Sharipov Avez To‘ymurodovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Mahalliy xomashyolar asosidagi oltingugurt saqlovchi dori vositalarni ishlab chiqish va standartlash»,
15.00.02 – Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /katta ilmiy xodim-izlanuvchi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Far26.

Ilmiy maslahatchi: Aminov Sabirdjan Nigmatovich, kimyo fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, 14.07.2016.Far.21.01.

Rasmiy opponentlar: Dusmatov Aziz Fayzamatovich, farmatsevtika fanlari doktori; Urmanova Flyura Faridovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Raxmonberdieva Ra’no Karimovna, kimyo fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

   II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy o‘simlik xomashyosi – osh piyoz (Allium cepa L.) asosida gemoreologik xossaga ega dori substansiyasi va shaklini yaratish, tozalangan oltingugurt substansiyasini va dori shakllarini olish hamda standartlash usullarini ishlab chiqishdan iborat.

    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

birinchi marta O‘zbekistonda o‘sadigan piyoz (Allium cepa L.) navlarining kimyoviy tarkibi, jumladan oltingugurt saqlagan organik birikmalari, ularning to‘planish dinamikasi aniqlangan;

antiagregant, antikoagulyant preparat «Alltrombosepin»ni olish uchun piyozning turli navlarini fermentatsiyalash sharoiti va usullari yaratilgan;

oltingugurt saqlovchi xomashyo va dori vositalarining sifatini nazorat qilish uchun spektrofotometrik tahlil usuli ishlab chiqilgan;

birinchi marta texnik oltingugurtni tozalashning adsorbsion usuli ishlab chiqilgan va uning mexanizmi nazariy asoslangan;

tozalangan oltingugurtning «mezbon-mehmon» tizimi bo‘yicha β- va γ-siklodekstrinlar bilan supramolekulyar birikmalari sintezlangan;

tozalangan oltingugurt sirt-faol moddalar ta’sirida yuqori dispers holatiga keltirilib, uning ta’sirini oshirish mumkinligi tajribalarda aniqlangan.

    IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Tarkibida oltingugurt saqlovchi dori vositalarini ishlab chiqish, sifat nazorati va standartlash usullarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

texnik oltingugurtdan tozalangan oltingugurt olishning adsorbsion usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti (26.11.2008 y. № IAP 03824) olingan.

oltingugurtning yangi dorivor shaklini olishga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti (20.08.2016 y. № IAP 20120398) olingan. Ilmiy tadqiqot natijasida olingan supramolekulyar birikma yallig‘lanishni samarali davolash imkonini berdi;

ishlab chiqilgan preparatlar Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi ro‘yxatiga olingan («Alltrombosepin» № DV/M 00913/07/16; «Alltrombosepin kapsulalari 100 mg» № DV/M 00914/07/16). Ilmiy tadqiqot natijasida olingan dori vositasi yurak ishemik kasalliklarini oldini olish va davolash imkonini bergan;

dori vositalarining korxona farmakopeya maqolalari «Alltrombosepin» substansiyasi (KFM 42 Uz-22175941-2908-2016) va «Alltrombosepin kapsulalari» (KFM 42 Uz-22175941-2909-2016) tasdiqlangan;

«Alltrombosepin» substansiyasi va kapsulalari «Remedy Group» qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. «Alltrombosepin 100 mg kapsulalari»ni ishlab chiqarish xorijdan import qilinadigan antiagregant dori preparatlarining o‘rnini bosadi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish