Yakubjanova Dilfuza Kodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mashina-traktor agregatlarining osma tizimlari harakatining modellari va boshqarish algoritmlari», 05.01.02–Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/T42.
Ilmiy rahbar: Azimov Baxtiyor Magrupovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor; Xodjaev Shuxrat Tolibovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxta terish mashinasi va uning terish apparatlari osma tizimlarini turli sharoitdagi harakatining modellari va optimal boshqarish algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli harakat sharoitida paxta terish mashinasining gorizontal tebranishlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
turli harakat sharoitida paxta terish mashinasi va uning terish apparatlari osma tizimini vertikal tebranishlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
turli harakat sharoitida paxta terish mashinasining gorizontal tebranishlarini optimal boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
turli harakat sharoitida paxta terish mashinasining vertikal tebranishlarini optimal boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
paxta terish mashinasi va uning terish apparatlari osma tizimining parametrlarini optimallashtirish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Paxta terish terish mashinasi harakatini tadqiq etish maqsadida yaratilgan matematik modellar, algoritmlar va dasturiy majmualar asosida:
paxta terish mashinasi harakatini optimal boshqarish va paxta terish mashinasi terish apparatining osma tizimi konstruksiyaviy parametrlarini maqbullashtirish modellari va algoritmlari «Traktor» MKB UKda joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 23 maydagi 33-8/3586-son va O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrosanoatxolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/86-son ma’lumotnomalari). Natijada texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash va loyihalash jarayonida natijalarni qayta ishlashni avtomatlashtirish imkonini bergan;
turli harakat sharoitida paxta terish mashinasining parametrlarini maqbullashtirish modellari, algoritmlari va dasturiy vositalari «KTSSM» MChJda joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 23 maydagi 33-8/3586-son va O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrosanoatxolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/86-son ma’lumotnomalari). Natijada paxta terish mashinasi terish apparati osma tizimlarining ishlash aniqligi va ishonchliligini oshirish va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini bergan. Shuningdek paxta terish mashinasi va terish apparatlari osma tizimlarini loyihalash vaqtini minimallashtirish va parametrlarini tezkor aniqlash ta’minlangan.