Rasulov Mirojiddin Sobirjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Parabolik va giperbolik tenglamalar uchun noma’lum chegarali masalalar», 01.01.02 – Differensial tenglamalar va matematik fizika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/FM152.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Matematika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Matematika instituti, DSc.02/30.12.2019.FM.86.01.
Ilmiy rahbar: Taxirov Jozil Ostanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Ashurov Ravshan Radjabovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Kadirkulov Baxtiyar Jalilovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi parabolik tenglamalar va reaksiya-diffuziya tipidagi tenglamalar sistemalari, shuningdek, birinchi tartibli giperbolik tenglamalar sistemalari uchun noma’lum chegarali masalalar nazariyasini qurish va rivojlantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kvazichiziqli parabolik tenglamalar sistemasi va reaksiya-diffuziya tipidagi tenglamalar sistemasi uchun noma’lum chegarali masalalar echimlarining Gyol`der fazolaridagi aprior baholarini olish usullari ishlab chiqilgan;
kvazichiziqli parabolik tenglamalar sistemasi va reaksiya-diffuziya tipidagi tenglamalar sistemasi uchun noma’lum chegarali masalalar echimlarining Gyol`der fazolarida olingan aprior baholari asosida echimning mavjudligi va yagonaligi isbotlangan;
kvazichiziqli parabolik tenglamalar uchun bir va ikki noma’lum chegarali masalalar echimlariga Shauder tipidagi aprior baholar o‘rnatish usullari qurilgan, echimning mavjudligi va yagonaligi isbotlangan, vaqtning cheksiz o‘sishi davrida echimning asiptotik bahosi o‘rnatilgan;
relaksatsion xususiyatga ega muhitlardagi tabiiy jarayonlarning matematik modellari hisoblanmish birinchi tartibli giperbolik tenglamalar sistemasi uchun noma’lum chegarali Stefan tipidagi masalalar echilgan, echimlar uchun aprior baholar olingan va ularning global mavjudligi va yagonaligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Parabolik va giperbolik tenglamalar uchun noma’lum chegarali masalalarga oid olingan natijalar asosida:
parabolik va giperbolik tenglamalar uchun noma’lum chegarali masalalarga oid ilmiy natijalar “Fraktal hisob va uning tadbiqi” laboratoriyasining matematik fizikaning noklassik masalalarini echish va ularga fraktal hisob masalalarini tadbiq etishda qo‘llanilgan (Vitus Bering nomidagi Kamchatka davlat universitetining 2019 yil 11 noyabrdagi 728-22-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish qidirilayotgan funksiyalarni baholash va differensiallashning kasr ko‘rsatkichi oralig‘ini aniqlashga imkon bergan;
parabolik va giperbolik tenglamalar sistemasi uchun noma’lum chegarali masalalar echimlari uchun Gyolder` fazosida aprior baholar olish usullari “Ekstremal jarayonlarning aralash tipdagi nolokal differensial tenglamalar ko‘rinishidagi matematik modellari” nomli tadqiqotlar doirasidagi aralash parabolo-giperbolik va yuklangan giperbolik tipdagi tenglamalar uchun lokal va nolokal chegaraviy masalalarni tadqiq etishga tadbiq etilgan (RFA Kabardin-Balqar ilmiy markazining Amaliy matematika va avtomatlashtirish institutining 2019 yil 6 dekabrdagi 17600-456-3N-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish noma’lum funksiyalarni baholash va masala echiluvchanligini ko‘rsatish imkonini bergan.