Ziyadullaev Odiljon Egamberdievichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Aromatik atsetilen spirtlari va ularning vinil efirlari sintezi», 02.00.03–Organik kimyo (kimyo fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /kimyo fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 28.04.2016/B2016.2.K138.
Ilmiy maslahatchi: Ikramov Abduvaxob, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.K.01.02.
Rasmiy opponentlar: Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor; Muxiddinov Baxodir Faxriddinovich, kimyo fanlari doktori, professor; Azizov Umarxon Muxtarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yangi usullar yordamida tanlangan aromatik atsetilen spirtlari va vinil efirlarini mahalliy xomashyo va chiqindilar asosida sintez qilish, ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish hamda maqsadli qo‘llanilish sohalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
KON+TGF va NH3+KOH+CH3OH gomogen-katalitik sistemalarda, magniy organik birikmalar asosida va diazotirlash reaksiyalari yordamida yangi aromatik atsetilen spirtlari sintez qilingan hamda aromatik atsetilen spirtlarini sintez qilish nisbiy samaradorlik qatori va usuli aniqlangan;
ketonlar molekulasining tuzilishi, >S=O guruhi atrofida to‘g‘ri tarmoqlangan va hajmdor radikallarning aromatik atsetilen spirtlari sintezi jarayoniga va mahsulot unumiga ta’siri aniqlangan;
ilk marotaba aromatik atsetilen spirtlarini yuqori asosli katalitik sistema (MON-CsF-DMSO) va geterogen-katalitik komponentlar (MON/Sfaol.) ishtirokida atsetilen bilan vinillash, ayrim to‘yinmagan karbon kislotalar bilan eterifikatsiya reaksiyalari asosida yangi vinil efirlari sintez qilingan;
ilk bor magniy organik birikmalar asosida aromatik atsetilen spirtlari, geterogen-katalitik usulda aromatik atsetilen spirtlari vinil efirlari sintez qilish texnologiyalari yaratilgan;
ilk bor sintez qilingan aromatik atsetilen spirtlari neft`-gaz sanoati po‘lat va metall konstruksiyalarida biokorroziya jarayoniga qarshi biotsidlar sifatida qo‘llanilgan;
neft` va gaz tarkibidagi oltingugurtli birikmalarni ajratib olishda sintez qilingan aromatik atsetilen spirtlari vinil efirlaridan foydalanilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Sintez qilingan aromatik atsetilen spirtlari va vinil efirlari asosida biologik faol birikmalar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
atsetilen spirtlarini olish usuliga O‘zbekiston Respublikasining ixtiroga patenti (№IAP 05066, 21.07.2015 y.) olingan. Ishlab chiqilgan usul yangi katalizatorlar asosida spirtlarni olishda mahsulot unumini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilgan;
neft` va gazni qayta ishlash korxonalarida metall qurilmalarning biologik emirilish jarayoniga qarshi yaratilgan yangi ingibitorlar «Muborakneftegaz» UShKda joriy etilgan («Muborakneftegaz» UShK ning 2016 yil 11 fevraldagi №714/43-67-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqotlar neft` tarkibini biokimyoviy tahlil qilishda va neft`-gazni qayta ishlash metall konstruksiyalari ekspluatatsion samaradorligi oshishiga imkon yaratgan;
aromatik atsetilen spirtlari vinil efirlari neft` va neft` mahsulotlari tarkibidagi oltingugurtli birikmalarni ajratib oluvchi preparatlar sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida joriy etilgan (Buxoro neftni qayta ishlash zavodining 2016 yil 28 martdagi №30-19/1145-son ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqotlar neftning texnik ko‘rsatkichlarini pasaytiruvchi oltingugurtli birikmalar miqdorini kamaytirish va mahsulot sifatini oshirish imkonini bergan.