Rejabboev Nurillo Abdulboqievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sovet hokimiyatining Turkistondagi oziq-ovqat siyosati va uning oqibatlari” (1917 – 1924 yy.), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar 98.
Ilmiy maslahatchi: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universtteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar:Rajabov Qahramon Kenjaevich , tarix fanlari doktori, professor; Saidov Ilxom Muxiddinovich tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sovet hokimiyatining Turkistondagi oziq-ovqat siyosatini yuritishi, tahlili, mazmun-mohiyati hamda oqibatlarini ochib berishdan iborat. .
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkistonda oziq-ovqat taqchilligi sobiq sovet hokimiyati uchun Rossiya imperiyasi va Muvaqqat hukumatdan meros sifatida o‘tgan holda bol`sheviklar hukumatining dastlabki yillarida ushbu muammoni kamaytirishda jiddiy sinovlarga duch kelganligi, natijada bu boradagi muammolar harbiy-siyosiy masala darajasida hal qilinganligi aniqlandi;
Turkistonning oziq-ovqat va boshqa mahsulotlari bo‘yicha Markazga qaramligi hududda 1917-1924 yillarda oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini ortishiga imkon yaratib, ammo bu masalada bol`sheviklar markaziy hukumati va uning joylardagi mas’ul vakillarining ilojsizligi va muammo echimi yo‘lida tizimli faoliyat olib borilmagani mintaqada vaziyatning yanada keskinlashuviga olib kelganligi ochib berilgan;
sobiq sovet hokimiyatining Turkistonda oziq-ovqat taqchilligini bartaraf etish uchun turli komissiyalarni tashkil etib, muammoni kamaytirishga harakat qilishi jarayonida ushbu komissiyalar tizimli faoliyat yurita olmaganligi va etarli moddiy ta’minotga ham ega bo‘lmaganligi bois ochlarga ko‘rsatilayotgan oziq-ovqat yordami aholining ma’lum bir qisminigina qamrab olgan bo‘lib, amalda Turkistonning chekka qishloqlari va tog‘, tog‘ oldi hududlaridagi aholining ta’minoti taqdir taqozosiga tashlab qo‘yilganligi aniqlangan;
tashkil etilgan oziq-ovqat otryadlari faoliyati asosan aholi qo‘lidagi g‘alla va boshqa mahsulotlarni tortib olishga qaratilib, oziq-ovqat masalasidagi soliq ishlari og‘ir sharoitda kun ko‘rayotgan aholini yanada talon-taroj qilishga imkon berishi barobarida soliqlarni kamaytirishga qaratilgan sovet hokimiyatining turli qaror va chora-tadbirlari kutilgan samarani bermaganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Turkistonda sovet hokimiyatining oziq-ovqat siyosatiga doir arxiv hujjatlari: sovet hokimiyatining bu boradagi qarorlari, ocharchilikka qarshi kurash komissiyasining tashkil etilishi hamda ushbu komissiya tarkibi va uning bo‘limlarini aks ettiruvchi jadval, oziq-ovqat payoklari, oziq-ovqat taqsimotiga doir hujjatlar va ular asosida olingan ilmiy natijalar Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Tarix” bo‘limi manbalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 25 dekabridagi 01-11-08-8834- sonli dalolatnomasi). Tadqiqot natijalarining qo‘llanilishi sovet hokimiyatining dastlabki yillarida oziq-ovqat muammosi va ocharchilik oqibatlari haqida muzeyga tashrif buyuruvchilarning tasavvurlari hamda tarixiy bilimlarining oshishiga yordam bergan.
Tadqiqot ishida ilgari surilgan ilmiy-nazariy xulosa va natijalaridan 5A120301 – O‘zbekiston tarixi magistratura ta’lim mutaxassisligi uchun mo‘ljallangan “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va tolerantlik”, “O‘zbekiston mustamlaka va sovet mustabid tuzumi sharoitida” nomli maxsus kurslarni tayyorlashda, 2012 yilda hammualliflikda nashr etilgan “Turkistonda ochlarga yordam ko‘rsatish markaziy komissiyasi faoliyati” nomli monografiyada foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 12 aprelidagi 89-03-1394- sonli dalolatnomasi). Unda Turkistonda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, xususan, bol`sheviklarning o‘lkadagi oziq-ovqat muammosi echimida ko‘rgan chora-tadbirlari, shuningdek, o‘lkadan Volgabo‘yi va Uraloldi hududlari xalqlariga ko‘rsatilgan oziq-ovqat va boshqa yordamlar: evakuatsiya va och-qochoq tariqasida kelganlarga boshpana, kiyim-kechak bilan ta’minlashda ko‘rsatilgan saxovat, bag‘rikenglik namunalari ochib berilgan.