Hakimov Abdumuxtor Abduxalimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta Osiyoda bronza-ilk temir davri urbanizatsiya jarayonlari tarixshunosligi (XIX asr oxiri – XXI asr boshlari)”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.1.PhD/Tar249.
Ilmiy rahbar: Eshov Baxodir Jo‘raevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019 Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Maqsudov  Farxod Alijanovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Osiyo qadimgi shaharlari tarixi bo‘yicha to‘plangan bilimlar dinamikasini tahlil etish, mavzuning o‘rganilishi tarixi va arxeologik tadqiqotlarning natijalarini ochib berish, ilmiy yondashuvlar, qarashlar va zamonaviy muammolarni qiyosiy tahlil etishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘rta Osiyoda bronza asri va ilk temir davri urbanizatsiya jarayonlarining o‘rganilishiga oid adabiyotlar va mavjud ilmiy yondashuvlarning nazariy-konseptual mohiyati tahlili asosida muammo tarixshunosligini davrlashtirish masalalariga aniqliklar kiritilgan (jumladan, muammo tarixshunosligi mavjud uch davr o‘rniga to‘rt davrga bo‘linishi isbotlangan) hamda har bir bosqichning mohiyati, ko‘lami va o‘ziga xos jihatlari bilan farqlanishi asoslab berilgan;
Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida mintaqada arxeologik tadqiqotlarning o‘ziga xos xususiyatlari (arxeologiyaning shakllanganligi, biroq, olib borilgan izlanishlar chuqur ilmiy asosga ega bo‘lmay, aksariyat olimlar o‘rta asr yozma manbalari ma’lumotlariga asoslanganligi, shuningdek tadqiqotlar asosan nisbatan keyingi davrga oid yodgorliklar hududida olib borilganligi), XX asrning 20-30-yillariga kelibgina O‘rta Osiyo arxeologiyasi ilmiy-uslubiy jihatdan shakllanganligi va dastlabki yirik arxeologik ekspedisiyalar tashkil etilganligi ko‘rsatib berilgan;
sovet davrida mintaqada olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida qadimgi shaharlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixiga doir turli ilmiy qarashlar, nazariyalar va yondashuvlar vujudga kelganligi (xususan, 1970-1980 yillardagi  arxeologik tadqiqotlarda mintaqa hududida  bronza asri va ilk temir davriga oid katta shaharlar mavjudligi o‘z isbotini topganligi, bungacha esa faqat shahar manzilgohlari bo‘lganligi faraz qilinganligi) asoslangan;
mustaqillik yillarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ochilgan manzilgohlar, qo‘hna shaharlar va ulardan olingan topilmalar asosida O‘zbekistondagi dastlabki shahar va shahar ko‘rinishidagi markazlar hamda manzilgohlarning rivojlanishi muammolariga aniqliklar kiritilganligi (jumladan,  bronza – ilk temir davriga tegishli eng qadimiy shahar Surxondaryoning Sherobod tumanidagi Jarqo‘ton yodgorligi ekanligi) asoslab berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
XIX asr oxiri – XXI asr boshlari tadqiqotlarida bronza va ilk temir davri O‘rta Osiyo urbanizatsiyasi  bo‘yicha  ilmiy xulosa va takliflar asosida:
XIX asr oxiri – XXI asr boshlari tadqiqotlarida bronza va ilk temir davri O‘rta Osiyo shaharlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga oid ilmiy natija va xulosalardan O‘zbekiston respublikasi fanlar Akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar institutida bajarilgan A1-FA-0-19793 “O‘zbekistonning qadimgi dehqonchilik madaniyatlari va ko‘chmanchi chorvadorlar dunyosi: mil.avv. III – milodning I ming yilliklari boshlarida o‘zaro aloqalar va ta’sirlar muammosi” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining  2018 yil 15 oktyabrdagi 3/1255-2712-son ma’lumotnomasi). Bu esa O‘rta Osiyoning bronza va ilk temir davri shaharlari tarixining  o‘rganilishiga oid ma’lumotlarni kengaytirish, turli davrda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijalarini keng yoritish imkonini bergan;
O‘rta Osiyoni bronza va ilk temir davri shaharlarining shakllanishi va taraqqiyotiga oid ilmiy g‘oyalar va xulosalaridan  Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Bronza davri shaharlari”, “Eng qadimgi davrda davlatchilik” mavzuidagi ekspozision rejalarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 20 iyundagi 01-11-08-4311 son ma’lumotnomasi). O‘zbekistondagi qadimiy shaharlarga doir ma’lumotlar muzey ekspozisiyasini  boyitishga hamda muzeyga tashrif qilgan tomoshabinlarning O‘zbekistonning ilk shaharlari borasidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish