Djumabaeva Jamila Sharipovnaning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiyasi mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): «O‘zbek va ingliz tillarida leksik hamda stilistik graduonimiya», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha (filologiya fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /filologiya fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Fil253.

Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sayfullaeva Ra’no Raufovna, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016 Fil.09.01.

Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kombon Oboyani (AQSh), filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

    II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek va ingliz tillarida leksik hamda stilistik graduonimiyaning semantik kategoriyalar sirasidagi o‘rnini aniqlash va graduonimiyaning turli tizimli tillarda semantik-struktur xususiyatlarini ochib berishdan iborat.

    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

semantik munosabatlarning bir turi sifatida graduonimiya turli tizimli tillarda lingvistik hodisa ekanligi isbotlangan;

ingliz tilidagi ot, sifat va fe’l kabi so‘z turkumlariga oid muayyan leksemalarda graduonimiya aniqlangan;

graduonimiyaning semantik kategoriyalar bilan munosabati va ularning vazifadoshlik, kontekstual ma’nodoshlik va o‘zakdoshlik kabi semantik-struktur xususiyatlari ochib berilgan;

qiyoslanayotgan tillarda unikal graduonimik qatorlarning shakl va yasalish xususiyatlari ochib berilgan;

leksik graduonimiyaning gradatsiyadan affiksatsiya, yordamchi so‘zlar orqali yasalishi va intensifikatorlar qo‘shilishi kabi struktur hamda lug‘aviy va kontekstual kabi semantik xususiyatlari bilan farqlanishi isbotlangan;

o‘zbek va ingliz tillaridagi stilistik darajalanishning gapdagi o‘rni va boshqa so‘zlar bilan bog‘lanishi kabi sintaktik xususiyatlari aniqlangan.

    IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

O‘zbek va ingliz tillaridagi leksik hamda stilistik graduonimiyaning xususiyatlari yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:

bakalavriat ta’lim yo‘nalishida (5120100–«Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek filologiyasi)») o‘zbek tili fani bo‘yicha uzviylashgan Davlat ta’lim standarti mazmuniga singdirilgan (O‘zStandart Davlat agentligida 2014 yil 10 oktyabrda O‘zDSt 36.1542:2014 №5164 qayd raqami bilan ro‘yxatga olingan). Joriy etilgan materiallar o‘zbek tilida darajalanish, sinonimik darajalanish (graduonimiya), giponimiyaning graduonimiyaga munosabatini yoritishga, daraja sifatning tasniflovchi kategoriya sifatida ekanligini isbotlashga, shuningdek gap bo‘laklarida darajalanish (kesim – ega – hol – to‘ldiruvchi – aniqlovchi)ning xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan;

bakalavriat ta’lim yo‘nalishida (5120100–«Filologiya va tillarni o‘qitish (roman-german filologiyasi)») leksikologiya, stilistika, qiyosiy tipologiya, tarjima nazariyasi fanlari bo‘yicha uzviylashgan Davlat ta’lim standarti mazmuniga singdirilgan (O‘zStandart Davlat agentligida 2014 yil 18 sentyabrda O‘zDSt 36.1410:2014 №05-573 qayd raqami bilan ro‘yxatga olingan). Joriy etilgan materiallar turli tizimli tillarda so‘zning izohli tahlilini o‘rgatish, boshqa lug‘atlardagi izohlari bilan qiyoslash, leksik ma’no turlarini ajratish, gradatsiyaning stilistik xususiyatini aniqlash, tarjimada sinonimik qatordan so‘z tanlash muammosini hamda ekvivalentsiz va milliy-madaniy xususiyatga ega bo‘lgan leksika tarjimasi muammolarini hal qilishga xizmat qilgan;

ingliz tilida so‘zlararo ma’noviy farqlarni aniqlab, yangi so‘zlarni o‘rgatish jarayonida sinonimiya, antonimiya bilan bir qatorda graduonimiyani ham o‘rgatish muhimligi bo‘yicha amaliy xulosalardan «O‘zbekiston» teleradiokanalining madaniy-ma’rifiy mavzudagi «Bolalar uchun», «Ingliz tili saboqlari» va «Ta’lim va taraqqiyot» radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2016 yil 15 avgustdagi 04-25-1123-son ma’lumotnomasi). Eshittirish uchun tayyorlangan materiallar semantik tahlil orqali aniqlangan ingliz tilidagi sinonimik qatorlar, antonimlar hamda graduonimik qatorlar bilan boyitildi. Dissertatsiyada yangi leksikani o‘zlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar ingliz tilini o‘rganayotgan radiotinglovchilarga so‘zlarning darajalanishi, o‘zaro ma’nodosh hamda kontekstual ma’no yaqinligini hisobga olib o‘rganish qulay ekanligini isbotlashga xizmat qilgan;

qiyoslash kategoriyasi, xususan, til sathlarida uning ko‘rinishlari, uning boshqa kategoriyalar bilan munosabatini aniqlashga oid takliflardan Andijon davlat universitetida bajarilgan OT-F8-057 raqamli «O‘zbek tilini sistemaviy tadqiq etishning metodologik asoslari, metod va prinsiplarini shakllantirish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining FTK-03-13/503-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari til birliklarini sistemaviy tadqiq qilish metod va metodologiyasi asosida hozirgi o‘zbek tili sathlarining sistemaviy tavsifini yaratishda xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish