Inoyatova Dilaram Maniglievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistondagi nemis diasporasining tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2017. 1.DSc/Tar8.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Raxbarhon Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti DSc 03/30. 12.2019. Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Xasanov Baxtier Vaxapovich, tarix fanlari doktori; Karimov Baxtiyor Raxmonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jaxon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistondagi nemis diasporasi shakllanishi tarixini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
etnik nemislarning ilk vakillari Turkiston hududiga XV asrda kirib kelgani, o‘lkadagi nemis diasporasining XIX asrning ikkinchi yarmidan shakllanishida ixtiyoriy ravishdagi migratsion jarayonlar katta rol o‘ynagani isbotlanib, ular nemislarning tarixiy vatani – Germaniyadan emas, balki Rossiyaning markaziy rayonlaridan ikkilamchi migratsion jarayonlar oqimi natijasi ekanligi asoslangan;
nemis diasporasining Rossiyadan Turkistonga migratsiyasining siyosiy (nemis elitasi huquqlarining cheklanishi, hokimiyatning oliy doiralarida, “nemislar zo‘ravonligi”ga qarshi choralarning ko‘rilishi hamda ta’lim tizimidagi ruslashtirish siyosati), iqtisodiy (Rossiyada 1870 yillarda amalga oshirilgan islohotlar iqtisodiy imtiyozlarning cheklanishiga olib kelib, qishloq xududlaridagi nemislar o‘z xuquqlari va erlaridan mahrum qilinadi) va konfessional (Rossiyada 1874 yilda qabul qilingan umumiy harbiy majburiyat to‘g‘risidagi Qonun mennonitlar huquqlarini cheklagan va ularning Turkistonga ommaviy ko‘chishiga sabab bo‘lgan) omillari asoslab berilgan;
O‘zbekistonda nemis diasporasi shakllanishi va rivojlanishi uch bosqichni tashkil etib, birinchi bosqich: XIX asr 70 yillarining oxirida ikkilamchi migratsiya oqimlari o‘zanida, asosan Rossiyaning markaziy hududlaridan va kam sonda Germaniyadan kelganlar hisobiga shakllanish (omillari: iqtisodiy va diniy); ikkinchi bosqich: 1920-1930 yillar (omillari: Volga bo‘yidagi ocharchilik va mamlakatdagi kollektivlashtirish siyosati); uchinchi bosqich: 1950-1970 yillar (omillari: fashizmga qarshi urush yillarida Qozog‘iston va Sibirga deportatsiya qilingan nemislarning ko‘chishi, o‘z oilasi bilan birlashish, qulay iqlimiy sharoitlar)larni o‘z ichiga olishi isbotlangan;
etnokonfessional muhitda yashashning yangi sharoitlariga o‘rnashishi turli jarayonlarda yuz berib shaharlik nemislarning moslashuvi qishloqlardagi nemislarga nisbatan birmuncha engilroq va muvaffaqiyatliroq o‘tib, mahalliy aholining qo‘llab-quvvatlashi bois, ijtimoiy hayotning deyarli barcha sohalarda yuqori yutuklarga erishishga imkon yaratganligi asoslangan;
1884 yilda AQShga ko‘chib ketgan mennonitlar 20 oilasining izlari Xiva xonligidan kelib chiqqani aniqlanib, ushbu emigrantlarning avlodlari hozirda Kanzas shtatida yashab kelayotgani hamda ular 2007 yildan boshlab O‘zbekiston bilan faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish jarayonida o‘z ajdodlarining tarixi bilan kengroq tanishish uchun Xorazm viloyatining Yangiariq tumani Oq masjid hududiga doimiy tashrif uchun sabab bo‘layotganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: O‘zbekistondagi nemis diasporasining shakllanishi tarixini o‘rganish jarayonida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida quyidagilar amalga oshirildi:
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi yangi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21-22 yanvardagi Germaniyaga tashrifi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga binoan “Vekovie tradisii drujbi i tolerantnosti uzbekskogo i nemeskogo narodov” nomli monografiya yaratildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatining 2019 yil 19 avgustdagi 07/1-2230-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar keng kitobxonlar, yosh tadqiqotchilarga O‘zbekistondagi nemis diasporasining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga oid ma’lumotlarni berib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch munosabatlarini mutlaqo yangi yuksak pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya va qatag‘on qilingan turli millat vakillari va ularning mahalliy aholi tomonidan iliq qabul qilinishi haqidagi ma’lumotlardan: 1) O‘zbekiston tarixi. – T.: Akademiya, 2010, 472 b.; 2) O‘zbekiston tarixi. - Toshkent: Akademiya, 2011, 472 b.; 3) Istoriya Uzbekistana. Elektronniy uchebnik. - T.: Universitet, 2011, 20,5 p. l.; 4) O‘zbekiston tarixi (Oliy o‘quv yurtlarining nomutaxassis fakul`tet talabalari uchun darslik). – T.: “Fan va texnologiya”, ISBN 978–9943–10. 2011, 23,75 b. l. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 10 avgustdagi 89-03-3588-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, ularni birlamchi manbalar asosida boyitish va ilmiy xulosalarni kengaytirishda qo‘llanilgan. Keltirilgan ma’lumotlar yoshlarni o‘zbekistonlik qahramonlar xotirasini asrab-avaylash, vatanparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda diasporashunoslikning rivoji, millatlararo va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga, yoshlarni faollashtirishga qaratilgan milliy-madaniy markazlar faoliyati to‘g‘risidagi tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasi tomonidan “Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiya” loyihasini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasining 2019 yil 9 avgustdagi 01-09-1686-son dalolatnomasi). Mavzu yuzasidan berilgan ilmiy ma’lumotlar va xulosalar xorijiy davlatlar bilan millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirishga xizmat qilib, turli tadbirlarni o‘tkazishda foydalanilgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida sovet xalqlarining deportatsiyasi, jumladan SSSR XKK va VKP (b) MQning 1941 yil 26 avgustdagi “Volgabo‘yi hududidagi nemislarning ko‘chirilishi to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan nemis xalqining Qozog‘iston va Sibirga deportatsiya qilinganligi, O‘zbekistonga ko‘chirilib keltirilgan 2,8 ming nemislarning Toshkent, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlari qishloq hududlariga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 5 maydagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–861-son Qaroriga muvofiq tarzda davlat muzeyining “1940–1950 yillardagi siyosiy qatag‘onlar” nomli 8-bo‘limini qayta shakllantirishda foydalanilgan (Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2018 yil 24 avgustdagi 179-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur XX asr 40-50 yillaridagi ijtimoiy – siyosiy jarayonlar tarixini chuqurroq o‘rganish va taxlil qilish orqali begunoh qurbon bo‘lgan insonlarning xurmati va xotirasini joyiga qo‘yish, muzeyga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirishdek muhim vazifalarni bajarishga xizmat qilmoqda.
O‘zbek xalqining nemis diasporasiga nisbatan asriy bag‘rikengligi hamda O‘zbekiston milliy siyosati haqidagi dissertatsiya materiallari “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 15 avgustdagi 01-35-1571-sonli ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda mamlakatimizda xavfsizlik, millatlararo munosabatlardagi barqarorlikni ta’minlashda O‘zbekiston hukumatining oqilona siyosati haqida tomoshabinlarda keng taassurot qoldirishdi.