Eshburiev Baxtiyar Mamatqulovichning

doktorlik dissertatsiyasihimoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bo‘g‘oz sigirlarning endemik mikroelementozlari, ularning oqibatlari va profilaktika chora-tadbirlari», 16.00.01–«Hayvonlar diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi» (veterinariya fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /veterinariya fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №30.09.2014/B2014.5.V.20.

Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Norboev Kurbon Norboevich, veterinariya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti va Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti, 14.07.2016.Qx/V.25.01.

Rasmiy opponentlar: Dilmurodov Nasriddin Boboqulovich, veterinariya fanlari doktori; Toirov Erkin Sanatovich, tibbiyot fanlari doktori; Murtazin Bulat Fayziraxmonovich, veterinariya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro tibbiyot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

    II. Tadqiqotning maqsadi: bo‘g‘oz sigirlar endemik mikroelementozlarining etiologiyasi, kasalliklarning kechish xususiyatlari va diagnostikasi hamda u bilan kasallangan sigirlardan tug‘ilgan buzoqlarning dispepsiya bilan kasallanishi hamda kasallikni oldini olish va davolashning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.

    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor qoramolchilik fermer xo‘jaliklarida bo‘g‘oz sigirlarda endemik mikroelementozlarning turlari va etiologiyasi, hayvonlarni yil davomida bir joyda saqlashda ularning alimentar-endemik xarakterdagi murakkab patologiya tarzida kechishi aniqlangan;

mazkur patologiyaning rivojlanishida modda almashinuvi, mikro elementlar almashinuvining buzilishi, organizmda ovqat hazm qilish, yurak-qon tomir va harakat a’zolari funksiyalari, qonning morfobiokimyoviy ko‘rsatkichlari va jigar funksional holatining izdan chiqishi isbotlangan;

bo‘g‘oz sigirlarning mikroelementozlar bilan kasallanishi oqibatida ulardan nimjon, tana vazni kichik, hayotchanligi va organizm tabiiy rezistentligi past buzoqlarning tug‘ilishi va hayotining birinchi kunlarida dispepsiya bilan kasallanishi aniqlangan;

bo‘g‘oz sigirlarda endemik mikroelementozlarning guruh usulida oldini olishda qo‘llaniladigan mikroelementli-vitaminli oziqaviy aralashmaning tarkibi ishlab chiqilgan, uning bo‘g‘oz sigirlar organizmiga, uviz sutining sifati, sigirlarning mahsuldorligi va ulardan tug‘ilgan buzoqlar fiziologik holatiga ta’siri aniqlangan;

bo‘g‘oz sigirlarning mikroelementozlar bilan kasallanishi oqibatida kuzatiladigan buzoqlar dispepsiyasini davolashda organizmning suvsizlanishi, intoksikatsiyaga qarshi va ishqorlovchi ta’sirga ega bo‘lgan 10% li bentonit eritmasidagi yantoq va achchiq shuvoq damlamasi, «Elektrolitli-degidratatsion eritma» (EDE) ishlab chiqilgan.

    IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Bo‘g‘oz sigirlar endemik mikroelementozlarining diagnostikasi, davolash va oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan natijalar asosida:

«Mikroelementozlarni oldini olish uchun mikroelementli-vitaminli aralashma»  ishlanmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 2013 0179). Bunda bo‘g‘oz sigirlarning endemik mikroelementozlarini oldini olish uchun mikroelementli-vitaminli aralashmalarni qo‘llash usullari ishlab chiqilgan;

«Buzoqlar dispepsiyasini davolash uchun elektrolitli-degidratatsion eritma» ishlanmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 2013 0180). Bunda buzoqlar dispepsiyasini davolash va oldini olish uchun elektrolitli-degidratatsion eritmalardan foydalanish usullari ishlab chiqilgan;

bo‘g‘oz sigirlarning mikroelementozlarini oldini olish uchun «Mikrovit» mikroelementli-vitaminli aralashmani qo‘llash, buzoqlar dispepsiyasini davolashni takomillashtirishda «Elektrolitli-degidratatsion eritma»ni qo‘llashga asoslangan davolash va guruhli oldini olish usullari Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari qoramolchilik fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 15.09.2016 y. №48/4-1380-son ma’lumotnomasi). Bunda buzoqlarni tug‘ilgandagi tana vazni 13,4 foizga va tana vaznining kunlik o‘sishini 14,4 foizga oshgan, ularning dispepsiya bilan kasallanishi 60 foizga kamaygan, sog‘in sigirlar sut mahsuldorligi 38,5 foizga yuqori bo‘lgan hamda iqtisodiy samara bir bosh sigir hisobiga o‘rtacha 545,8 ming so‘mni tashkil etgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish