Mo‘ydinov Nurillo To‘xtarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kollagen va karboksimetilsellyuloza asosida bitishma jarayoniga qarshi kompozisiya yaratish», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: : B2017.3.PhD/K71.
Ilmiy rahbar: Turaev Abbosxan Sobirxanovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Baboev Baxrom Nurullaevich, kimyo fanlari doktori, To‘laganov Abduraxim Abduraxmonovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kollagen va polisaxarid kompozisiyalari asosida jarrohlik plyonka vositalarini olish va ularning biologik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoramol terisidan ishqoriy-tuzli gidrolizlash usulida uch spiral tuzilishini saqlagan kollagen ajratib olishning maqbul gidroliz sharoitlari aniqlangan;
kollagen va polisaxaridlar (Na-KMS, pektin) asosida olingan kompozisiyalarni gliserin bilan plastifikatsiyalab, biologik faol plyonkalar olingan;
kollagen va polisaxaridlar asosida olingan plyonkalarni jarrohlik amaliyotidan so‘ng to‘qimalarning birikishini oldini oluvchi to‘siq vosita sifatida qo‘llash mumkinligi aniqlangan;
kollagen, Na-KMS va gliserin asosidagi kompozisiyaga xlorgeksidin antiseptik preparatini qo‘shish orqali yara bitkazuvchi plyonka olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kollagen va polisaxaridlar (Na-KMS va pektin) kompozisiyalari asosida olingan plyonkalar va ularning bitishmaga, kuyganga va yuz-jag‘ jarrohligida biologik faolliklarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
terini ishqoriy-tuzli gidrolizlash, neytrallash, buferli ekstraksiyalash, ikkinchi marta 60-120 daqiqa davomida gidrolizlash kabi jarayonlari bo‘yicha olingan natijalardan FA-I11-T010 raqamli «Kollagen asosida “GEMOGUBKA” gemostatik qoplamasini ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasida qoramol terisidan ishqoriy-tuzli gidrolizidan tabiiy strukturasini saqlagan kollagen olishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 4 iyundagi 4/1255-1150-son ma’lumotnomasi). Natijada kollagenning suvli massali substansiyasidan “GEMOGUBKA” gemostatik qoplamasini olish imkonini bergan;
kollagen va polisaxaridlar asosida olingan kompozisiyalardan Xitoy Fanlar akademiyasi Sin`szyan fizika va kimyo-texnika institutining “International Science and Technology Center Projects” loyihasida polisaxaridlar asosida kompozisiyalar olishda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi Sin`szyan fizika va kimyo-texnika institutining ma’lumotnomasi). Natijada polisaxaridlar asosida yangi biologik faol kompozisiyalar olish imkonini bergan.