli tillarda gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalar tadqiqi», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil617.
Ilmiy rahbar: Shaxobitdinova Shohida Xoshimovna filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Yoqubov Jamaliddin Abduvalievich filologiya fanlari doktori, professor; Toirova Nargiza Isakovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: o‘zbek va ingliz tillarida gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalarni qiyosiy tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek va ingliz tillarida gap bo‘laklarining kommunikativ vazniga ta’sir ko‘rsatishda xizmat qiluvchi fonetik, morfologik, leksik, stilistik va sintaktik til sathlariga oid lisoniy birliklar aniqlangan;
o‘zbek va ingliz tillarida aktual bo‘linish vositalarining vazifalari ochib berilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida gap bo‘laklari aktuallashtiruvchi vositalarning farqli va umumiylik jihatlarini namoyon etuvchi xususiyatlari dalillangan;
o‘zbek va ingliz tillarida gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi lingvistik vositalarning nutqda qo‘llanishiga ko‘ra faollik darajasi o‘rtasidagi farqlar ko‘rsatib berilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida tema-rematik progressiyaning o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan;
aktual bo‘linishning binar emas, balki trinar tushuncha ekanligi isbotlangan;
gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalarning qiyoslanayotgan tillardagi sirasi aniqlangan va tavsiflangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli tizimli tillarda gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalar qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
Andijon davlat universitetida bajarilgan 2012-2014 yillarga mo‘ljallangan “ITD-1-57 O‘zbek tilining tatbiqiy yo‘nalishlarini amalga oshirishning dasturini ishlab chiqish” davlat amaliy-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining 2020 yil 9 iyundagi 89-03-1970 sonli ma’lumotnomasi). Mazkur dissertatsiya materiallari va natijalaridan dunyo tillarida gapni aktuallashtiruvchi vositalarni ifodalashda o‘ziga xosliklarni qiyoslab aniqlashda, nutqning turli ko‘rinishlarida gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalarning o‘ziga xos jihatlari, nutqni tashkillashtirish hamda tushunishda aktuallashuvning o‘rnini aniqlash va baholashda, turli lingvomadaniyat vakillarining kommunikativ samaradorligini ta’minlash borasidagi qarashlarni shakllantirishda foydalanilgan. Shuningdek, sintaktik birliklarning struktur va semantik xususiyatlarini o‘rganishda xizmat qilgan. Natijada gapning kommunikativ aspekti tavsiflari mukammallashtirilgan;
Tadqiqot ishi natijalaridan Andijon davlat universitetida bajarilgan 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan “A-1-39 O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish” davlat amaliy-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining 2020 yil 9 iyundagi 89-03-1970 sonli ma’lumotnomasi). Mazkur dissertatsiya materiallaridan dunyo tillarida gapni aktuallashtiruvchi vositalar orqali gap psixolingvistik tusining o‘zgarishidagi o‘ziga xosliklarni qiyoslab aniqlashda, tilning turli sathlariga mansub gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalarning o‘ziga xos jihatlarining nutqni yaratish va qabul qilishga ta’sirini baholashda, turli lingvomadaniyat vakillarining gap shakllantirishdagi unikal jihatlari borasidagi qarashlarni shakllantirishda foydalanilgan. Natijada sintaktik birliklarning psixosemantik xususiyatlarini o‘rganishga xizmat qiluvchi qonuniyatlar dalillangan;
tadqiqotga tortilgan turli tizimli tillarda gap bo‘laklarini aktuallashtiruvchi vositalar qiyosiy tadqiqiga bag‘ishlangan tahliliy fikrlari va nazariy xulosalaridan Andijon viloyati teleradiokompaniyasining Andijon axboroti «News» informatsion ko‘rsatuvida, «Yoshlar vaqti», «Shukrona», «Ma’naviyat sarchashmasi» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Andijon viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 8 may sanasidagi 20-24/187sonli ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarni o‘zbek va ingliz tillarida gapning aktual bo‘linishining o‘ziga xos xususiyatlari, farqli va o‘xshash jihatlari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.