Odilov Yorqinjon Raxmonalievichning
doktorlik dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «O‘zbek tilida enantiosemiya», 10.00.01 – O‘zbek tili. O‘zbek adabiyoti.
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /doktorantura bosqichini o‘tagan/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Fil.198.
Ilmiy maslahatchining familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi 08.06.2016. Fil.33.01raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor; Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: enantiosemik birliklarning lisoniy va nutqiy jihatlarini, leksik sathdagi o‘rnini shaxs omili asosida aniqlash, leksik va frazeologik enantiosemiyaning turlari hamda namoyon bo‘lish xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
enantiosemiyaning bir til birligi ma’nolari o‘rtasida yuzaga chiqadigan yangi ziddiyat turi, polisemiyaning maxsus ko‘rinishi ekanligi, o‘zbek tilining turli taraqqiyot davrlarida mavjud bo‘lgani, adabiy til va sheva munosabatida ham kuzatilishi isbotlangan;
tilning tabiiy rivojlanish qonuniyatiga mos ravishda enantiosemiyaning asosan nolisoniy, qisman lisoniy omillar bilan yuzaga kelishi aniqlangan; bu hodisaning lisoniy mexanizmini ma’no taraqqiyoti harakatlantirib turishi asoslangan;
o‘zbek tilida enantiosemiyaning antonimiya, omonimiya, ironiya, antifrazis kabi hodisalar bilan o‘xshash va farqli tomonlari, nutqiy namoyon bo‘lish yo‘llari ochib berilgan;
leksik va frazeologik enantiosemiyaning lisoniy tabiati aniqlanib, turlari tavsiflangan hamda turlararo o‘ziga xosliklar ochib berilgan;
enantiosemiyaning yangi turi sifatida paralingvistik enantiosemiya termini va tushunchasi tatbiq qilingan, bu tur enantiosemiyaning lisoniy tabiati, lingvokul`turologik, etnolingvistik xususiyatlari aniqlangan;
lisoniy birlikning zid ma’nolar kasb etishi insonning o‘zidan, uning kognitiv faoliyatidan ajralgan holda ro‘y bermasligi, zid ma’nolar tilning tabiiy taraqqiyot qonuniyati ekani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Enantiosemiya hodisasining lisoniy va nutqiy jihatlarini ochib berish jarayonidama’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
enantiosemik birliklar semantik strukturasi yuzasidan asoslangan nazariy xulosalar, hozirgi o‘zbek tilidagi 30 dan ortiq so‘z(ajr, gumondor, yotmoq, zot, kurort, kutmoq, ko‘tarmoq, millatchi, pesh kabi), 20 ga yaqin frazeologizm(bosh irg‘amoq, nomi chiqmoq, oti chiqmoq, qarz bermoq kabi)ning yangi aniqlangan ma’nolari va ularni dalillovchi illyustrativ misollari hamda leksikografik talqinlari lotin yozuvidagi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining FTK-0313/405-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan;
eski o‘zbek tilida qo‘llangan 30 dan ortiq enantiosemik so‘z va ibora(basir, qo‘pormoq, xasm, ruju(’), taryok, g‘araz, dudi chiqmoq, ko‘zi uchmoq, ot chiqarmak, til chekmak kabi)ning ma’noviy xususiyatlari, leksikografik izohlari, dalillovchi faktik materiallar «Alisher Navoiy asarlarining izohli va frazeologik lug‘ati» (2012–2014 yy.)ni yaratishda foydalanilgan. Natijada lug‘at birliklarining ma’nolari ortgan, izohlari to‘ldirilgan, illyustrativ misollari ko‘paygan;
Pirimqul Qodirov asarlarida ishlatilgan 50 dan ortiq enantiosemik birlik(bemahal, bosh, boshqorong‘i, bosh irg‘amoq, zot, ijara, nasl, saroy, fotiha, xiyla kabi)ning tadqiqot natijasi sifatida chop etilgan lug‘atdagi leksikografik izohlaridan Artvin Ҫoruh universiteti (Turkiya) №:2013.S23.02.15. «Pirimkul Kadirov’un Romanlari Üzerine Bir Inceleme» loyihasida foydalanilgan (Artvin Ҫoruh universitetining 27.07.2016–E.3545-son ma’lumotnomasi);
tadqiqot natijasi sifatida olingan xulosalar dunyo lug‘atchilik tajribasida ilk leksikografik ishlardan biri sifatida tayyorlangan «O‘zbek tili enantiosemik so‘zlarining izohli lug‘ati»ga joriy qilingan va unda 300 dan ortiq so‘z va frazeologizmning qarama-qarshi ma’nolari izohlab berilgan. Mazkur lug‘atdan fan va ta’lim tizimida so‘zning semantik strukturasi, antonimiya, omonimiya va polisemiya kabi hodisalarni o‘rganishda foydalanilmoqda.