Nasirov Abduraxim Abdimutalipovichning
doktorlik dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiyasi mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): «Fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi proverbial frazeologizmlarning semantik-stilistik va milliy-madaniy xususiyatlari», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirmatilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: LA № 0000368.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 20.02.2014/V 2014.3-4.Fil148.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Mamatov Abdi Eshonkulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016.Fil.09.01.
Rasmiy opponentlar: Mirzaev Ibodullo Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor; Bakirov Poyon Uralovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Versal` akademiyasi (Fransiya).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi proverbial frazeologizmlarning semantik-stilistik, etnomadaniy xususiyatlarini aniqlash hamda ulardan o‘zbek tilshunosligida foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Dissertatsiyaning ilmiy yangiligi:
fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi frazeologik birliklarning, xususan, proverbial frazeologik birliklarning semantik xususiyatlari, ularning frazeo-semantik maydonlarda joylashishi va kelib chiqish tarixi hamda manbalari (etimologiyasi)ni aniqlash orqali ochib berilgan;
uchta millatning adabiy tili va jonli so‘zlashuv nutqidagi umuman frazeologik birliklarning hamda ularga qiyosan proverbial frazeologik birliklarning okkazional va kontaminatsion o‘zgarishlari, sakkiz xil transformatsiyalanish usullaridan foydalangan holda lingvostilistik xususiyatlari yoritilgan;
fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi milliylik va umumbashariylik xususiyatlari birinchi marta qiyoslangan, uchta til misolida proverbial frazeologizmlar ishtirokida ochib berilgan, etnomadaniy qatlamning ahamiyati aniqlangan;
proverbial frazeologizmlarning xususiyatlari, belgilari, qo‘llanilish miqyosi hamda boshqa tipdagi frazeologik birliklar orasida tutgan o‘rni ochib berilgan, fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi proverbial frazeologizmlarga doir tushunchaviy terminlarning qiyoslanayotgan tillardagi muqobillari topilib, o‘zaro muvofiqlashtirilgan, birinchi marta proverbial frazeologizm termini ostida ishlatilgan;
tadqiqotimizda bayon etilgan umuman xorijiy tillarni, xususan, fransuz va rus tillarini o‘rganish va o‘zlashtirishda lo‘nda, siqiq va qochirimga boy proverbial frazeologizmlardan foydalanishga doir ilmiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Fransuz, o‘zbek va rus tillaridagi proverbial frazeologizmlarning semantik, stilistik va milliy-madaniy xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida ishlab chiqilgan qiyosiy tipologik takliflar asosida:
ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘rganish jarayonida turg‘un birikmalardan foydalanishga doir takliflardan Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi 124-son «Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan va ularning mazmuniga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 12 maydagi 01–02/1–7–150-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar muloqot jarayonida proverbial frazeologik birliklarni umumiy leksik birliklar bilan bir qatorda qo‘llashning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatish orqali iboralar, turg‘un birikmalar ma’nosini tahlil qila olish, kosa tagidagi nimkosa gaplarning ma’nosini uqish, anglash, tarjima qilish va qo‘llay olish strategiyalari va bosqichlarini yoritib bera olishga xizmat qiladi hamda ta’lim muassasalarida chet tillarni yagona yondashuvga binoan tashkil etish asosida ta’lim sifatini oshirishga imkon yaratdi;
fransuz tili leksik fondidan faol proverbial frazeologizmlarni tanlash, ularning o‘zbek va rus tillaridagi muqobillarini topish, o‘zaro o‘xshash va noo‘xshash tomonlarini qiyoslash hamda tadqiqotning amaliy qismi sifatida uch tilli proverbial frazeologik lug‘at yaratishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 12 maydagi 01–02/1–7–150-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar turli tizimli tillarda proverbial frazeologizmlar ishtirok etgan matnlarni anglash, ularni fransuz tilidan o‘zbek va rus tillariga yoki aksincha, o‘zbek tilidan fransuz yoki rus tillariga samarali tarjima qilishga yordam beradi hamda lingvomadaniy mohiyatini ochishga xizmat qiladi;
umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-, 4-, 5-, 9-sinf fransuz tili darslik majmualarini yaratishda foydalanilgan (Hirondelle–1, 1-sinf // T.: O‘qituvchi, 2015, 2016; Hirondelle–2, 2-sinf // T.: O‘qituvchi, 2014, 2016; Hirondelle–3, 3-sinf // T.: O‘qituvchi, 2015; Hirondelle–4, 4-sinf // T.: O‘qituvchi, 2016; Bonjour la France. 5-sinf. T.: O‘qituvchi, 2015; D’un état à l’autre. 9-sinf. T.: Sharq, 2013). Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ushbu darsliklardan, xususan, ular tarkibidagi turg‘un birikmalardan o‘qish, tinglab tushunish, yozish va ularni nutq jarayonida qo‘llagan holda gapirishlari orqali o‘quvchilarda fransuz tilidagi lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi. O‘quvchilar leksik birliklar bilan birga frazeologik birliklarni ham yozma va og‘zaki nutqda qo‘llay olish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.